20:30 / 14.08.2018
5 012

Farhod Saidov: «Xonim sotuvchi ayolni hech unutolmayman...» (intervyu)

Farhod Saidov: «Xonim sotuvchi ayolni hech unutolmayman...» (intervyu)
Milliy estrada yo‘nalishida samarali ijod qilib kelayotgan izlanuvchan, serqirra san’atkor Farhod SAIDOVning qo‘shiqlarini kattayu kichik birdek sevib tinglaydi. U bilan suhbatimiz maroqli o‘tdi.

— Siz xonanda, sozanda, boshlovchi, bastakorsiz. Bularning har birini maromiga yetkazyapman, deya olasizmi?

— Menga bildirilgan bu ta’riflarning hammasi san’atga daxldor. Ular bir-birini to‘ldiradi, bir-biriga kerak. Agar men bir vaqtning o‘zida ham shifokor, ham san’atkor yoki hunarmad bo‘lganimda edi, bir nechta quyonning ortidan quvyapsiz, deyishsa o‘rinli bo‘lardi. Aslida, bolaligimdan san’atga mehrim baland. To‘rt yoshda qo‘shiq kuylay boshlaganman.

— Doira chalishni ham o‘rgangan ekansiz, shundaymi?

— Ha. Esimda, meni stulga chiqarib qo‘yib qo‘shiq ayttirishardi, «Qo‘ng‘iroqdek ovozi bor-a» deyishardi. 1-sinfga 6 yoshdan chiqqanman. Maktabda o‘qituvchilarimiz o‘rgatgan qo‘shiqlarni tadbirlarda kuylab berardim. 5-6 yoshimda «Bog‘imda gullar chaman, men gullarni quchaman»ni yaxshi ko‘rib aytardim. Keyinroq Ortiq Otajonovning qo‘shiqlarini kuylay boshladim. 10 yoshimda Glier nomidagi musiqa maktabiga o‘tdim, «Bulbulcha» bolalar xor jamoasida qo‘shiq kuyladim. Xorda 1, 2, 3, 4-ovoz bo‘ladi. Shermat Yormatov xohlagan ovozda kuylayver, senga mumkin, derdilar. Oradan vaqt o‘tib, O‘zteleradiokompaniya qoshida tashkil etilgan o‘smirlar xoriga bordim.

— Xonandalikka qiziqishingiz baland bo‘lgan ekan. Ammo ko‘pchilik sizni sozanda sifatida biladi.

— Buning o‘ziga yarasha sabablari bor. To‘rt yoshda musiqiy sanog‘i qiyin bo‘lgan «Kuygay» qo‘shig‘ining usulini chalib ko‘rganman. Ashulada to‘rtu to‘rt, uchu uch sanog‘i almashib keladi. O‘sha kezlardasanoqni bilmay turib, eshitish qobiliyatim bilan kuyni doirada binoyiday chalganman.

— Soz chalishga qancha vaqt ajratasiz?

— Odatda, kuniga ikki soat davomida soz chalaman. Haqiqiy sozanda bo‘lish uchun tinimsiz mashq qilish kerak. Konservatoriyani bitirganimga 20 yildan oshdi. Cholg‘udan uzoqlashishim ham mumkin edi. Lekin kuniga ikki soat barmoq yurgizadigan mashqlarni bajarmasam nimadir kamdek tuyulaveradi. Safardamanmi, mashinada ketyapmanmi, tadbirda bo‘lamanmi, ko‘nglim istab qolsa, albatta, soz chalaman. Bir oyda 3-4 kun «progul» bo‘ladi, xolos.

— To‘ylarda faqat jonli kuylaysiz. Hamma qatori fonogrammadan foydalansangiz ham bo‘ladi-ku?

— (kulimsirab) Deyarli 30 yildan buyon jonli ijroda kuylayman. Yigirma yillik mashaqqatli mehnatimdan nega voz kechishim kerak? Bundan o‘n yil oldin sozandalar hech kimga kerak bo‘lmay qolgandi. Fonogramma avjiga chiqdi. Biroq bugunga kelib vaziyat boshqacha. Jonli ijroga talab ortib boryapti.

— Agar hayotingiz haqida kitob yozguday bo‘lsangiz, qaysi voqeani asarga kiritgan bo‘lardingiz?

— Hayotim davomida uchratgan bir qahramonim bor – Ozoda opa. Olloh rahmatiga olsin, u bilan opa-uka tutingan edik. 90-yillar, men talabaman, Ozoda opa esa bozorchada xonim sotardi. Do‘stim bilan o‘qishdan qaytayotganimizda Ozoda opa bir guruh ayollar bilan birga xonim sotib o‘tirardi. Tog‘oralar tagida ko‘miri bo‘lgani uchun xonimning ustidan bug‘ chiqib turardi. Cho‘ntagimizda bir so‘m yo‘q, lekin sotuvchi ayollar yonidan “Bu necha pul, manavinisi-chi”, deya o‘tib ketardik. Har zamonda biror sotuvchi ushatilganidan qo‘limizga tutib manavindan yeb ko‘ring derdi. Bu bizning baxtimiz bo‘lardi. Har kuni shu holat, to‘yib yeyishga sharoit yo‘q.

Bir kuni Ozoda opa «Voy mani indiyskiy bolalarim, kelinglar», deb iliq qarshiladi. Oltita xonimni o‘rab bizga berib yubordi, pul ham so‘ramadi. Xonimni uyga borgunimizcha uchta-uchtadan yeb bo‘ldik. Shu-shu opa deyarli har kuni bizni xonim bilan siylaydigan bo‘lib qoldi, bizga mehri tushdi. Mabodo, bormay qolsak, xavotir ham olardi. Bir marta opaning o‘zi kasal bo‘lib qolib, ishga chiqolmadi. Ijarada turgan uyimizning balkonidagi supacha tagidan sellofanda eski makaronni topib olib, uni tuzsiz suvda pishirib yedik. Ozoda opa tuzalib chiqqanidan so‘ng har oyda bir marta uylarida bizni mehmon qiladigan bo‘ldi. Bir kuni yana nimadir bo‘lib och qoldik va yarim tunda Ozoda opaning uyiga bordik. «Opa, uyga mehmonlar kelib qoldi, bozor qildik. Lekin hech qayerdan non topolmadik. Iloji bo‘lsa 2 dona non berib turing», dedik. Vaholanki, uyimizga mehmon kelmagandi. Ular ko‘zimizga bir qarab vaziyatni tushundilar. «Hozir, to‘xtab turinglar», dedilar-da, 2 ta katta qog‘oz xaltani to‘ldirib chiqdilar. Ichida meva-cheva, pishiriq, chuchvara, somsa, xullas, nozu ne’matlar bor edi. O‘shanda qanchalar suyunganimizni tasavvur qilolmaysiz. Oradan fursat o‘tdi, bizning ishlarimiz ko‘paydi, o‘zimiz bilan o‘zimiz ovora bo‘lib ketdik. Avvaliga oyda bir, keyin ikki-uch oyda Ozoda opani sovg‘a – salom bilan yo‘qlaydigan bo‘ldik. Uylanganimizdan keyin oilamiz bilan o‘ralashib yodimizdan chiqardik.

Bir kuni xiyobonda bolalarimni aylantirib yurgandim. Bir ayol kelib, quchoqlab, yuzlarimdan o‘pib ko‘rishdi va «Meni taniyapsizmi?» deb so‘radi. Hayron tikilib turganimni ko‘rib «Ozoda opangizning yonlarida xonim sotib o‘tirardim», dedi. «Ey, shuning uchun ko‘zimga issiq ko‘rinibsiz-da, yaxshimisiz? Opam yaxshimilar?», desam, «Eshitmabsiz-da, opangiz vafot etdi», dedi. Shu so‘zlarni eshitib, yig‘lab yubordim. Ozoda opani oxirgi manzilga kuzatolmaganim uchun o‘zimdan xafa bo‘lib ketdim. Shunday muruvvatli, mehribon ayollar ko‘paysin, deya doim duo qilaman.

— Farzandlar tarbiyasida ko‘proq nimaga e’tibor qaratasiz?

— Uyga kelganimda suv kranini burashning ham qoidasi bor, deb bilaman. Qattiqroq burasangiz rezinasi yeyiladi. Kranni burayotganimda shuning ehtiyotini qilaman. Ovqatlanishga o‘tirganimizda, avvalo, kecha olib kelingan nonni yeyman. Chunki ro‘zg‘orga kerakli narsalar, ignadan tortib quruq choygacha peshona teri evaziga keladi. Farzandlarimga ham mana shularni qadrlash va ehtiyotlash haqida ko‘p gapiraman.

Hozirgi bolalar bitta xonaga qamalib olib, 5-6 soat vaqtini telefonda o‘tkazadi. Do‘sti bilan ham internet orqali muloqot qiladi. Men buni fojia deb bilaman. Shu bois farzandlarimga telefonda muloqot qilishga ruxsat bermayman. Ko‘chada odob-axloqqa, muomalaga rioya etishlarini so‘rayman.

— Repertuaringizdagi «Kiyikmi bu?» qo‘shig‘ingiz juda ommalashgan. Bunday natijani kutganmidingiz?

— Yo‘q. Sababi, har ne hodisaning chevari Alloh. Bu qo‘shiqni kayfiyat ko‘taradigan qiziq tarona ekan deb kuylaganman. U mashhur bastakor Musaxon Nurmatov musiqasi bilan yaratilgan. Odatda, bastakorning yonida yangi qo‘shiq eshitib ko‘rsam, uning qandayligini his etmayman. Ijodxonamda 3-4 marta qayta-qayta eshitib ko‘rib, keyin javobini aytaman. Bundan tashqari, san’atdan xabari yo‘q kishilarga eshittirib ko‘raman. O‘sha qo‘shiqni ham shunday tanlaganman.

— Masalan, kimlarga eshittirasiz?

— Turmush o‘rtog‘imga. Agar u “Bo‘lmaydi!” desa, haqiqatan, ming harakat qilayin aytganidek bo‘ladi. “Xudo xohlasa bomba qo‘shiq, bu”, desa shu qo‘shiq juda ko‘pchilikka manzur bo‘ladi. (kuladi) Men uni hazillashib “degustatorim” deyman. Rafiqam tibbiyot xodimi, lekin qo‘shiqni yaxshi tushunadi.

— Mutolaani yoqtirishingizni bilamiz. Qaysi asar sizni nihoyatda hayratga solgan?

— Adashmasam, 5-6 sinf o‘quvchisi edim. Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonini bir oyda 6 marta o‘qib chiqqanman. Dostondagi Mehinbonu obrazi meni hayratga solgan va yig‘latgan. U Shirinning tirik qolishi uchun o‘z go‘zalligini beradi va butun umr pardada yuradi. Yana “Go‘ro‘g‘li” dostonini ham qayta-qayta o‘qiganman. Hozir Mashrab devonini, “Ming bir kecha” asarini imkon bo‘lganda mutolaa qilaman. Uyda kichik kutubxonam bor.
MOHINUR suhbatlashdi.

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Farhod Saidov: «Xonim sotuvchi ayolni hech unutolmayman...» (intervyu)