16:08 / 15.08.2018
10 230

Shuhrat Daryoning armon bo‘lgan sevgisi haqida

Shuhrat Daryoning armon bo‘lgan sevgisi haqida
KUYLAYoTGAN DARYo


Ko‘hna bitiklarda aytiladiki, inson tanasi yaratilganida jon unga jo bo‘lishni istamagan ekan. Shunda ajib kuy yangrab, jon jismga qanday kirganini bilmay qolgan ekan. Hislarni mavjlantiradigan kuy noxos chalinsa, jonda o‘sha to‘lg‘oqlar lazzatini tuyamiz. Olamning avvali – so‘z kuyga birikib, huzurbaxsh qo‘shiq yaraladiyu, odam bolasining jon tomiriga tutashadi. Umrida bir marta bo‘lsin qo‘shiq aytmagan topilmasa kerak. Ishlasak, yursak, quvonsak, g‘amga botsak dimog‘imizda o‘zimiz suygan, ruhimizga manzuri aylanaveradi. Lekin qo‘shiqni hayoti mazmuni deb bilgan, kuylaganida tinglovchini entiktiradigan, o‘ynatadigan, o‘ylatadigan san’at ahli borki, ularni qayta-qayta tinglashga ko‘ngil ehtiyoj sezaveradi. Shuhrat Daryo shunday san’atkorlardan.

“Eslatar”, “So‘zlasa”, “Yig‘lamang”, “Ko‘ylaklari bilan cho‘milgan qizlar”, “Oqqushlar”, “Kapalak”, “Maylimi?”, “Lolaqizg‘aldoq”, “Gulijon”, “Qor” kabi diltortar taronalari esa necha yil o‘tsa ham oxori to‘kilmaydigandek, taftini yo‘qotmaydigandek, go‘yo. San’at shunisi bilan san’at, asli.

– Ijodkor uchun tasavvur kengligi juda muhim. Tasavvur qanchadan-qancha buyuk asarlarga, o‘lmas durdonalarga boshpana bo‘lganini tarix isbotlagan. Bolalik pallasi esa cheksiz xayolotning ham ibtidosi, ham intihosi. Bolaligingizning eng edsda qolgan lahzalari?

– Qashqadaryoning Kitob tumanida tug‘ilganman. Bolalik deganda daryo buyida bo‘lam (amakimning o‘g‘li) Ziyodulla bilan o‘tgan kunlarim ko‘z oldimdan o‘taveradi. Baliq tutardik, cho‘zma otardik, Ziyodullaning qo‘y va qoramollarini boqardik. Xudo bergan kuni daryoda cho‘milardik. Onam xavotirlanib, daryoga borma derdilar. Maktabda “a’lochi” bo‘lganman. Daryoga borish uchun o‘qishdan kelardim-da, shartta-shartta uy ishlarini bajarib, ko‘chaga otilardim. “Gunohim” uy yumushlari bahona kechirilardi.

– Daryoning o‘ynoqi va mayin taronalari qo‘shiqlaringizga ko‘chib o‘tgandek…

– “Daryo” taxallusini ham bekorga tanlamaganman. Niyatim – qo‘shiqlar daryosini yaratish. Buning uchun irmoqlar, ya’ni izdosh shogirdlar ham kerak, albatta. G‘aming oshsa, daryoga bor, degan gap bekorga emas. Daryo odamni ovutadi, ko‘ksidagi jamiki olov taftini pasaytiradi, o‘ylantiradi, yuragiga quloq solishga, ertasiga bamaylixotir nazar solishga o‘rgatadi. Uning qudrati oldida biz zarramiz, xolos.

– Shuhrat Daryoni yaqindan taniganlar uni xushmuomala, hammani teng ko‘radigan, doim xushkayfiyatda yuruvchi deyishadi. Bu xaraktermi yoki ijodiy kayfiyatni saqlab turish uchun yozilmagan qoidami?

– Odam o‘zini o‘z fikriga ko‘ra tartibga soladi. Ta’sirchanman. Ba’zan o‘ta rahmdilligim tutib ketadi. Lekin biroz tavakkalchiligim ham bor. Ijodkor mehnati naqadar mas’uliyatli ekanini bilaman, lekin o‘zimni atayin shunday tutishga, tilda boshqa, dilda boshqacha yurishga nafrat bilan qarayman. Inson o‘z holicha, borini yashirmay, qisinib-qimtinib, kimlargadir yaltoqlanib emas, boshini baland ko‘tarib, mag‘rur yashasagina yutadi.

– Siz uchun ijoddan ham ustun narsalar bormi? Nima sizni ijoddan to‘xtashga majbur qila oladi?

– Bu haqida jiddiy o‘ylashim uchun mutolaa menga ko‘makchi. Emil Zolyaning “Ijod” asarini o‘qigach, men uchun oila ijoddan-da muhimligini, Erix Mariya Remarkning “Uch og‘ayni”sidan so‘ng hayotim do‘stlarimsiz mazmunsizligini tushundim.

– Nazarimda, ishqgina san’atkorni otashin kuylashga, chin qo‘shiqlarni yaratishga undaydi. “Dilda darding bo‘lmasa, sardaftarimni kavlama”, deb bekorga aytmagan shoh Mashrab ham. Sevganmisiz?

– Sevganman! Talabalik davrida otashin muhabbat kaminadan so‘ramay ko‘ngilga kirib kelavergan. O‘shanda she’r ham yozardim. Ishq alangasida sovchi ham jo‘natdim. Otasi keskin rad etdi. Qaysarligimni bilib, boshqa institutga o‘qishini ko‘chirtirdi. Onam Qashqadaryodan Toshkentga kelib: “O‘g‘lim, hammasi taxt, qiz rozi, faqat kelish qoldi, deganding-ku!” deb quruq qo‘l bilan qaytib ketdilar. Taqdir ekan, buning uchun birovni ayblash noto‘g‘ri. Lekin sevgi sinovlaridan oldin ham qo‘shiq aytardim, aytganda ham jo‘shib aytardim.

– Eshitishimcha, mutaxassisligingiz tibbiyot xodimi ekan. Lekin “bemor”laringiz tinglovchilar. San’atga mehr shifokorlikdan ustun keldimi?

– 2004 yil professional qo‘shiqchilar tanlovida oliy o‘rinni egallaganimda shifoxonada ishlardim. Ishga borsam, kasbdoshlarim hazil aralash: “Bu yer seni joying emas, sen san’at uchun tug‘ilgansan”, – deb xonaga kirgizishmagan. Turmush o‘rtog‘im ham shifokor edi. Unga: “Ikkalamiz ham shifokor bo‘lib, nima qildik? Men san’at bilan shug‘ullana qolay”, – dedim. Qolaversa, qo‘shiq mening borlig‘imga aylandi. Can’atning, ohangning ohangrabosiga sehrlanib qo‘shiqlar ortidan ergashib yashayapman. San’atning sehri ruhimni maftun etdi.

– San’atkor ham, shifokor ham ustozlar sabog‘i bilan professionallikka erishadi. San’at yo‘lida sizga kim yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan?

– Ustozim Mansurjon Mamirov ilk bor studiyaga yetaklagan. Qo‘shiqni ikki oy pishitib keyin yozardik. Ahmadjon Dadayev musikasi bilan “Umidim koldi” qo‘shig‘ini yozganmiz. Ustozim studiyada duo qilib turganlar. Ustoz haqida o‘ylaganda ko‘z oldimda shu holat gavdalanaveradi. Qo‘shiqchilik san’atimizda ulkan maktab yaratgan ijro egalari bisyor. Ularning barchasi – mening ustozim. Misol uchun, “O‘rtar”(Murodjon Ahmedov), “Mustahzod” (M.Uzoqov), “Ra’no” (B.Zokirov), “So‘lim” (O.Alimaxsumov) kabi milliy ohanglarga boy go‘zal asarlarni ko‘plab keltirish mumkin. Ulardagi ijro meni maftun etgan. Bu qo‘shiqlarning o‘zini ham ustoz deyishga loyiq deb bilaman. Shu bilan birga bugunga kelib meni ham ustoz deguvchilar bor. Bundan xursandman. Shogirdlarim turli tanlovlarda g‘olib bo‘lishganda boshim osmonga yetadi.

– Xiva xoni Muhammad Rahimxon Feruz bir farmon imzolagan ekan. Farmoni oliyda keltirilishicha, kimda kim katta ashulalarni ijro vaqti buzib aytsa, darra bilan jazolangan va qo‘shiq kuylash ularga man etilgan. Bugun ashulani buzib aytish tugul, jonli kuylashning o‘zi kamnamo bo‘lib qoldi…

– Albatta, bu achinarli hol… Jonli ijroda konsert berish “olamshumul voqea, katta jasorat” deb baholanadigan zamonda yashayapmiz. Sozandalar haqida ham xulosa shu. Bitta professional sozanda yetishib chiqishi uchun kamida o‘ttiz yil kerak. Ularni qo‘llab-quvvatlash negadir e’tiborimizdan chetda qolayotir. Kompyuterning beminnat ko‘magi bilan quroq qo‘shiqlarni ulab-ulab, uch-to‘rt davrada og‘zini qimirlatib, o‘zidan “yulduz” yasab olayotganlar qancha! Bir zamonlar ustozlarimizning sinchkov nigohi, beayov tanqidi sabab ashulalarimizni qayta-qayta muhokamadan o‘tkazib, so‘ng aytardik. Ehtimol, nazoratning yo‘qligi, tanqidning kamayayotgani bemaza qo‘shiqlarning ko‘payishiga tagzamindir.

Yiliga ”Xalqlar do‘stligi” (oldingi “Istiqlol”) san’at saroyida jonli ijro bo‘yicha ikkita festival o‘tkazilsa ham haqiqiy iste’dodlarni aniqlash mumkin. Bunga qo‘shib sozandalar uchun ham tanlov, festivallar tashkil etilsa, muammolarimiz soni salga kamayarmidi… Oxunjon Madaliyev, Muhriddin Xoliqov, G‘iyos Boytoyev kabi ustozlarimiz bir festivalda xalqqa tanilgandi. Hozir esa faqat chet elda tanilib kelganlarni tan olamiz. O‘zim ham shunday tanlovlarda yo‘limni topganman. 2004 yili muallif qo‘shiqlar festivalida gran prini olgandim.

– Odamlardan qachon xafa bo‘lasiz, nimalar sizni ranjitadi… Hayotda, san’atda?

– Odamlardan emas, ularning xatti-harakatlaridan ranjiyman. Bugun ko‘pimiz teatr, jonli konsertlarga bormay qo‘ydik. Aksarimiz Rossiya telekanallaridagi shoularni tinmay ko‘rganimizdan rus artistlarini ko‘kka ko‘taramizu, yonimizdagi iste’dodga shubhalanib qaraymiz. Ko‘pchilikka noma’lum san’atkorlardan Alijon Eshonqulovning “Mening bu dunyoda keragim o‘zing” degan qo‘shig‘ini takror-takror tinglayveraman. Asl iste’dod! Ammo u na radioga, na televideniyega kiritiladi. Bunday qo‘shiqlar ko‘p, biroq ularni suyaydigan qo‘llar sanoqli.

– Bugun muxlislaringiz qatori ko‘pchilik san’atkorlar ko‘nglidan ham joy olib ulgurgansiz. Ammmo Shuhrat Daryo kimni qo‘shiqlarini tinglashi bizga qiziq…

– Zamondoshlarimizdan Yulduz Turdiyevani ko‘p eshitaman. Qo‘shiq kuylaganda butun vujudi bilan ko‘ylaydi. Borlig‘i qo‘shiqqa aylanadi.

– Ayol deganda ko‘z o‘ngizda qanday inson keladi?

- Men ayol deganda ma’suma, xushfe’l, orasta va ozoda ko‘zi ham so‘zi ham mehrga to‘la, doimo o‘ziga rom etuvchi latofatini avaylab, dunyoni go‘zallikka to‘ldirib tashlayman degan g‘ayratni his ettiradigan Hazrati ayolni tushunaman. Payg‘ambarimiz ayollarni e’zozlashga ularning haqqini to‘la ado etishga da’vat qilganlar. Xattoki, Hazrat Ali uylanayotganlarida maxr uchun sovutlari va qalqonini sotib yarim pulini maxrga yarim pulini to‘y xarajatlariga ishlatganlar. Ayol bebaho tilsim. Uning qadri hamisha baland!
Suhrob Ziyo va Shohsanam Nishonova
suhbatlashdi.

Manba: "Hordiq"

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Shuhrat Daryoning armon bo‘lgan sevgisi haqida