18:55 / 16.08.2018
4 952

Yulduz Turdiyeva: "Bu bayram bizni jahonga tanitgay"

Юлдуз Турдиева: "Бу байрам бизни жаҳонга танитгай"
Iste’dodli maqom ijrochisi, 2009 yilda Bokuda o‘tkazilgan Baynalxalq mug‘om festivali g‘olibi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Yulduz Turdiyeva “Yoshlar ovozi” gazetasi orqali joriy yilning 6-10 sentyabr kunlari Shahrisabzda bo‘lib o‘tadigan Xalqaro maqom san’ati anjumani yuzasidan munosabat bildirdi.

— O‘zbek xalqi boy musiqiy merosga ega. Birgina maqom san’ati va bu yo‘lda yaratilgan kuy-taronalarning o‘zi biz uchun tengsiz qadriyatdir.

Bolalikda laparlar eshitib, ulg‘aydim. Buvim Buxoro “Shashmaqom”ini maromiga yetkazib kuylardi. Bora-bora men ham an’anaviy ijrochilikka qiziqdim. Ana shu orzu-havas bilan O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga o‘qishga kirdim. Shukrki, menga san’at darg‘alaridan saboq olish nasib etdi.

... 2009 yil maqom ijrochisi sifatida tanildim. Bu voqea Boku shahrida ellikdan ortiq mamlakat vakillari ishtirokida o‘tkazilgan Baynalxalq mug‘om festivalida yuz bergandi. Yaxshi eslayman, bellashuv shartlari anchayin murakkab edi. Rosti, finalga chiqa olishimga ishonmasdim. “Birinchi o‘rin – O‘zbekiston!”, degan e’lon esa, meni tamoman esankiratib qo‘ygandi.

O‘sha festival bahonasida ko‘plab xorijiy san’atkorlar bilan tanishdim, do‘st tutindim. Ular san’atimizga tahsin aytib, o‘zbek maqom ustalari har qanday millatning maqomini kuylay olishini e’tirof etganida boshim ko‘kka yetgandi.

O‘shandan buyon “qani endi, o‘zimizda ham xalqaro maqom festivallari o‘tkazilsa-yu, san’atimizni jahonga yanada to‘kis namoyon eta olsak”, degan istak bilan yashab kelyapman. Mana, nihoyat orzuim ushaladigan bo‘ldi.

Prezidentimizning 2018 yil 6 apreldagi qaroriga muvofiq, endi yurtimizda har ikki yilda bir marta Xalqaro maqom san’ati anjumani o‘tkaziladi. Nasib etsa, birinchisiga sentyabr oyida Shahrisabz shahrida guvoh bo‘lamiz. Bundan juda xursandman. His qilib turibmanki, bu anjuman xalqlarni do‘stlashtiradigan, o‘zaro hamjihatlik va hamkorlik rishtalarini mustahkamlaydigan katta san’at bayramiga aylanadi.

Festival doirasida “Eng yaxshi maqom xonandasi”, “Eng yaxshi maqom sozandasi”, “Eng yaxshi maqom ustozi”, “Eng yaxshi maqom targ‘ibotchisi”, “Eng yosh maqomchi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha mukofotlar ta’sis etilgani esa, maqom yo‘nalishida ijod qiladigan yoshlar uchun ham ma’naviy, ham moddiy rag‘bat bo‘lib, ularning yanada yuksalishiga xizmat qiladi, degan umiddaman.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Yulduz Turdiyeva: "Bu bayram bizni jahonga tanitgay"