09:26 / 26.09.2018
6 074

“Challenge”maniya yoxud #maqomchallenge “virusi”ning tarqalishi

“Challenge”мания ёхуд #maqomchallenge "вируси"нинг тарқалиши

Maqolada jurnalist Nigora Umarova milliy sanʼatimiz orqali ommaviy madaniyatning bir taraflamagina oldi olinganligi xususida mulohaza bildirgan.

Odatda biror kasallikning oldini olish uchun “emlash” chorasi qoʻllanadi. Ommaviy madaniyatning xalq orasida keng tarqalib ketayotgani haqida bong uramiz-ku, biroq uning oldini olish borasida biror chora koʻrilmoqdami?

Bir faktga qarang:

“Ommaviy madaniyat” sifatida eʼtirof etilayotgan PSYning GANGHNAM STYLE qoʻshigʻi internetdagi Youtube.com saytiga 2012 yilning 15 iyulida joylashtirilgach, 3,2 mlrd. odam koʻrgan. Shu orqali qoʻshiqchi oʻzi istiqomat qilayotgan Koreyadagi Gangxamning nomini targʻib qilgan.

Shu yilning 3 avgustida Youtube.com kanaliga KIKI DO YOU LOVE ME (Kiki meni sevasanmi?) qoʻshigʻi joylashtirilgach, 68 mln.dan ortiq odam uni koʻrgan. Oʻzbek estradasining “mega yulduzi” ham yoʻlning qoq oʻrtasida qoʻshiqni kuylab chiqdi. Uning ortidan ergashuvchi yoshlar ham paydo boʻldi. Shu payt Xalqaro maqom anjumani doirasida “Milliy musiqa brendimiz” – MAQOMni dunyoga namoyish qilish gʻoyasi paydo boʻldi.


Ilk Oʻzbek milliy va xalqona chellendj – #maqomchallenge qay tarzda boshlandi?

Hamma “balo”ni boshlagan sayyod.com saytining muallifi Sardor Komilov boʻladi. “Dunyo miqyosida “Kikimaniya” boshlangan payti, ʻInstagram” tarmogʻidan turli prikollar, yigʻilgan, urilgan, sakragan, hatto hayvonlar ham jalb qilinganidan, nega haliyam oʻzbek chellendj virusi paydo qilinmagan”, deya 21 iyul kuni #UzChellendj deya gʻoya yozib qoʻydi-yu, biroq u nima va qanday boʻlishini aniq oʻylab koʻrmagandi.

Sardor “Instagram”dagi sahifasida #maqomchallenge deb eʼlon berdi. Maqom sanʼati murakkab janr boʻlgani uchun undan ikki qator soʻzni ajratib olish uchun yana Gulsanam Mamazoitova va Ozoda Nursaidovaga murojaat qildi. Ikkala sanʼatkor ham “ijod sandigʻi”dan bayt javohirini izlashayotganda “Soqeʼnomai Savti kalon”dagi Zahiriddin Muhammad Boburning,

“Keltursa yuz baloni oʻshal bevafo manga,
Kelsun, agar yuzumni evursam, balo manga.

Netkaymen, ul rafiq bilakim, qilur base
Mehru vafo raqibgʻa javru jafo manga” baytlarini tavsiya qilishdi.

Hali tanlov eʼlon qilinmagan va mukofotlar aniqlanmagan boʻlishiga qaramay, #maqomchallenge xalq orasida shunday ommalashib ketdiki, oddiy haydovchidan tortib oshpazgacha, maktabga chiqmagan bolakaydan tortib, el-yurt tanigan sanʼatkorlargacha, barcha kasb-kor egalari, 7 yoshdan 70 yoshgacha bu aksiyada qatnasha boshladi. Bu haqda Oʻzbekiston madaniyat vazirining oʻrinbosari Ozodbek Nazarbekovga murojaat etishganida, u ham bu gʻoyani qoʻllab oʻz sovgʻasi – AYFON taqdim etishini bildirdi.

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar Ravshan Komilov, Izzat Ibragimov, Yulduz Turdiyevalar ham bu tanlovda xirgoyi bilan qatnashishdi.

#Maqomchallenge shu qadar ommalashdiki, sanʼat olamidan Yulduz Turdiyeva xorijliklarni ham jalb qilishda hissa qoʻshib targʻib qilgan boʻlsa, shou-biznes yulduzi Jahongir Poziljonov ham bir necha ijodkorlarni jalb qilgan videosini sahifasiga qoʻyib targʻibotning kuchayishiga oʻz hissasini qoʻshdi.

9 sentyabrda esa Xalqaro Maqom anjumani doirasida oʻtkazilgan “SHOU-KЕYS”da Qashqadaryo viloyati Madaniyat boshqarmasining Elmurod Boymurodov rahbarligidagi “Baxtli bolalik” guruhi Maqom festivalidagi ishtiroki va #maqomchallengeʻda “Eng yaxshi ijro” nominatsiyasi uchun taqdirlandi. Guruh 150 kishidan iborat.

Birinchi boʻlib “Eng yaxshi ijro” nominatsiyasida gʻolib sanalgan “Baxtli bolalik” guruhi rahbari Elmurod Boymurodovga noutbuk sovgʻa qilindi.

“Eng yaxshi ”cover“ uchun ”Zamin" akapella guruhi rahbari Shavkat Jumayevga ham noutbuk topshirildi.

“Yosh ijodkor va sanʼat olamidagilar” yoʻnalishidan gʻolib boʻlgan rejissyor-klipmeyker Sunnat Namozovga ham noutbuk berildi.

“Metroda likopcha bilan kuylagan videosi” eng koʻp koʻrilgan andijonlik Hayotilla Madaminov ham AYFON-8 bilan taqdirlandi.

“Zamin” bolalar studiyasining qoʻqonlik 14 yoshli aʼzosi Azizjon Muhammadumarovga AYFON-X topshirish jarayonida Madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari Ozodbek Nazarbekov gʻolib bilan #maqomchallenge doirasidagi Soqeʼnomai Savti Kalonni joʻr ovozlikda kuyladi. Azizjon olgan sovgʻasini ustoziga sovgʻa qildi.

#MAQOMCHALLENGE yana davom etadimi?

Albatta! Taqdirlash marosimi yakunida Ozodbek Nazarbekov yangi #maqomchallenge doirasida yana chellendj eʼlon qilib yubordi va bu safar ham AYFON tikildi.

Oʻtkazish tartibi: Ishtirokchilar 9 sentyabrdan 9 dekabrgacha “Soqeʼnomai bayot”dan bir yoki ikki bayt kuylab “Instagram” sahifasiga #maqomchallenge heshtegini yozib joylashlari kerak. Sahifa OCHIQ boʻlishi shart. Hayʼat aʼzolari heshtegni bosib barcha shu heshteg ostida qoʻyilgan videolarni tomosha qilib baholashadi.

#maqomchallenge “nima uchun?” va “qanday natija?” degan savollarga ochigʻi, umuman hojat qoldirmadi. Maqom bu mukammal va murakkab sanʼat turi va toʻkis sanʼat boʻlgani sababli bu janrda sayoz soʻzlarga oʻrin yoʻq. Har bir soʻziyu har bir nafasigacha – darslik.

Tarbiya va musiqiy salohiyatga taʼsiri katta. Bugungi davrda soʻzning mohiyatini anglab yetmay xorij qoʻshiqlariga tobe boʻlayotgan yoshlarni maqom tugul, milliy qoʻshiqlarga ergashtirish qiyin boʻlgan bir paytda xorijning virus chellendji andozasidan foydalangan holda, #maqomchallenge maqomimizni ommalashtirishdi.

Mana shu asosiy yechim boʻlsa kerak. “Qilma!”, “Qaytarma!” va “Eshitma!” degan taqiq bilan hamisha ham natijaga erisha olmaymiz, zoʻrlab targʻib qilish ham kutilgan natijani bermaydi. Qiziqarli tarzda taqdim etish bilan kerakli natijaga erishish mumkin. Ilk oʻzbekona chellendj sifatida tarixga kirgan #maqomchallenge qanday natijalarga erishganini izohlarda bitilayotgan soʻzlardan ham bilsangiz boʻladi.

Odamlar oʻzlari bilmagan holda yurish turishda maqomdan satrlar qaytarayotgani va bolalariga ham “yuqib” qolayotgani quvonchli hol. Chunki xorijlik sanʼatkorlar ijodidagi bizga qorongʻu maʼnoyu shubhali soʻzlarni qaytargandan koʻra, milliy boyligimizdan parcha qaytarib yursak, ishoning, bu faqat foyda!

Toʻkis sanʼat asari – maqomda insonning ruhini tarbiyalovchi xususiyat bor.
Nigora UMAROVA

Manba: turon24.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » “Challenge”maniya yoxud #maqomchallenge “virusi”ning tarqalishi