12:54 / 06.01.2017
9 872

Turkiyada to‘rtta shifoxonaga sig‘dirilmagan 7 yashar bolakay vafot etdi

Turkiyada to‘rtta shifoxonaga sig‘dirilmagan 7 yashar bolakay vafot etdi

Turkiyaga rafiqasi va 3 farzandi bilan qochoq sifatida kelgan suriyalik Izettin Ahmedning 7 yoshli o‘g‘li vafot etdi. Bu haqda “Qalampir.uz” xabar bermoqda.

Gap shundaki, Suriyadagi urush sabab ushbu oila tinchlik ilinjida Antaliyaga keladi va Gyuzeloba tumani hududiga joylashadi. Oilasini boqish uchun 30 yoshli Izettin ijara uyiga yaqin joydagi qurilish tashkilotlaridan biriga ishga kiradi.

Shu yilning 1 yanvarida oiladagi eng katta farzand, 7 yoshli Alining harorati keskin ko‘tariladi. Izettin Ahmed farzandini shifokorlarga ko‘rsatish maqsadida Antaliya ilmiy-tadqiqot markazi shifoxonasiga olib keladi. Biroq bemorning shaxsini tasdiqlovchi hujjati, majburiy tibbiy sug‘urta qog‘ozi bo‘lmagani sabab shifokorlar uni ko‘rikdan o‘tkazishdan bosh tortishadi.

Shundan so‘ng, ota-onasi uni Syutchyuler Davlat shifoxonasi, Otaturk gospitali, Ona va bola shifoxonalariga olib borishadi, ammo hammasidan bir javobni eshitishadi.

Antaliyadagi to‘rtta yirik tibbiyot muassasalaridan qaytarilgan Ali uyga kelib, uxlab qolgan va qaytib ko‘zlarini ochmagan.

Ota-onasining so‘zlariga ko‘ra, Alining ahvoli juda og‘ir bo‘lgan. Uyga qaytishgach, u uyquga ketgan va soat 05:00 da bolakayning joni uzilgani payqalgan.

Afsuski, 7 yoshli suriyalik bolakayga Antaliyadek katta shahardagi biror shifoxonada joy topilmadi. Bolakay vafotidan so‘ng bir joygagina qabul qilindi. U ham bo‘lsa – sud-tibbiy ekspertizasi.

Qiziq, shaxsini tasdiqlovchi hujjat, majburiy sug‘urta qog‘ozi bo‘lmagan bolalarning davolanishga, yashashga haqqi yo‘qmi? Bu birgina Alining taqdiri bilan bog‘liq voqea, xolos. Turkiyadagi boshqa qochoqlarning holi ne kechmoqda?

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Turkiyada to‘rtta shifoxonaga sig‘dirilmagan 7 yashar bolakay vafot etdi