13:12 / 19.02.2017
8 650

Tojikiston: hokim o‘g‘il prezident otasiga minnatdorchilik bildirdi

Tojikiston: hokim o‘g‘il prezident otasiga minnatdorchilik bildirdi

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Dushanbe shahri faollari bilan uchrashuvda o‘g‘li Rustamni poytaxtga hokim etib tayinlaganiga izoh berdi, deb yozadi Hilol.uz.

“Poytaxt hokimligini boshqarishga kirishishdan oldin Rustam Imomali davlat tuzilmalarida kerakli tajribani to‘pladi. Bundan tashqari, sir emaski, shaharda yig‘ilib qolgan muammolarni hal qilishda unga tashqaridan salbiy ta’sir o‘tkaza olishmaydi”, – dedi Tojikiston rahbari. Uning ta’kidlashicha, Rustam Imomali zimmasiga yuklatilgan barcha vazifalarni uddalay oladi.

Imomali Rahmon o‘g‘liga oddiy xalqqa yaqinroq bo‘lishni maslahat berdi.

“Ularning uyiga bor. Ishchining, xizmatchining dasturxonida o‘tir. Bu bilan nafaqat ularning hurmatini qozonasan, balki oddiy xalq qanday yashayotganini ham tushunib etasan”, – dedi prezident ota hokim o‘g‘liga.

Uchrashuvda Rustam Imomali ham so‘z olib, ko‘rsatayotgan qo‘llovi va g‘amxo‘rligi uchun Imomali Rahmonga minnatdorchilik bildirdi. U poytaxt Dushanbening gullab-yashnashi uchun barcha zarur choralarni qo‘llashga so‘z berdi.

Rustam Imomali yanvar oyining boshlarida Dushanbe shahriga hokim etib tayinlangan edi. Undan oldin esa Korrupsiyaga qarshi kurash va moliyaviy nazorat agentligini boshqargan.

U 1987 yilda tug‘ilgan. Tojik milliy universitetining xalqaro iqtisodiy munosabatlar yo‘nalishini tugatgan, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatiya akademiyasi tinglovchisi bo‘lgan. Investisiyalar va davlat mulki qo‘mitasida, Yoshlar ittifoqida ishlagan. Ayni paytda Tojikiston futbol federasiyasining raisi. MDH hududidagi eng yosh general.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tojikiston: hokim o‘g‘il prezident otasiga minnatdorchilik bildirdi