21:32 / 18.04.2017
8 452

«Men buyruq bajarganman» — Abror Azimov terakt tashkilotchisi ekanini inkor qildi

«Men buyruq bajarganman» — Abror Azimov terakt tashkilotchisi ekanini inkor qildi
Peterburg terakti tashkilotchisi sifatida qo‘lga olingan Abror Azimov sud zalida aytib o‘tdiki, u o‘ziga qo‘yilayotgan asosiy ayblovni rad etadi.

«Hibsga olinishimga qarshi emasman. Portlashga aloqadorligim haqida esa tan olganim yo‘q — men bunday demadim. Mening ishtirokim bor, ammo to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqador emasman. Menga ko‘rsatma berishgan. Men bu terrorchilik harakatida ishtirok etayotganimni bilmaganman», deya Azimovning so‘zlarini keltirgan RIA Novosti.

Bundan oldinroq Azimov terakt tashkilotchisi ekanini tan olgani haqidagi xabarni rad etgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, unga bitta guruh berilgan, ammo uning o‘zi teraktda kim ishtirok etayotganini bilmagan. Azimovga qanday guruh berilgani va kim bergani hozircha noma’lum.

«Rossiya fuqarosiman, ma’lumotim o‘rta maxsusdan ham quyi — faqat 7 sinfni tamomlaganman. Oilaliman, 2014 yilda tug‘ilgan farzandim bor. Rasman hech qayerda ishlamayman», deya ko‘rsatma bergan Azimov.

Tergovchilar huquq tartibot organlarida Abror Azimovni portlashga aloqador shaxs sifatida qo‘lga olish uchun asos bo‘lganini qayd etishgan. Tergov uni 1 oyu 16 kunga, 3 iyun kuniga qadar hibsga olishni so‘ragan.

3 aprel kuni Sankt-Peterburg metrosida «Sennaya ploщad» va «Texnologicheskiy institut» bekatlari oralig‘ida portlash ro‘y berdi. «Ploщad Vosstaniya» bekatida ham portlovchi qurilma topildi va zararsizlantirildi. Terakt oqibatida 15 kishi halok bo‘lib, 49 kishi jarohatlandi.

Tergov qo‘mitasi ushbu terakt kelib chiqishiga ko‘ra qirg‘izistonlik bo‘lgan 22 yoshli Akbarjon Jalilov tomonidan sodir etilganini e’lon qildi.

Terakt tashkilotchiligida gumon qilinib 17 aprel kuni Moskva shahri yaqinida kelib chiqishiga ko‘ra markaziy osiyolik bo‘lgan Abror Azimov qo‘lga olindi. FXX ma’lumotlariga ko‘ra, 1990 yilda tug‘ilgan Azimov xudkush terrorchi Akbarjon Jalilovni tayyorlash bilan shug‘ullangan.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Men buyruq bajarganman» — Abror Azimov terakt tashkilotchisi ekanini inkor qildi