00:11 / 22.04.2017
6 292

«Uyushtirilgan spektakl». Qirg‘izistonda Azimovning qo‘lga olinishi jarayoniga munosabat bildirildi

«Uyushtirilgan spektakl». Qirg‘izistonda Azimovning qo‘lga olinishi jarayoniga munosabat bildirildi
Sankt-Peterburg metrosidagi teraktga aloqadorlikda gumonlanib qo‘lga olingan Akram Azimov O‘sh shahridagi xususiy klinikadan Qirg‘izistonda maxsus xizmati xodimlari tomonidan olib ketilgan. Bu haqda klinika bosh shifokori maktubida keltirib o‘tilgan.

FSB esa Azimov Moskvada qo‘lga olingani haqida ma’lum qildi.

RBK nashrida yozilishicha, Akram Azimov 15 aprel kuni O‘shdagi shifoxonadan Qirg‘iziston Davlat xavfsizlik qo‘mitasi xodimlari tomonidan olib ketilgan. Bu haqda «Xosiyat» klinikasi Zina Karimova va davolovchi shifokor Sanjarbek To‘xtashev imzosida yozilgan maktubda bayon etilgan. Bu maktubdagi so‘zlar Azimovning otasi Ahrol Azimov tomonidan tasdiqlangan.

Xatda aytilishicha, 13 aprel kuni soat 12:20 da Akram Azimov klinikaga kelib, nafas olish yo‘llaridagi muammodan shikoyat qilgan. 15 aprel kuni uni jarrohlik amaliyotidan o‘tkazishgan. Xuddi shu kuni soat 15:35 da uni Qirg‘iziston Davlat xavfsizlik qo‘mitasining 3 xodimi olib ketgan. Bir necha soatdan keyin u qaytarilgan, ammo keyin yana olib ketishgan.

«Qo‘mita xodimlari bizga guvohnomadan boshqa hujjat ko‘rsatishmadi», — deyilgan maktubda.

Ikki kun o‘tsa ham Azimov qaytarilmagan, uning tibbiyot tarixini yopishga to‘g‘ri kelgan.

«Uning davolanish jarayoni davom ettirilishi kerak edi», — deya qayd etishgan shifokorlar.

«Ha, uni DXQ xodimlari olib ketishdi va qaytarishmadi. Familiyalarni aytishmadi, shifokorlarga tahdid ham qilindi — ular shunday deyishdi: «Seni ham olib ketishimizni istaysanmi?» Keyin uning onasi keldi, biz unga voqeani aytdik», — degan RBK muxbiriga «Xosiyat» klinikasi shifokori.

Federal xavfsizlik xizmati Azimov 19 aprel kuni Novaya Moskva hududida qo‘lga olingani haqida e’lon qilgandi. RT telekanalida uning qo‘lga olinishi jarayoni tasviri berildi.

«Uyushtirilgan spektakl»

Azimovning shifoxonadan olib qochilgani to‘g‘risida avvalroq uning qarindoshlari ham ma’lumot berishgandi.

«Uni shifoxonadan 15 aprel kuni olib ketishgan va keyin spektakl uyushtirilgan, xuddiki uni Moskva yaqinida qo‘lga olishgan», — degan RBK nashriga sud majlisidan oldin gumonlanuvchining otasi Ahrol Azimov.

U RBK muxbiriga o‘g‘lining Domodedovo aeroportidan S7 aviakompaniyasi reysi orqali 27 mart kuni O‘shga uchib kelgani haqidagi talonni ham ko‘rsatgan. U keyin Rossiyaga qaytmagan. ​
Akram Azimovning shifoxonaga yotqizilganidan keyin yo‘qolib qolgani haqida «Interfaks» agentligiga uning ukasi Bilol Azimov va onasi Vazira Mirzaxmedova ham aytib o‘tgandi. Aniqlanishicha, Azimovda Moskvaga yo‘l olish uchun pasporti ham va chipta uchun pul ham bo‘lmagan.

«Barcha savollar — Rossiya Tergov qo‘mitasiga va FSBga. Menga bu masalada murojaat qilmang», — degan Qirg‘iziston Davlat Xavfsizlik qo‘mitasi rasmiysi Raxat Sulaymanov. Shundan so‘ng RBK Tergov qo‘mitasi va FSBga so‘rov yo‘llagan.

RBK muxbiri bilan suhbatda advokat Anna Staviskaya Sobiq Ittifoq o‘rnida paydo bo‘lgan respublikalar maxsus xizmatlari o‘rtasida qo‘lga olinganlarni almashish bo‘yicha «norasman» kelishuv mavjudligi haqida aytib bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu o‘rinda odamlarni o‘g‘irlash amaliyoti ham kuzatiladi.

«Men o‘z faoliyatim davomida bir necha marta shunga o‘xshash holatlarga duch kelganman. Rossiyada qo‘lga olingan odamni O‘zbekiston yoki Tojikistonga ekstradisiya qilingan, Evropa sudi esa buni taqiqlaydi. Odamlar ozodlikka chiqadi va uni darhol o‘g‘irlashadi. Bu o‘rinda shuning teskarisi kuzatilmoqda», — degan yurist.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kuch ishlatar tuzilmalar harakati noqonuniy, ammo ularning harakatlarini tushunish mumkin: «Huquq tartibot organlarimiz bilishgan. Qo‘lga olinishi kerak bo‘lgan shaxs xorijiy davlatda bo‘lsa, unda tegishli mexanizmni ishga tushirish talab etilar edi. Bosh prokuratura tegishli hujjatlarni taqdim etib, Qirg‘izistonga ushbu shaxsni topshirish bo‘yicha so‘rov yo‘llashi kerak bo‘lardi. Qirg‘iziston ma’lum muddat davomida so‘rovni ko‘rib chiqib, munosabat bildirardi. Bu jarayon hatto yarim yilga cho‘zilishi mumkin. Uni olib kelishning oson yo‘li turganida, qog‘ozlarni bir-biringa yo‘llab o‘tirishingga nima hojat?» — deya kinoya qiladi Staviskaya.

Terakt ishi

​Azimov Sankt-Peterburg metrosidagi terakt bo‘yicha qo‘lga olingan o‘ninchi shaxs bo‘ldi. Tergov ma’lumotiga ko‘ra, u «xalqaro terrorchi tashkilot a’zolari uchun soxta hujjatlar tayyorlash» bilan shug‘ullangan. U shuningdek, terakt tashkillashtirilishi uchun «Turkiya Respublikasi hududidagi xalqaro terrorchi tashkilotlardan» mablag‘ etkazib bergan.

Sudyaning aytishicha, pullarni u o‘z ukasi Abror Azimovga bergan (FSB uni terakt tashkilotchisi sifatida qo‘lga olgan). Ish materiallariga ko‘ra, aynan Abror Azimov Akbarjon Jalilovni «terrorchilik akti» uchun tayyorlagan. Tergov qo‘mitasi tergovi vaqtida Akram Azimov «u va akasi portlash bilan yakunlangan harakatlarni sodir etganini, ammo o‘zlarining terrorchilik harakati sodir etayotganini bilmagani» haqida ko‘rsatma bergan. Uning advokati Olga Kisieva u teraktga aloqadorligini tan olmagan, ammo bunga sababchi bo‘lganini bildirgan.

Peterburg metrosidagi portlash 3 aprel kuni ro‘y berdi. Tergov versiyasiga ko‘ra, kelib chiqishiga ko‘ra qirg‘izistonlik o‘zbek, 2011 yilda Rossiya fuqaroligini qabul qilgan Akbarjon Jalilov metroning «Sennaya ploщad» va «Texnologicheskiy institut» bekatlari oralig‘ida harakatlanayotgan poezd vagonida o‘zini portlatgan. Terakt oqibatida halok bo‘lganlar soni 16 kishini tashkil qildi, 50 nafarga yaqin kishi jarohatlandi. Teraktdan keyin metro yopildi, huquq tartibot organlari «Ploщad Vosstaniya» bekatida o‘rnatilgan bombani topib zararsizlantirdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Uyushtirilgan spektakl». Qirg‘izistonda Azimovning qo‘lga olinishi jarayoniga munosabat bildirildi