23:50 / 22.04.2017
6 762

Shimoliy Koreya tangligi: AQSh bu tahdid oldida chorasizmi?

Shimoliy Koreya tangligi: AQSh bu tahdid oldida chorasizmi?
Agar Pxenyan yadro quroli va ballistik raketalarga ega bo‘lganiga o‘n yildan oshiqroq vaqt bo‘lgani inobatga olinsa, nega sarosima kelib-kelib endi yuz bermoqda? Chunki Shimoliy Koreya yadro sohasida katta qadam tashlamoqchi. Rejim AQShgacha etib boradigan qat’alararo ballistik raketa yaratishga yaqinlashgani haqida ochiqchasiga bayonot bermoqda — Kim Chen In xohlagan vaqtda bir tugmachani bosish bilan Amerikaning istalgan shahrining kulini ko‘kka sovurishi mumkin ekan.

Shimoliy Koreyadagilar yolg‘ondakam do‘q qilishayotgani yo‘q aslo. Ular zudlik bilan jangovar holatga keltiriluvchi qattiq yoqilg‘ili raketalar ishlab chiqarish borasida katta muvaffaqiyatlarga erishishgan, binobarin, ularni yashirish oson va raqib uchun ularni axtarib topish hamda ogohlantiruvchi zarba berish murakkablashgan.

Bunga yarasha, Pxenyan o‘z yadro arsenalini og‘ishmasdan boyitib kelmoqda. Bugun Shimoliy Koreya 10–16 ta yadro kallaklariga ega. 2020 yilga borib ular 100 ta atom bombasi ishlab chiqarishi mumkin (ma’lumot uchun — Buyuk Britaniyada ayni paytda 200 ta atom bombasi borligi taxmin qilinadi).

Tanglik shuning uchun ro‘y bermoqda. Biz Kim Chen Inga Amerika shaharlarini vayron qilish imkoniyatini taqdim etmasligimiz kerak, — deb yozadi The Washington Post muxbiri Charlz Krauthammer.

Ayrimlar “bosib turish” siyosatini saqlash zaruriyati haqida qat’iy fikrga ega. Agar bu siyosat shuncha yillar mobaynida xitoyliklar va ruslarni tiyib turgan bo‘lsa, nega u shimoliy koreyaliklarga nisbatan qo‘llanilmasligi kerak?

Birinchidan, bosib turish — sobiq Sovet ittifoqi kabi sog‘lom fikrlovchi raqib haqida gap ketganida ham — doim muvaffaqiyatni kafolatlamaydi. 1962 yilda biz yadro urushi bo‘sag‘asiga bir borib qaytganmiz.

Ikkinchidan, Shimoliy Koreyadagi rejim haddan ziyod g‘alati. Tashqi dunyo uchun yopiq bu mamlakatni xatti-harakatlarini oldindan aytib bo‘lmaydigan, juda zolim va qattol, «o‘zini xudo deb biluvchi podsho» boshqaradi. Kaligulaga ishonishning o‘zi etarli emas. Topinishga asoslangan bu rejim yovvoyi; mamlakat aholisi esa — robot-insonlar. Karen Eliot Haus bir paytlar Saddam Hussayn Iroqi ulkan qamoqxona bo‘lsa, Shimoliy Koreya — chumolilar koloniyasining o‘zi, degan ta’rifni keltirgan edi.

Koloniyalarda esa samarali tiyib turish tizimi va posangi bo‘lmaydi.

Agar tiyib turishning iloji bo‘lmasa, demak uni bartaraf etish kerak. Lekin qanday qilib? Eng katta umid Xitoydan — u Shimoliy Koreyaga ta’sir o‘tkazib, uni o‘z yadro dasturidan voz kechishga majburlashi kerak.

Ko‘p yillar mobaynida xitoyliklar Pxenyanga po‘pisa qilishga urinib kelishgan, lekin birorta qat’iy qadam qo‘yishgani yo‘q. Buning uchun ularda etarli sabablar bor. Xitoy Kim rejimining qulashi ortidan qochqinlarning yopirilib kelishidan qo‘rqmaydi, gap bunda emas. Muammo yana shundaki, Pxenyan amerikaliklar ko‘ziga kirgan abadiy qum zarrasi, rejim kasodga uchrasa Janubiy Koreya (demakki, AQSh) Xitoy va KXDR chegarasini aniqlab beruvchi Yaluszyang daryosi janubiy qirg‘oqlariga kelib joylashadi.

Nima uchun xitoyliklar o‘z zarariga yordam berishi kerak?

Bir necha sabablarga ko‘ra.

Ular munosabatlarning taranglashishiga qarshi emas, lekin ularga urush ham kerak emas. Urush xavfi esa ortib bormoqda. Ular bilishadiki, amerikaliklar uchun qit’alararo ballistik raketa bilan o‘qqa tutilish xavfi mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmas holat. Oq uyning hozirgi ma’muriyati e’lon qilinmagan «qizil chiziq»ni bosib o‘tmaslikka alohida jiddiylik bilan yondashmoqda.

Mintaqada Shimoliy Koreya yadro quroliga qarshi aksilraketa mudofaasi tizimini yaratish Xitoy manfaatlariga putur etkazadi. Janubiy Koreya iloji boricha tezroq atmosfera ortidagi balandlikda o‘rtacha uzoqlikdagi raketalarni tutish uchun erda ko‘chma aksilraketa kompleksi THAAD’ni joriy etmoqchi. Yaponiya ham shu ishni qiladi. THAAD tizimining strategik vazifasi Shimoliy Koreya hududidan uchirilgan raketalarni nishonga olish va urib tushirishdan iborat bo‘lsa-da, har qanday raketa qalqoni kabi u Xitoyning yadro arsenali kuchini, Xitoy raketalarining mudofaa tizimlarini yorib o‘tish qobiliyatini susaytiradi.

Xitoy uchun harakatlardan bosh tortish, Amerika taktik yadro qurollarining 1991 yilda olib chiqib ketilgan Janubiy Koreyaga qaytarilishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.

Agar tanglik yanada chuqurlashadigan bo‘lsa, Janubiy Koreya, eng muhimi Yaponiya ham yadro quroli ishlab chiqarishga majbur bo‘ladi. Bu esa Xitoyning eng qo‘rqinchli tushlaridan birining o‘ngidan kelishi bo‘ladi.

Bu Amerika tomonidan o‘yin davomida foydalansa bo‘ladigan asosiy kartalar. Biz o‘z oldimizga aniq maqsad qo‘yib olishimiz kerak. Eng kamida Pxenyan tomonidan yadro sinovlarini o‘tkazilishining muzlatib qo‘yilishiga erishish. Maksimum vazifa — rejimni o‘zgartirish.

Modomiki, Pekin Shimoliy Koreyada hozirgi rejimning saqlanib turishidan manfaatdor ekan, biz Koreyani birlashtirish g‘oyasidan voz kechishni va’da berib, rejimni ag‘darish rejasi yo‘lida ularga peshvoz chiqishimiz mumkin. Yangi Shimoliy Koreya kommunistik davlatni «yutib yuborish» yo‘li bilan G‘arb davlatiga aylangan Germaniyadek bo‘lmaydi. Bizni Shimoliy Koreya «finlandiyasimon» mustaqil davlat, ya’ni ehtiyotkor, qudratli qo‘shnilariga nisbatan betaraf davlat siyosat yurituvchi, ularga ba’zi o‘rinlarda yon beradigan davlat bo‘lishini qoniqtiradi.

Sovuq urush yillarida Finlandiya (kelishuvga ko‘ra) mustaqil davlat bo‘lgan, biroq tashqi siyosat masalalarida doimo sovetlarga yon bosgan. Ushbu holatda biz yangi Shimoliy Koreya mustaqil bo‘lishi, biroq doimo Xitoyga qarab ish tutuvchi bo‘lishini kafolatlashimiz kerak. Masalan, yangi rejim har qanday alyanslarga a’zo bo‘lishdan umrbod bosh tortishi kerak.

Bu erda kelishib olish zarur. Kelishuvlar Amerika Qo‘shma Shtatlarining qat’iyati namoyishi bilan mustahkamlanishi lozim. Shimoliy Koreyaning yadro ob’ektlari va raketa majmualariga ogohlantiruvchi zarba berish juda xavfli, chunki bu Janubiy Koreyaga millionlab jabrlanuvchilarning oqib kelishiga sabab bo‘ladi. To‘g‘ri, biz Shimoliy Koreya raketalari parvozi traektoriyasining o‘rtasida urib tushirishga urinishimiz, bu bilan shimolliklarga texnik tomondan yo‘q qilish mumkin bo‘lgan raketa kuchlarining samarasizligi va bizning mudofaa qobiliyatimizni ko‘rsatib qo‘yishimiz ham mumkin.

Koreya tangligi haqiqatdan ham mavjud va u oshib bormoqda. Lekin biz chorasiz emasmiz. Bizda tanlov bor. Bizning kuch va vositalarimiz bor. Ulardan foydalanishga fursat etgan.

Manba: www.kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Shimoliy Koreya tangligi: AQSh bu tahdid oldida chorasizmi?