10:35 / 29.04.2017
7 079

Shimoliy Koreya ballistik raketani sinovdan o‘tkazdi

Shimoliy Koreya ballistik raketani sinovdan o‘tkazdi
Shimoliy Koreya 29 aprelda navbatdagi marotaba, taxmin qilinishicha, ballistik raketani sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda Janubiy Koreyaning "Ryonxap" axborot agentligi xabariga iqtibos keltirgan holda Kun nashri ma’lum qildi.

"Shimoliy Koreya bugun ertalab Pxyonan-Namdo viloyatidagi Pukchxan tumanidan noma’lum turdagi raketani uchirdi", deb aytilgan Janubiy Koreya qurolli kuchlari shtablari boshliqlari birlashgan qo‘mitasi xabarida.

AQSh harbiylari ham raketa uchirilganini tasdiqlashdi.

Janubiy koreyalik mutaxassislarning aytishicha, raketa sinovi muvaffaqiyatsiz yakunlangan, chunki u uchirilgandan bir necha soniya o‘tgach portlab ketgan.

Yaponiyalik mutaxassislarning ta’kidlashicha, raketa qulashidan avval 50 km uchib o‘tgan va Shimoliy Koreya hududini tark etmagan.

Raketa sinovi BMT Xavfsizlik kengashining Shimoliy Koreya yadroviy dasturiga bag‘ishlangan yig‘ilishidan bir necha soat o‘tib amalga oshirildi.

Shimoliy Koreya raketa uchirgani ma’lum qilingandan keyin Tokio metrosining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha qatnov 10 daqiqaga to‘xtatib qo‘yilgan. Metrodagi axborot tablolarida "xavfsizlik tekshirilayotgani" ma’lum qilingan. Taxminan shuncha vaqtga Niigata va Kanadzava o‘rtasida qatnovchi "sinkansen" ekspress poezdi ham to‘xtatilgan.

Raketa uchirilishiga AQSh prezidenti Donald Tramp tezkorlik bilan munosabat bildirdi. U tvitterda " Shimoliy Koreya raketani uchirib, Xitoy va uning prezidenti istaklariga bepisand munosabatda bo‘lganini" yozdi hamda "Bu juda yomon!", deb qo‘shimcha qildi.

Yangi raketa sinovi munosabati bilan AQSh Pxenyanga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish bo‘yicha ishlarni tezlashtirib yuborishi mumkin.

Bundan tashqari, raketa sinovi Trampning yangi lavozimda bo‘lishining 100 kuniga "atab" o‘tkazilgan bo‘lishi mumkinligi istisno qilinmayapti. AQSh siyosiy madaniyatida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bu muddat 29 aprelda tugaydi. Bu vaqt ichida Tramp va uning ma’muriyati Shimoliy Koreyaga nisbatan bir qator keskin bayonotlar bilan chiqdi.

"Ryonxap" axborot agentligining ma’lum qilishicha, bu sinov Kim Chen In hokimiyati davridagi elliginchi raketa sinovi bo‘ldi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Shimoliy Koreya ballistik raketani sinovdan o‘tkazdi