07:05 / 05.05.2017
4 979

Saudiyaga tashrifi oldidan Tramp diniy erkinliklar haqida farmon imzoladi

Saudiyaga tashrifi oldidan Tramp diniy erkinliklar haqida farmon imzoladi
Foto: AFP

AQSh prezidenti Donald Tramp payshanba kuni diniy erkinliklar haqidagi ijro etiluvchi farmonini imzolagan. Bu haqda Kun nashri xabar qilmoqda.

Hujjatga ko‘ra, diniy tashkilotlar siyosiy nomzodlarni qo‘llashi, siyosat bilan bog‘liq u yoki bu faoliyat turlari bilan shug‘ullanishlari mumkin. Farmonga qarshilar uni «biri ikkinchisini inkor etuvchi narsalarga to‘la», deya baholashmoqda.

Lekin Tramp oq uyda chiqish qilar ekan, «bu farmon AQShdagi din va so‘z erkinligini himoya qilishi»ni bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, «u soliq idoralariga siyosiy chiqishlari uchun diniy tashkilotlarni ta’qib qilishlariga yo‘l qo‘ymaydi».

«Mening ma’muriyatim amalda bo‘lgan paytda so‘z erkinligi, cherkov, sinagoga va boshqa diniy maskanlarning ostonasida to‘xtab qolmaydi. Hukumat endi hech qachon diniy tuzilmalarni o‘z nuqtai nazarini bayon qilgani uchun ta’qib etmaydi», — degan Tramp.

U shuningdek, «AQSh hech qachon diniy kamsitish bilan shug‘ullanmasligi»ni aytib o‘tgan. «Biz hech qachon e’tiqod qiluvchilarni ta’qib qilish yoki ularga nisbatan kuch ishlatishga qo‘yib bermaymiz», — degan prezident.

Tramp tomonidan imzolangan farmon «Jonson tuzatishi» deb ataluvchi qoidani harakatdan to‘xtatadi. U 1954 yilda senator (keyinchalik prezident bo‘lgan) Lindon Jonson tomonidan kiritilgan edi. Unga ko‘ra, cherkovlar va boshqa diniy tashkilotlar u yoki bu siyosatchilarni qo‘llab yoki ularga qarshi chiqish qilishsa — soliq imtiyozlaridan mahrum etilardi.

Bu orada Oq uy vakili jurnalistlarga Donald Tramp AQSh prezidenti sifatida ilk xorijiy tashrifini Saudiya Arabistonidan boshlashini ma’lum qilgan.

Trampning o‘zi Saudiyaga uyushtiriladigan tashrifdan ko‘zda tutilgan maqsad — terrorizmga qarshi kurashish uchun muqim asos yaratish, deya ta’kidlagan.

«Saudiya Arabistonida butun musulmon olamining etakchilari bilan tarixiy uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Saudiya Arabistoni — islom dinining ikki muqaddas go‘shasi qo‘riqchisi hisoblanadi va aynan u erda biz ekstremizm, terrorizm va zulmga qarshi kurashish uchun bizning ittifoqchi musulmon do‘stlarimiz yangi poydevor yaratamiz», — degan Tramp, Oq uyning Atirgullar bog‘ida chiqish qilar ekan.

Ilgariroq Tramp may oyida Saudiya Arabistoni, Isroil va Vatikanga borishini, shundan so‘ng NATOning Bryusseldagi sammiti va Sisiliyada o‘tadigan «katta ettilik» uchrashuvida qatnashajagini ma’lum qilgan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Saudiyaga tashrifi oldidan Tramp diniy erkinliklar haqida farmon imzoladi