11:02 / 07.05.2017
6 077

Makron yoki Le Pen: Bugun Fransiyada yangi prezident saylanadi

Makron yoki Le Pen: Bugun Fransiyada yangi prezident saylanadi
Foto: Reuters

Bugun, 7 may kuni Fransiyadagi prezidentlik saylovlarining ikkinchi turi bo‘lib o‘tadi: kun oxiriga borib, mahalliy vaqt bilan soat 20:00dan keyin (Toshkent vaqti bilan soat 23:00) respublikani keyingi 5 yil davomida kim boshqarishi aniq bo‘ladi, deb yozadi Kun.uz sayti.

O‘zgarishlar
23 aprel kuni saylovlarning birinchi turi o‘tkazildi va unda markazchi, «En Marche» harakati etakchisi Emmanuel Makron hamda «Milliy front» partiyasi rahbari Marin Le Pen mos ravishda 24,01 foiz hamda 21,3 foizdan ovoz olib, ikkinchi turga yo‘l olishdi.

2017 yilgi saylovoldi kampaniyasi mamlakat tarixidagi eng mojarolisi bo‘ldi. Praymeriz yakunida Beshinchi respublika davrida ilk marta amaldagi prezident ikkinchi muddatga saylanishdan bosh tortdi. Olland nufuz bo‘yicha antirekordlarni qayd etib ulgurgandi ham. Fuqarolar Parij va Sen-Denidagi qonli teraktlar tufayli unga bo‘lgan ishonchni yo‘qotishdi.

Shuningdek, ikki muqobil nomzod ikkinchi turga o‘tdi. O‘n yillar mobaynida boshqaruvda bir-birini almashtirib kelgan o‘nglar va so‘llar esa bu safar bort ortida qolishdi: hukumatdagi Sosialistlar partiyasi vakili, sobiq ta’lim vaziri Benua Amon birinchi turda atigi 6,36 foiz ovoz oldi. U o‘z partiyadoshlarini Makronni qo‘llab-quvvatlashga chaqirmoqda. Kampaniya avvalida favorit hisoblangan respublikachilar partiyasi nomzodi Fransua Fiyon esa fevral oyida rafiqasi bilan bog‘liq mojarolar markazida qolgach, birinchi turda uchinchi bo‘ldi - 20,01 foiz.

Beshinchi respublikaga sakkizinchi prezident
Beshinchi respublika davridagi prezidentlik saylovlari 11-marta o‘tkazilmoqda. Davlat rahbari 5 yil muddatga yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi. Saylovlarda mamlakatning 18 yoshga to‘lgan fuqarolari ovoz berish huquqiga ega, Fransiyadagi saylovchilarning umumiy soni 47 millionga yaqin. Respublikaning hozirgi prezidenti Fransua Ollandgacha Sharl de Goll, Jorj Pompidu, Valeri Jiskar d'Esten, Fransua Mitteran, Jak Shirak va Nikolya Sarkozi kabi siyosatchilar mamlakat rahbarlari bo‘lgan.

Saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 08:00da (Toshkent vaqti bilan soat 11:00) ochiladi va soat 20:00da yopiladi. Shu vaqtdan boshlab ilk natijalar e’lon qilina boshlanadi.

Bugun Fransiyaning dengiz ortidagi hududlarida prezident saylovi boshlangan (Hind okeanidagi Mayotta va Reyunon orollari, Tinch okeanidagi Yangi Kaledoniya va Uollis hamda Futuna orollari). Shuningdek, Fransiyaning Amerikadagi elchixona va konsulliklarida, G‘arbiy yarimshardagi Gvadelupa, Sen-Marten, Sen-Bartelemi, Gviana, Martinika, Sen-Per va Mikelon, shuningdek Fransuz Polineziyasida ovoz berish jarayonlari bo‘lib o‘tdi.

Saylov uchastkalari yopilishidan avvalroq ham natijalar ma’lum bo‘la boshlaydi. Saylov uchastkalari hududida jamoatchilik fikrini o‘rganish institutlari xodimlari saylovchilardan so‘rov o‘tkazadi va natijalar OAVga taqdim etiladi. Shu tariqa, saylovda g‘olib kim bo‘lganini rasmiy natijalardan avvalroq bilib olish mumkin bo‘ladi. Yakuniy natijalar bir necha soat ichida e’lon qilinadi.

Emmanuel Makron
«Marshda» harakati etakchisi va «Milliy front» partiyasi rahbarlari an’anaviy partiyalar vakillari emasligi tufayli prezidentlik poygasi davomida ko‘pchilikning noroziliklariga sabab bo‘lib turishibdi. Ammo Le Pen muxolifat vakili bo‘lsa, Makron Olland hukumati tarkibidagi odam edi.

Bir necha yil oldin uni deyarli hech kim tanimasdi: Makron Moliya vazirligida ishlar, bankir bo‘lgan, keyinroq Elisey saroyi bosh kotibi o‘rinbosariga aylandi. 2014 yilda u Iqtisodiyot vaziri etib tayinlandi. Faqat o‘shandagina u haqda eshita boshlashadi. Ikki yil o‘tib u hukumatdan chiqdi hamda o‘z loyihasini — «Marshga» harakati («En Marche») rivojlantirishga kirishdi.

Makron saylovlarda so‘l markaz nomzodi sifatida ilgari surildi (bir vaqtning o‘zida u o‘zini ham so‘lchilarga, ham o‘nglarga taalluqli hisoblaydi). U balandparvoz shiorlarni aytishni yoqtiradi, uning jamoatchilik bilan aloqalari yaxshi yo‘lga qo‘yilgandi va bu nashrlar Fiyon hamda Le Penga tinimsiz hujum uyushtirgani holda bu «suyukli» nomzodga teginmadi. Birinchi turdan oldin ham uni raqiblar qo‘llab-quvvatlashgandi. Jumladan Sosialistlar partiyasi vakillari. Yosh, harakatchan va yoqimtoy nomzod Fransiyaning bo‘lg‘usi prezidenti bo‘lish uchun nisbatan yaxshi imkoniyatga ega.

Prezident bilan munosabatlarini uzgan siyosatchi uning siyosatining asosiy yo‘nalishlarini saqlab qolinishni qo‘llaydi. Fransiya uchun yangilanishlar, Makronning fikricha, kadrlar orqali ro‘y berishi kerak: o‘zining bo‘lajak hukumatida u ayni paytdagi Vazirlar Mahkamasidan biror kishini ko‘rmoqchi emas. Biroq, Makron o‘z dasturi orqali amalga oshirmoqchi bo‘lgan choralar, Olland hayotga tatbiq etayotganidan kam farqlanadi. Xuddi o‘zining sobiq rahbari singari, sobiq vazir 35 soatlik ish haftasining saqlanishini, ta’lim sohasida bandlikni oshirish, byudjet iqtisodi va mehnat islohotlari saqlanishini istaydi. Mo‘’tadil markazchi Makron — Evropa integrasiyasi, shuningdek, Germaniya bilan ma’qullangan Rossiyaga nisbatan qat’iy siyosat yuritishning ashaddiy tarafdori hisoblanadi.

U saylovoldi kampaniyasi davrida 2022 yilga borib ishsizlik ko‘rsatkichlari hozirgi 10 foizdan 7,7 foizgacha tushishini va’da qilgan. U nogironlar uchun nafaqalarning minimal miqdorini oshirishni ham va’da bergan. Ushbu siyosatchi harbiy xarajatlarni ham hozirgi YaIMning 1,79 foizidan 2 foizigacha ko‘tarishni rejalashtirgan. U terrorizmga qarshi jiddiy kurashish tarafdori, u harbiy chaqiriqqa yoshlarni ham qizlarni ham jalb etishni tiklashni istamoqda.

Makron o‘zining evropaparast qarashlari bilan ma’lum. U Le Pen bilan debat vaqtida raqibini milliy manfaatlarga zid tarzda Germaniyaga yoqishga harakat qilishda aybladi. «Nima bo‘lgan taqdirda ham, Fransiyani baribir ayol kishi boshqaradi: yoki men, yoki Angela Merkel xonim», - deya hazil qilgan u.

Shu bilan birga u birinchi turdan keyin o‘z bayonotlarini o‘zgartirgan: saylovlarga bir hafta qolganida Frexit taklif etdi, ya’ni EI islohotlar o‘tkazishdan bosh tortsa, Frexit (Fransiyaning EI tarkibidan chiqishi) istiqboliga duch kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Makronning qayd etishicha, u «saylovoldi kampaniyasi davomida doim Evropa g‘oyasi va EI siyosatini himoya qilgan», chunki, uning fikricha, ular «Fransiya uchun zarur va mamlakat globallashuv jarayonida o‘z o‘rniga ega bo‘ladi». «Ayni vaqtda, biz vaziyatni baholashimiz, fuqarolarimizni eshitishimiz kerak, ularning bugungi kunda jahli chiqqan, EIning buzilgan faoliyati endi o‘tmaydi», - dedi Makron.

Marin Le Pen
Evroittifoqni tark etish bo‘yicha referendum o‘tkazish — Le Penning dasturidagi asosiy qism sanaladi. U mamlakatni Bryussel byurokratiyasidan xalos bo‘lishga faol tarzda chaqirib kelmoqda. U asosiy urg‘uni milliy manfaatlarga qaratishga undamoqda. O‘z chiqishlarida ushbu siyosatchi ko‘p marta «to‘rt suverenitet» haqida gapirdi: hududiy, iqtisodiy, valyuta va qonunchilik.

Le Pen shuningdek Fransiya huquq tartibot organlari faoliyatini kengaytirishni istamoqda. U shu maqsadda sohaga 15 ming nafar qo‘shimcha polisiyachilar va jandarmlar jalb etishni ko‘zlagan. Uning takliflaridan yana biri - milliy xavfsizlikka tahdid soluvchilarni mamlakatdan chiqarib yuborish.

U shuningdek mamlakatda bir jinslilar o‘rtasidagi nikohni taqiqlamoqchi.

Umuman olganda Le Penning partiyasi bugun o‘ng qanot funksiyalarini bajarmoqda: Fransiyada bu partiya ultrao‘ng deb atashadi, bu maqom Marin xonimning otasi Jan-Mari Le Pen davrida olingan. Uning qizi esa partiya pozisiyasini yumshoqlashtirdi va siyosiy spektr markazi tomon harakatlanish boshlandi.

Le Pen kelajakni bir qutbli dunyoda ko‘rmoqda, shu tufayli u AQSh bilan ham Rossiya bilan ham munosabatlarni rivojlantirish tarafdori. Uning so‘zlariga ko‘ra, Fransiyaning Rossiya bilan hech qanday tarixiy bahslashuvi yo‘q, shuning uchun bu ikki davlat munosabatlari mustahkamlanishi kerak. Qrimning Rossiyaga o‘tishi haqida esa Le Pen bu qrimliklarning irodasi ekani haqida aytib javob qaytargan.

Natijalar ma’lummi?
BFMTV telekanali buyurtmasi bilan Elabe kompaniyasi o‘tkazgan tadqiqot natijasi shundan dalolat qilmoqdaki, Makron mamlakat prezidentligi uchun o‘tkazilgan ilk telebahslardan so‘ng nomzodlar orasida etakchi. Ikkinchi turda Makron Le Penni 63 foiz olishi, Le Penga 34 foiz kishi ovoz berishi kutilmoqda, yana 3 foiz kishi hali aniq qaror qabul qilmagan.

Ikkinchi turga o‘ta olmagan siyosatchilar ham Fransiyaning bo‘lajak prezidenti Makron ekanini aytishmoqda. Xususan, «Respublikachilar» nomzodi Fransua Fiyon Makronning ustanligi 58 foizga 38 foiz ko‘rinishida bo‘lishini taxmin qilgan. «Bo‘ysunmas Fransiya» harakati etakchisi Jan-Lyuk Melanshon ham to‘la ustunlikni Makronga bergan, Le Penga esa uning taxminiga ko‘ra saylovchilarning 30 foizi ovoz berishi mumkin.

Ifop kompaniyasi o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra ham fransiyaliklarning 63 foizi Makronni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Saylovlar natijasi davomatga bog‘liq bo‘ladi. Ko‘plab siyosatchilar Le Penga qarshi chiqish uchun saylovchilarni saylovda ishtirok etishga da’vat qilganiga qaramasdan, bu safar davomat bo‘yicha eng past ko‘rsatkich qayd etilishi ham mumkin.

Shu bilan birga Le Pen partiyasi kuchsiz bo‘lib (2012 yilda Milliy Kengash uchun saylovda 577 o‘rindan atigi 2 o‘rin olingan), ikkinchi turga nomzodi chiqsada, har qanday raqibga yutqazishi tayin edi.

Ekspertlar uning birinchi turdagi natijasini yaxshi baholashgan. Birinchi turda unga 7,6 million kishi ovoz bergan va bu partiya rekordi hisoblanadi, ikkinchi turda kamida 10 million kishi ovozi olinishi va rekord yangilanishi mumkin.

Bu esa partiya kuchaygandan kuchayayotganini ko‘rsatadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Makron yoki Le Pen: Bugun Fransiyada yangi prezident saylanadi