13:32 / 25.09.2017
6 083

Telia va Coscom kompaniyalari​ ​o‘zbekistonlik davlat xizmatchilariga pora berganini tan oldi

Telia va Coscom kompaniyalari​ ​o‘zbekistonlik davlat xizmatchilariga pora berganini tan oldi
Poralar masalasida “Telia” xalqaro telekommunikatsiya kompaniyasi va uning O‘zbekistondagi filiali “Coscom” MChJ 965 million AQSh dollari miqdorida jarima to‘laydi. Bu haqda AQSh Adliya vazirligi 22 sentyabr kuni xabar berdi.

Telia Company AQSh Adliya vazirligi, Amerika qimmatli qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiyasi hamda korrupsiya ishini tekshirgan Shvetsiya va Niderlandiya prokuraturalari bilan kelishuvga erishdi.

"Bugungi kelishuv Telia kompaniyasi tarixidagi omadsiz bobni yakunlaydi. Yangi direktorlar kengashi va rahbariyat 2013 yildan buyon qanday xatoga yo‘l qo‘yilganligini anglash va xatolarni tuzatish, biz manfaatdor bo‘lgan barchaning ishonchini qayta qozonish uchun shijoat va mas’uliyat bilan ishlamoqda", — Telia kompaniyasining prezidenti va bosh ijrochi direktori Yoxan Dennelind.

AQSh va Niderlandiya hukumatlari Telia kompaniyasi 2007 yilda O‘zbekistonda litsenziya olish uchun pora sifatida Gibraltardagi Takilant ofshor kompaniyasiga 330 million dollar o‘tkazib berganini aniqlashgan. Bu kompaniya rasman Gulnora Karimovaning yaqin dugonasi va ishonchli odami Gayane Avakyanga qarashli bo‘lgan.

Telianing O‘zbekistondagi sho‘’ba korxonasi bo‘lgan Coscom ham ayblovni tan olgan. Kompaniyaga qo‘yilgan 548 million dollar jarima AQSh Adliya vazirligiga, 417 million dollarlik tovon puli AQSh qimmatli qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiyasiga to‘lanadi. AQSh Adliya vazirligiga to‘lanadigan pulning yarmi Niderlandiya prokuraturasiga, AQSh qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi to‘lanadigan pulning yarmi Shvetsiya prokuraturasiga beriladi.

Eslatib o‘tamiz, AQSh va Yevropadagi qator tergov organlari OAVda Telianing pora berganligi haqida maqolalar chop etilganidan so‘ng o‘z surishtiruv ishlarini boshlagan edi. Yuzaga kelgan janjaldan so‘ng TeliaSonera ichki surishtiruv o‘tkazilgani va to‘rt nafar top menejerlar ishdan bo‘shatilganini ma’lum qilgandi. Keyinchalik kompaniya TeliaSonera nomini Telia Company nomiga o‘zgartirgan.

Manba: sof.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Telia va Coscom kompaniyalari​ ​o‘zbekistonlik davlat xizmatchilariga pora berganini tan oldi