Shveysariya qishlog‘iga yangi ko‘chib borganlarga katta miqdorda pul to‘lanishi ma’lum qilindi

  • 22-11-2017, 22:25
  • 1 559
  • Dunyo
  • Shveysariya qishlog‘iga yangi ko‘chib borganlarga katta miqdorda pul to‘lanishi ma’lum qilindi
    Shveysariyaning Vale kantoni Albinen qishlog‘ida shu yilning 30 noyabr kuni ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tadi. U mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organining yangi siyosatiga bag‘ishlanadi. Qishloq boshqa shahar va mamlakatlardan ko‘chib kelish istagini bildirganlarga pul taklif qilishni rejalashtirmoqda.

    Oila yoki shaxs Albinenda uy sotib olishga yoki qurishga qaror qilsa, yoshi katta kishining har biriga 25 ming Shveysariya franki (203 079 000 so‘m) va yosh bola uchun 10 ming frank (81 231 400 so‘m) berish nazarda tutilmoqda. Bu to‘g‘risida Kun.uz ma’lum qildi.

    Dasturda ishtirok etishni xohlagan nomzod 45 yoshdan katta bo‘lmasligi hamda qishloqda kamida 10 yil yashashga rozilik berishi kerak. Bunda ko‘chmas mulk qiymati kamida 200 ming frankni tashkil etishi va doimiy yashash uyi bo‘lishi shart.

    Bu chora qishloq kelajagiga sarmoya hisoblanadi. Mahalliy hokimiyat organi yangi kelganlarning soliq to‘lashi, qurilishga pul tikishi va qishloq do‘konida xaridlarni amalga oshirishi orqali foyda ko‘rishni rejalashtirgan. Yoshlar esa qishloqqa hayotni qaytaradi. Hammasi rejadagidek bo‘lsa, mahalliy maktab ham faoliyatini qayta boshlaydi.

    Ayni vaqtda bu yerda atigi 240 kishi istiqomat qiladi, so‘nggi yillarda doimiy yashovchilarning ko‘pi qishloqni tark etdi. Ayniqsa, yosh oilalar ko‘chib ketmoqda. Qolgan fuqarolar qishloq kengashidan Albinen kelajagini qandaydir yo‘l bilan ta’minlashni talab qilgan.

    » » Shveysariya qishlog‘iga yangi ko‘chib borganlarga katta miqdorda pul to‘lanishi ma’lum qilindi