15:03 / 04.02.2018
4 339

AQSh siyosatchilari Prezidentimiz islohotlarini quvvatlamoqda

AQSh siyosatchilari Prezidentimiz islohotlarini quvvatlamoqda
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatida sezilarli o‘zgarishlar ro‘y berdi. Xalqaro ekspertlar, siyosatshunoslar, tahlilchilar, Markaziy Osiyo mintaqasi bilan qiziquvchi tomonlar O‘zbekistonda kechayotgan mazkur o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatib, olib borilayotgan islohotlar haqida o‘z xulosalarini bayon etmoqda, deb yozadi O‘zA.

O‘zbekistondagi fuqarolik jamiyati va nohukumat tashkilotlar faoliyati, ta’lim sohasidagi muammolar, yangi qarorlar hamda axborot vositalari, jurnalistika olamida kuzatilayotgan va kuzatilmayotgan siljishlar haqida xalqaro miqyosda turli doiralarda tashkil etilayotgan muloqotlar soni so‘nggi vaqtlarda birmuncha ortdi.

Ana shunday davra suhbatlari Vashingtonda ham tashkil etilib, muloqot davomida yirik tahlil markazlari vakillari "O‘zbekistonda islohotlar davri endi boshlanmoqda", deya xulosa qilmoqda.

Navbahor Imomova, "Amerika Ovozi" telejurnalisti, uzoq yillardan beri AQShning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosati va mintaqa bilan aloqalarini yoritib keladi. Vashingtonda tanilgan o‘zbek mutaxassis. Kasbiy faoliyatini O‘zbekistonda boshlagan. Hindiston va AQSh universitetlarida jurnalistika sohasida o‘qigan. Garvard universitetining davlat boshqaruvi bo‘yicha Jon Kennedi nomidagi oliy maktabini bitirgan.

— Onlayn, ya’ni internetga asoslangan axborot manbalari faollashdi va rang-baranglashdi – mazmun va ko‘lam jihatdan. O‘zbekistondagi hayotni kengroq yoritishga intilayotgan, qiziqarli materiallar berayotgan, mahalliy manbalarga tayanib, muntazam axborot uzatayotgan vositalar ko‘paydi.

Jamoatchilik fikriga e’tibor oshdi. Mahalliy mutaxassislar, jamoatchi faollar va oddiy fuqarolar ham bugun O‘zbekiston axborot vositalarida ko‘proq so‘zlamoqda, fikr almashmoqda. Bu uzoq yillar faqat rasmiy xabarlarni berish bilan band bo‘lgan matbuot uchun progress.

Erkinlik shabadasi esa boshladi, deydigan jurnalistlar ko‘p, lekin malaka va uquv pastligi tub muammo bo‘lib qolmoqda. O‘tkir jurnalistlar yetishtiradigan dargohlar vujudga kelishi kerak. Jurnalistika ta’limida islohotlar zarur.

Achinarlisi, hukumatning axborot vositalariga nisbatan munosabati va yondashuvi o‘zgarmagan. Davlatning ishi ularni nazorat qilish emas, ularni o‘ziga bo‘ysundirish, axborot oqimini to‘sish emas, balki xalqqa uning faoliyati haqida haqqoniy va xolis xabarlar yetib borishini ta’minlashdan iborat bo‘lishi kerak.

Dunyoda hukumat borki, informatsion ta’sirga ega bo‘lishni xohlaydi va shunga harakat qiladi. Lekin bu jurnalistlarning erkinligini bo‘g‘ish yoki axborot vositalarini o‘z izniga olish degani emas. Bugungi O‘zbekistonda hamon shunga guvohmiz va erkinlikka erishish yo‘lida qilinadigan ishlar talaygina.

Islohotlar samara bersin desak, nafaqat jurnalistlar, balki hukumatning o‘zi ham professionallashishi kerak. Xalq ishonchli axborotga ega bo‘lishi kerak. Bu esa hukumatning ham to‘g‘ri axborotga ega bo‘lishini talab qiladi. Demak, jurnalistlar mana endi haqiqiy informatsion elchilarga aylanishi kerak bo‘ladi.

Mutasaddilar matbuot xodimlari bilan ishlashni o‘rganib, jurnalistlar mustaqil tomon bo‘lishi shartligini tan olib, ular bilan kasbiy etikaga asoslangan hamkorlik o‘rnatmas ekan, axborot vositalari xalq va davlat orasidagi ko‘prik bo‘la olmaydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSh siyosatchilari Prezidentimiz islohotlarini quvvatlamoqda