08:04 / 22.03.2018
6 230

Kimlar Putinni tabriklamadi?

Kimlar Putinni tabriklamadi?
Xabaringiz bor, shu yilning 18 mart kuni Rossiyada navbatdagi prezident saylovi bo‘lib o‘tdi. Unda amaldagi prezident Vladimir Putin mutlaq ustunlik bilan g‘olib chiqdi. Saylovdagi g‘alabasidan keyin unga ko‘plab davlat va hukumat rahbarlari o‘z qutlovlarini yo‘llashdi.

«Vlasti.net» portali Putinni kimlar g‘alaba bilan tabriklamagani haqida maqola e’lon qilganini Xabar nashri ma’lum qildi. Quyida qaysi davlatlarning rahbarlari Putinni saylovdagi g‘alabasi bilan tabriklamaganini bilib olishingiz mumkin.

Fransiya
19 mart oqshomida Kreml rasmiy saytida «Fransiya tarafining tashabbusi bilan» Vladimir Putin va Emmanuel Makron o‘rtasida telefon suhbati bo‘lib o‘tgani haqidagi xabar paydo bo‘ldi. Unda Fransiya prezidenti Vladimir Putinni saylovdagi g‘alabasi bilan tabriklagani va ikkitomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish haqida fikrlarini bayon qilgani aytiladi.

Ammo Yelisey saroyining kommyunikesida Makronning Putinni tabriklagani haqida hech qanday gap yo‘q. Xabarga ko‘ra Fransiya prezidenti Putin bilan suhbatida Rossiya va Yevropa munosabatlaridagi muammolar, jumladan GRUning sobiq polkovnigi Sergey Skripalning zaharlanashi, Suriyaning Afrin va Sharqiy Guta hududlarida tinch aholining halok bo‘lgani, Rossiyaning Qirimni bosib olishi, shuningdek Minsk kelishuvining bajarilishi borasidagi muammolar haqida gapirgan.

Germaniya
Germaniya kansleri Angela Merkel haqiqatan ham Putinga telegramma jo‘natib, uni tabriklagan. Ammo, shu bilan birga, o‘z telegrammasida ikki davlat o‘rtasidagi muloqot va munosabatlarning susayishiga yo‘l qo‘ymaslik hozir har qachongidan ham muhimligini ta’kidlagan hamda Rossiya rahbarini «ikkitomonlama va xalqaro muammolarni konstruktiv ravishda hal etishga va barqaror yechimlarni izlashga» chaqirgan.

Buyuk Britaniya
Ushbu maqola e’lon qilingan paytgacha Buyuk Britaniya tomonidan hech kim Putinni rasman tabriklagani yo‘q edi. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, London va Moskva o‘rtasida telefon orqali muloqot o‘tkazish rejalashtirilmagan.

Saylovning ertasi kuni, Kreml tabriklarni qabul qilish bilan ovora bo‘lib turgan bir paytda, Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey Solsberi shahrida Sergey Skripal va uning qizi Yuliyaning zaharlanashiga faqatgina Rossiya aloqador deya yana bir bor e’tirof etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «boshqacha bo‘lishi mumkin emas», Moskvada bu ishni qilish uchun «motiv va imkoniyat mavjud» bo‘lgan.

Polsha
Polsha prezidenti Anjey Duda ham Putinni saylovdagi g‘alabasi bilan tabriklamaslikni ma’qul ko‘rgan. Bu haqda prezident devoni rahbari Kshishtof Sherskiy ma’lum qilgan.

Bundan tashqari Polsha Rossiyadagi saylov natijasini tan olishdan bosh tortgan. Chunki Polsha hukumati Qrimda o‘tgan saylovni noqonuniy deb hisoblaydi.

«Biz Ukrainaning hududiy yaxlitligini hurmat qilishga chaqiramiz va Qirimni Ukrainaning hududi deb bilamiz. Shunday ekan, Rossiya Qrimda o‘tkazgan saylov qonuniy hisoblanishi mumkin emas», — deyiladi Polsha tashqi ishlar vazirligining bayonotida.

Avstriya
Avstriya ma’murlari ham Vladimir Putinni saylovdagi g‘alabasi bilan tabriklamaslikka qaror qildi. Bundan tashqari mamlakat Qrimda o‘tgan saylovning natijasini tan olmasligini ham ma’lum qilgan.

«Avstriya nuqtai nazaridan Qirimning Rossiya tomonidan bosib olinishi huquq normalariga zid ish bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Yevropa ittifoqining pozitsiyasi ham shunday. Shunday ekan, u yerda Rossiya parlamenti va prezidenti saylovi o‘tkazilishi mumkin emas», — deydi Avstriya prezidenti Aleksandr Van der Bellen.

Ukraina
Tabiiyki, Kreml Ukrainadan ham tabriknoma olmadi. Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko Qrimda o‘tgan Rossiya prezidenti saylovini «Rossiya tomonidan xalqaro huquq normalarining navbatdagi qo‘pol ravishda buzilishi» deb atadi va uning natijasini tan olishdan bosh tortdi.

Boshqa davlatlar
Maqola e’lon qilinayotgan paytgacha Islandiya, Belgiya, Daniya, Niderlandiya, Norvegiya, Shvetsiya, Ruminiya, Portugaliya, Latviya, Estoniya, Litva va boshqa davlatlarning rahbarlari ham Vladimir Putinni yangi muddatga prezident etib saylangani bilan tabriklamagan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kimlar Putinni tabriklamadi?