AQSh telekanali mushukning simyog‘ochdan tusha olmayotganini 1,5 soat namoyish qildi

  • 28-03-2018, 13:03
  • 1 396
  • Dunyo
  • AQSh telekanali mushukning simyog‘ochdan tusha olmayotganini 1,5 soat namoyish qildi
    26 mart kuni AQShning Arizona shtati telekanali ABC15 elektr uzatish liniyasi ustunlaridan birida bir necha kundan beri Jipsi laqabli mushuk qolayotgani va u ustundan tusha olmayotgani haqida xabar olgan. Jurnalistlar voqea joyiga borib, u yerdan Feysbuk’da namoyish olib borishgan. Bu haqda Kun nashri xabar bermoqda.

    Namoyish 1,5 soatga yaqin davom etgan. Mushukning harakatlarini muxbir sharhlab turgan: mushuk goh osoyishta o‘tirgan, goh uxlamoqchi bo‘lgan, ba’zi onlarda simlarda chalkashib, pastga ag‘anab tushay degan. ABC15’ning bu efiri 500 mingdan ko‘proq odam e’tiborini tortgan. Tomoshabinlar mushuk taqdiridan xavotir bildirishgan. Feysbukdagi videoga 20 mingga yaqin izoh qoldirilgan.

    Namoyish vaqtida bir kishi uzun yog‘ochga chelakni mahkamlab, u yordamida mushukni pastga tushirmoqchi bo‘lgan. Biroq mushuk chelakka tushishga qaror qilmagan.


    Kadr: ABC 15

    Namoyish o‘rtalarida foydalanuvchilar tashabbusni o‘z qo‘llariga olib, qutqaruv xizmati raqami – 911’ga telefon qila boshlashgan. Natijada Finiksning o‘t o‘chirish departamentiga jurnalistlar orqali foydalanuvchilarga ularga qo‘ng‘iroq qilmaslikni so‘rashiga to‘g‘ri kelgan. O‘t o‘chiruvchilar “vaziyatdan xabardor ekanliklari” va bu haqda muntazam qo‘ng‘iroqlar bo‘layotgani sababli boshqa zarur qo‘ng‘iroqlarni o‘tkazib yuborishlari mumkinligini aytishgan.

    Onlardan birida tasvir yo‘qolib qolib, o‘rniga qora ekran paydo bo‘lgan. Shunda foydalanuvchilar mushuk ustundan yiqilib, nobud bo‘ldi, deb qo‘rqib ketishgan. Keyinroq tasvir yana uzatilishda davom etgan, biroq endi mushuk ustun ustida ko‘rinmagan. Telekanalning ma’lum qilishicha, mushukni narvon olib kelib, bir kishi tushirib olgan. Shu bilan minglab odamlarni xavotirda ushlab turgan namoyish ham poyoniga yetgan.

    » » AQSh telekanali mushukning simyog‘ochdan tusha olmayotganini 1,5 soat namoyish qildi