16:30 / 28.03.2018
4 658

Kemerovodagi «Bolalar uchun qiynoqxona». Kim aybdor?! (video)

Kemerovodagi «Bolalar uchun qiynoqxona». Kim aybdor?! (video)
25 mart kuni Rossiyaning Kemerovo shahrida joylashgan «Zimnyaya vishnya» savdo markazida yirik yong‘in yuz berdi.

Yong‘in talafotlari soat sayin o‘sib bormoqda. Ayni vaqtga kelib, qurbonlar soni kamida 56 nafarga yetgan, o‘nlab kishilar bedarak yo‘qolgan, shifoxonaga olib borilgan 84 kishidan 12 nafari og‘ir ahvolda qolmoqda. Qurbonlarning aksari yosh bolalar bo‘ldi. Ularning aksari is gazidan bo‘g‘ilib jon bergan.

Hodisa oqibatida nafaqat odamlar, balki jonivorlar ham ofat qurboni bo‘ldi: savdo markazining uchinchi qavatidagi kichik hayvonot bog‘ida 200ga yaqin jonivor saqlangan.

Yong‘in 1,5 ming kv metr maydonni qamrab oldi. Hodisa joyida 300 nafardan ortiq o‘t o‘chiruvchi, 60dan ortiq texnika ish olib bordi, ayni paytda yong‘in chiqqan to‘rtinchi qavatda yong‘in o‘chirilib, qidiruv-qutqaruv ishlari boshlangan.

Fojia vaqtida viloyat gubernatori Aman Tuleyevning yaqin qarindoshi — yosh qizcha ham halok bo‘ldi.

Yong‘in qurbonlarining oilalariga 1 million rubldan tovon puli berilishini ma’lum qilar ekan, gubernator hodisa yuzasidan shaxsan o‘zi ham qayg‘uda ekanligini aytdi.

«Afsuski, yaqin qarindoshim, yosh qizcha ham halok bo‘ldi», — dedi u.

Qurbonlarning oilalari bilan psixologlar, ijtimoiy ishchilar va shifokorlar ishlamoqda.

Kim aybdor?

Mahalliy hukumat xulosasiga ko‘ra, savdo markazi xavfsizlik sohasida qator qoida buzilishlarga yo‘l qo‘ygan holda faoliyat olib borgan.

«Bizdagi dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerda judayam ko‘p qoidabuzarliklar bo‘lgan, jumladan, favqulodda vaziyatda evakuatsiya qilish masalasida… Savollar ko‘p, masalan, nima uchun eshiklar ochilmay qolgan», — deya gubernator o‘rinbosari Vladimir Chernovning so‘zlarini keltirgan TASS.

O‘t o‘chirish xizmati bo‘yicha davlat inspektori Rinat Yenikeyevning aytishicha, savdo markazi tekshiruvdan o‘tishi kerak bo‘lgan, ammo ta’til tufayli bu tekshiruv o‘tkazilmay qolgan.

«Bu yerda 2016 yilda tekshiruvdan o‘tkazilishi kerak edi. Ammo bu ob’ekt kichik biznesga taalluqli bo‘lgani tufayli nazorat ta’tili vaqtida tekshiruvdan qutilib qolishgan», — degan u.

Guvohlarning qayd etishicha, yong‘in boshlanganida binodan odamlarni evakuatsiya qilish juda yomon tashkil etilgan, xususan, signalizatsiya ishlamagan, kompleks xodimlari bu vaziyatda qanday harakat qilishni bilishmagan.

Yong‘in boshlangach, uchinchi va to‘rtinchi qavatlardagi kinozallar qulab tushgan va ichkaridagilarning chiqib ketishi imkonsiz ishga aylangan. Jasadlarning aksar qismi kinozallardan topilgan — bolalar va o‘smirlar, ular yong‘in zalga yopirilib, zalni qiynoqxonaga aylantirgunicha xushchaqchaqlik bilan multfilmlar va filmlar tomosha qilib o‘tirishgandi. Bu «Olovli kamera» tutuniga 3 daqiqadan ortiq dosh berib bo‘lmasdi. Savdo markaziga kattalarsiz kelgan bolalar bu vaziyatda umuman ilojsiz qolishgan va osongina nobud bo‘lishgan.

«Bu shunchaki dahshat… Odatdagi dam olish kuni edi. «Zimnyaya vishnya» savdo markazi liq to‘lgan. Signalizatsiya ishlamadi. Kinozaldan otilib chiqqanimizda, biz yo‘lak qalin tutunga to‘lganini ko‘rdik, tutun bolalar o‘yin maydonchalari joylashgan hududdan va ikkinchi kinozal tomondan bostirib kelardi — u tomon umuman ko‘rinmasdi. Zo‘rg‘a nafas olardik», — dedi bino ichidan omon chiqqanlardan biri Anna Zarechneva.

Uning aytishicha, yong‘in chiqqanida ham kino namoyish etishda davom etishgan. Kimdir eshikni ochgan va yong‘in boshlanganini aytgan, shundan so‘ng hamma hayot uchun kurash boshlagan.

«Odamlar birgina tor eshik tomon yopirildi… Zinagacha yugurib bordik: ammo u yer ham odamlar bilan to‘la edi, ular vahima bilan pastga qarab intilishardi. Hamma tomon bolalar yig‘isi bilan to‘lgan… Zina oldida odam ko‘paygandan ko‘payib borardi, hamma vahimada edi, olomon o‘rtasidagi erkaklar vahima solmaslikni so‘rab, behuda qichqirishardi: «Vahima qilmanglar! Xotirjamlik bilan harakatlaning! Biz barchamiz chiqib ketamiz!» Kimdir yiqilib tushdi. Unga yordam berish kerak edi… Administrator esa qaqqaygancha turar va nima qilarini bilmasdi», — deya qo‘shimcha qilardi Zarechneva.

Yana bir guvoh evakuatsiya ishlari juda yomon olib borilganini tasdiqlagan.

«Biz uchinchi kinozalda edik. Film qo‘yilgandi. Birdan oldingi o‘rindiqdagilar chiqib keta boshladi. Kimdir qichqirdi: «Yong‘in!» Biz oxirgi o‘rindiqda edik… Zaldan chiqqanimizda hammayoq qora tutunga burkangandi. Kimdir chapga, kimdir o‘ngga qarab chopardi, chiqish eshiklari yopiq edi. Yigitlar atrofdagi eshik va derazalarni sindirishga harakat qilishardi. Keyin kimdir bizni zina tomon boshladi. Men olov qaysi tomonda chiqqanini bilmasamda, uning ortidan ergashdim. Biz tutun tufayli nafas ololmay qolayotgandik. Men to‘g‘ri qilgan ekanman va biz omon chiqdik», — deya hikoya qiladi Tatyana.

«Men bolalar bilan edim. Olti bola bilan. Biz uyoqdan-buyoqqa chopdik, hech kim bizga yordam beray demasdi. Keyin bir yosh bola maslahat berdi: «O‘zinglar harakat qilinglar», — deya qo‘shimcha qiladi voqeaning boshqa bir ishtirokchisi Yekaterina.



Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kemerovodagi «Bolalar uchun qiynoqxona». Kim aybdor?! (video)