00:33 / 04.08.2018
4 876

Usama bin Lodinning onasi bilan intervyu (foto)

Usama bin Lodinning onasi bilan intervyu (foto)
«Al-Qoida» terrorchilik guruhining asoschisi va yetakchisi Usama bin Lodinning onasi Aliya Ganem Britaniyaning The Guardian gazetasiga intervyu berdi. Hozir u Saudiya Arabistoni g‘arbida joylashgan Jidda shahridagi hashamatli uyda Usama bin Lodinning ukalari - Ahmad va Hasan hamda ikkinchi turmush o‘rtog‘i - Muhammad Al-Attas bilan birga yashaydi.

11 sentyabr voqealaridan keyin deyarli 17 yil o‘tgach, Usama bin Lodinning oilasining hamon Saudiya jamiyatida ta’siri baland bo‘lib turibdi, shuningdek, u podshohlik tarixidagi eng yoqimsiz onni eslatadi, deya ta’kidlaydi gazeta.

«Mening hayotim juda og‘ir edi, chunki u [Usama bin Lodin] mendan juda uzoqda edi. U juda yaxshi bola edi va meni juda yaxshi ko‘rardi», - deydi onasi.

Aliya Ganemning aytishicha, Usamani uch yoshidan boshlab aynan uning ikkinchi turmush o‘rtog‘i katta qilgan.

The Guardian’ning qayd etishicha, Usama bin Lodin oilasi qurilish imperiyasiga kirishi sababli hamon podshohlikning eng boy oilalaridan biri bo‘lib turibdi. Hozirgi Saudiya Arabistonining ko‘p qismini aynan ular qurishgan.

Ko‘p yillar davomida Aliya Ganem, xuddi uning butun oilasi kabi, o‘g‘lining faoliyati haqida jamoatchilik bilan muloqot qilishni rad etib kelgan. Shuningdek, u Usama bin Lodin «Al-Qoida» terrorchilik guruhiga yigirma yil davomida rahbarlik qilganida, Nyu-York va Vashingtonga zarbalar berilgan davrda hamda Usama Pokistonda o‘ldirilganidan so‘ng to‘qqiz yil davomida hech qanday intervyu bermagan.

Ta’kidlanishicha, Saudiya davlatidagi eng nufuzli oilalaridan birining harakatlanishi va o‘zaro aloqalari jiddiy kuzatuv ostida qolmoqda. Aynan shuning uchun intervyu uchun rasmiylardan ruxsat olish talab etildi, uni Saudiya Arabistonining 32 yoshli shahzodasi, mamlakat yangi rahbariyati vakili bo‘lgan Muhammad bin Salmon taqdim etdi.

Saudiya hukumati vakili ishtirokida o‘tkazilgan intervyu vaqtida Usama bin Lodinning oilasi o‘zini o‘ta ehtiyotkor tutgan.

Ona o‘zining birinchi farzandi - Usama bin Lodinni uyatchan, biroq o‘qishga qobiliyatli bola sifatida eslaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, universitetdagi odamlar uni o‘zgartirgan va u boshqa odamga aylangan.

Foto: Camera Press
«U 20 yoshida miyasiga yot g‘oyalarni singdirgan odamlarni uchratmasidan avval juda yaxshi bola edi. Siz buni kult, deb atashingiz mumkin. Ular o‘z ishi uchun pul olgan. Men unga doimo ulardan uzoqroq yurishni aytardim, hamda u hech qachon menga nima qilayotganini aytmasdi, chunki u meni juda yaxshi ko‘rgan», - deya eslaydi Aliya Ganem.

Onaning aytishicha, u universitetda uchratgan odamlardan biriga keyinchalik Saudiya Arabistonidan quvib yuborilgan va Usama bin Lodinning diniy maslahatchisi bo‘lgan, «Musulmon birodarlar» tashkiloti a’zosi Abdulla A’zam aylandi.

1980-yillarning boshlarida Usama bin Lodin Afg‘onistonga jo‘nab ketgan.

Onaning so‘zlariga ko‘ra, u Usama jihodchi bo‘lishini hech qachon xayoliga keltirmagan. O‘g‘li kimga aylanganini tushungach, juda xafa bo‘lgan. Shunga qaramay, ukasi Ahmadning aytishicha, onasi kamdan-kam holatlarda ob’ektiv guvohdir.

«17 yil o‘tdi [11 sentyabrdan beri], hamda u hamon Usamani inkor etmoqda. Uni shu daraja yaxshi ko‘rganki, hatto ayblashdan bosh tortmoqda. Buning o‘rniga, u atrofdagilarni ayblaydi. U faqat yaxshi bolaning bu tomonini biladi, bizning barchamiz ko‘rgan tomonni. U uning boshqa tomonini baribir ko‘rmadi», - deya so‘z olgan Ahmad.

Foto: David Levene/The Guardian
Ahmadning so‘zlariga ko‘ra, Nyu-Yorkdan 11 sentyabr fojiasi haqida xabarlar kela boshlagach, oilasi boshidanoq bu ularning akasi Usama bo‘lganini bilgan.

«Men shokka tushgandim. Bu g‘alati tuyg‘u edi. Biz dastlabki 48 soat davomida bu Usama bo‘lganini bilgan edik. Hammamiz dahshatli oqibatlar bilan to‘qnash kelishimizni bilardik», - deydi Ahmad.

Oila a’zolarining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi marta Usama bin Lodinni 1999 yilda Afg‘onistonda, Qandahor yaqinidagi bazaga ikki bor tashrif buyurganlarida ko‘rishgan.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Usama bin Lodinning onasi bilan intervyu (foto)