08:01 / 06.08.2018
3 669

Nikolas Maduroni dron yordamida o‘ldirishmoqchi bo‘lishdi, biroq uni «muhabbat qalqoni» asrab qoldi

Nikolas Maduroni dron yordamida o‘ldirishmoqchi bo‘lishdi, biroq uni «muhabbat qalqoni» asrab qoldi
2018 yilning dastlabki 6 oyida inflyatsiya darajasi jahondagi eng yuqorisi — 12.615 foiz bo‘lgan Venesuelaning prezidenti Nikolas Maduroni o‘ldirib qo‘yishlariga bir bahya qoldi.

4 avgust kuni prezidentga tajovuz qilganlar original usul tanlashgan. Ular boshqariladigan dronga bomba ilishgan. Bu vaqtda Maduro mamlakat poytaxti Karakasdagi bosh maydonda Milliy bolivar gvardiyasi tashkil topganining 81 yilligiga atab rafiqasi va a’yonlari qurshovida nutq iroda qilayotgan edi.

Maduro Kolumbiya demokratik muxolifati va AQShlik terrorchilarni suiqasdda ayblab chiqib bo‘ldi.

Muvaffaiyatsiz chiqqan suiqasd natijasida 7 nafar harbiy yaralangan.

Prezident nutqi milliy televideniye orqali jonli efirda namoyish etilayotgan edi. Avvaliga qarsillagan ovoz eshitiladi. So‘ngra prezident va uning atrofidagilar osmonga qarashadi. Kadr umumiy planga ko‘chadi. Harbiy paradga tayyor turgan harbiylar tumtaraqay qocha boshlashadi. Shu bilan efir uziladi.

«Dron men tomon uchib kelayotgan edi. Lekin meni muhabbat qalqoni himoya qildi. Men yana ko‘p yillar yashashimga ishonchim komil», degan Maduro.

Associated Press’ning voqea joyidan xabar berishicha, aslida dronda bomba emas, yon atrofdagi uylardan birida gaz ballon portlagan bo‘lishi ham mumkin. Chunki o‘sha yerdagi uylardan biridan tutun chiqa boshlaganini agentlik hamsuhbatlaridan biri aytib bergan.

Lekin bu versiyaga ters o‘laroq, hujum uchun «Flanel askarlar» guruhi hujum uchun mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olgan. Bu guruhni 2017 yil iyunida Venesuela Oliy sudini granataparron qilgan, keyinchalik o‘ldirilgan sobiq politsiyachi Oskar Peres tashkil etgan. Maduro tarafdorlarining fikricha, Peres AQShning Markaziy razvedka byurosi bilan aloqador bo‘lgan.

Guruh S4 portlovchi moddalari bilan jihozlangan ikkita dronni prezident saroyiga uchirishni maqsad qilishgan. Faxriy soqchilar snayperlari dronlar manzilga yetib borishidan avval ularni urib tushirishgan. Guruh prezidentga yangi suiqasd uyushtirishni va’da ham qilgan.

«Ularning zaif joylari borligini ko‘rsatib berdik. Bugun maqsadimizga erishmagan bo‘lsak hamki, buyog‘i vaqt hukmida», degan guruh.

Suiqasddan so‘ng Maduro bir necha tomonni, jumladan 2015 yilgi iqtisodiy inqirozdan buyon tarang munosabatlar saqlanib kelinayotgan qo‘shni Kolumbiyani ham hujumda ayblab chiqdi. Kolumbiya tomoni ayblovlarni asossiz deb baholashdi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Nikolas Maduroni dron yordamida o‘ldirishmoqchi bo‘lishdi, biroq uni «muhabbat qalqoni» asrab qoldi