14:39 / 19.08.2018
7 952

Haybar jangi

Haybar jangi
Islom tarixini o‘qigan kishi yahudiylarning Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga nisbatan dushmanchilik munosabatida bo‘lganliklari va doim Ul zotga adovat saqlaganliklarini guvohi bo‘ladi. Ayniqsa, ular Handaq jangida Madinaga bostirib kelgan, axzobni (guruh, firqalarni) musulmonlarga qarshi qayrashda katta tashabbus ko‘rsatdilar. Hijriy yettinchi yilning muharram oyida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Haybar yahudiylariga qarshi jangga tayyorgarchilik ko‘rishga buyurdilar.

Haybar qal’alardan iborat bo‘lib, ularning dehqonchilik qiladigan ekinzorlari va sakkizta istehkom qo‘rg‘onlari bor edi. Ular Madinaga shimoliy g‘arb tomondan taxminan yuz chaqirim uzoqlikda edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning birinchi qo‘rg‘onini olti kun qamal qildilar. Yettinchi kuni Umar ibn Xattob roziyallohu anhu qo‘rg‘ondan chiqqan bir yahudiyni ushlab oldilar. Uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga olib keldilar. Qo‘rqib ketgan yahudiy:

– “Agar meni omon qoldirsangiz, sizning muvaffaqiyatingiz garovi bo‘lgan bir ishga sizlarni dalolat qilaman. Qo‘rg‘on ichidagilar qattiq mashaqqat va qiyinchilikdan holdan toydilar. Ular bola-chaqalarini orqadagi qo‘rg‘onga chiqarib yuborib, ertaga sizlarga qarshi jang qilish uchun chiqadilar”, – dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

“Ertaga, Alloh va Uning Rasuli yaxshi ko‘radigan, Allohni va Uning Rasulini yaxshi ko‘radigan kishiga bayroqni beraman. Alloh bizlarga uning qo‘liga ko‘ra g‘alabani bergay”, – dedilar.

Tong otgach, Ali ibn Tolib roziyallohu anhuni chaqirdilar. Uning ko‘zi og‘riyotgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga duo qilib, muborak tupuklaridan uning ikki ko‘ziga surtib qo‘ydilar. Shu ondayoq ko‘zlari shifo topdi. So‘ng bayroqni unga torshirdilar. Musulmonlar yahudiylarga kutilmaganda sherdek hujum qildilar. Sarosima ichida qolgan dushman ortiga qarab qochishdan boshqa chora topa olmadi. Qo‘rg‘on fath qilindi. Musulmonlar qolgan qo‘rg‘onlarni ham ketma-ket ishg‘ol qildilar. Nihoyat, dushman ustidan to‘liq g‘alabaga erishdilar. Hamd Alloh uchundir! Alloh bu jangda yahudiylarni xor qildi. Mo‘min bandalarining qo‘llarini baland qildi. Mo‘minlar yahudiylarning mol-mulklarini g‘animat qilib oldilar. Ularning yerlariga ega bo‘ldilar.

Yahudiylar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ziroat bilan shug‘ullanib, hosilning yarmini musulmonlarga berish sharti bilan o‘z yerlarida qolishlariga izn so‘radilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

“Biz o‘zimiz istagan narsada sizlarga ruxsat beramiz”, – deb ularga imkon berdilar.

Umar roziyallohu anhu o‘zlarining halifalik davrlarida ularni Taymo va Urayho degan joylarga ko‘chirib yubordilar. Buning sababi, yahudiylar Haybarda tunab qolgan ansoriylardan birini o‘ldirish uchun bir qulni qo‘zg‘adilar. Endi ularning Haybarda qolishiga musulmonlarning extiyoji qolmagan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan yahudiylar o‘rtasidagi shart esa, Ul zotning “Biz o‘zimiz istagan narsada sizlarga ruxsat beramiz” degan so‘zlariga ko‘ra, Umar roziyallohu anhu ularning ustidan musulmonlar istagan hukmni chiqardilar.

Ular musulmonlarga dushmanchilik qilishgach, Umar roziyallohu anhu ularning xizmatlaridan voz kechdilar. Shunday qilib, hijriy yigirmanchi yili ularni Taymo va Urayho degan joylarga ko‘chirib yubordilar. Ushbu g‘azotda bir yahudiy ayol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga zaharlangan qo‘y go‘shtini hadya qildi. Go‘shtdan o‘zlari va bir necha sahobalar yedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam go‘shtni bir ikki chaynab og‘izlaridan chiqarib tashladilar. So‘ng o‘sha ayolni chaqirib:

“Seni bunday qilishga nima undadi?” – deb so‘radilar. Ayol:

– Agar sen podshohlikni istayotgan bo‘lsang, sendan qutulishni xohladim. Agar payg‘ambar bo‘lsang, meni ishim haqida senga xabar beriladi deb o‘ylagan edim, – dedi.

Oisha roziyallohu anho aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlariga sabab bo‘lgan kasallikka chalinganlarida: “Ey Oisha, men hanuz Haybarda yegan taomning alamini totayapman”, deganlar”.

Ushbu tarix yahudiylar bilan Islom ahli o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Alloh ularning sodir etgan xiyonatlariga ko‘ra jazoladi.

“Ahli kitoblarning ko‘pchiligi o‘z hasadlari bilan sizlarni imonli bo‘lganingizdan keyin yana kufrga qaytarishni xohlaydi” (“Baqara” surasi, 109-oyat).
Toshkent tumani “Xolmuhammad ota” jome masjidi
imom–xatibi Avazxo‘ja Baxromov manbalar asosida tayyorladi

Manba: Fitrat.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Haybar jangi