15:56 / 10.09.2018
6 246

Inson boshqa sayyoralarda qancha vaqt yashay oladi?

Inson boshqa sayyoralarda qancha vaqt yashay oladi?
Foto: NASA
Oyga parvoz, osmosning oʻzlashtirilishi, Marsning “yerlashtirilishi”: insoniyat oʻzini Quyosh tizimining toʻliq egasi deya hisoblamoqda. Bu qanchalik haqiqat, biz kosmosda (Mars, Merkuriy, Venera va hokazo sayyoralarda) yashab keta olamizmi? Olimlar bu savollarga javob izlashdi, Mars, Merkuriy va boshqa Quyosh sayyoralarida inson qancha vaqt yashay olishini mavjud maʼlumotlar asosida hisoblab chiqishdi.

Merkuriy. Quyoshga eng yaqin joylashgan bu sayyorada odam 0,001 soniyadan ortigʻiga dosh bera olmaydi. Ortiqcha izohning hojati yoʻq...
Harorat: kunduzi — +427 °C, kechasi — -173 °C.

Venera. Sayyora atmosferasining 98 foizi karbonat angidrid gazidan iborat, kamiga u sulfat kislota bulutlari qurshovida. Bu “kimyo laboratoriyasi”da odam bir soniya (0,94 soniya) ham yashay olmasdi (haroratning oʻta yuqoriligi alohida mavzu).
Harorat: +470 °C.

Mars. Ammo bizni apelsinrang Mars koʻproq qiziqtirmoqda. Shuning uchun ham Elon Maskning butun diqqati “Qizil sayyora”ga qaratilgan-da. Agar yengilroq skafandr boʻlsa, odam bu yerda bir necha kun, skafandrsiz esa 80 soniya yashay olarkan.

Shuni ham unutmaslik kerak, Mars atmosferasi 95 foiz karbonat angidrid gazidan tashkil topgan.
Harorat: oʻrtacha -55 °S, ekvatorda 20 °C, qutblarda -153 °C.

Yupiter — Quyosh tizimidagi eng yirik bu sayyorada inson 1 soniya yashay oladi. Ammo “qattiq yer”ga oyoq qoʻyishga umid qilmasa ham boʻladi, Yupiter asosan vodorod va geliydan iborat ulkan gaz qoplamidan iborat.
Harorat: qattiq yuzasi boʻlmagani uchun sayyoraning haroratini oʻlchash qiyin. Shunga qaramay, Yupiter atmosferasining yuzasida olib borilgan oʻlchashlar bu -145 °C ekanini koʻrsatdi. Atmosfera bosimi Yernikidan oʻn karra yuqori qismida harorat 21 °S, sayyora yadrosida esa Quyosh yuzasidagidan ham yuqori — 35 700 daraja issiq.

Saturnda inson bir soniya ham yashay olmaydi. Gap bu yerdagi zaharli gazlar haqida ham emas. Bu yerda shamol tezligi soatiga 1800 kilometrga yetadi. Chunki sayyora oʻz oʻqi atrofida Quyosh tizimidagi barcha qoʻshnilaridan bir necha baravar tezroq aylanadi.
Harorat: oʻrtacha -178 daraja sovuq.

Uran sayyorasi zich suyuqlik (suv, ammiak, va metan aralashmasi) bilan qoplangan. Inson bu yerga qadam qoʻyishga ulgurmayoq (hatto skafandrda boʻlsa ham) erib ketadi. Bu sayyora inson uchun emas...
Harorat: Uran Quyosh tizimidagi eng sovuq sayyora — 224 °C .

Neptunda ovoz tezligiga yetuvchi shamollar esadi, inson bu yerda bir soniya ham yashay olmagan boʻlardi.
Harorat: -218 °S.

Albatta, bular olimlarning farazlari. Bir tomon issiq, bir tomon sovuq, zaharli gazlar... Sayyoralar ichida inson yashashi uchun Yerdan qulayi yoʻq — ona zaminimizdan qoʻymasin!

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Inson boshqa sayyoralarda qancha vaqt yashay oladi?