08:58 / 15.09.2018
4 036

Oyning qutb qismida muzliklar borligiga ishonchli dalillar topildi

Oyning qutb qismida muzliklar borligiga ishonchli dalillar topildi
Gavayi va Braun universitetlari tadqiqotchilari professor Shuai Li boshchiligida Oyning qutb tomonida muzliklar borligiga oid ishonchli dalillarni qoʻlga kiritishdi. Oydagi muzliklar joylashuvi va miqdori Quyosh tizimidagi boshqa osmon jismlari, jumladan Merkuriy va Sereranikidan keskin farq qiladi. Bu holat Oyning oʻziga xos shakllanish va hosil boʻlish jarayoni bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Ushbu muz qatlamlaridan kelajakda Yerning tabiiy yoʻldoshini tadqiq etish vaqtida foydalanish mumkin boʻladi. Bu haqida Milliy fanlar akademiyasi xabarlari (PNAS) nashrida chop etilgan ilmiy maqolada xabar berilmoqda.

Professor Li va uning hamkasblari Oy yuzasida suv borligini tasdiqlashda Oyning qutb qismidagi uchta alohida hududni NASAning Moon Mineralogy Mapper (M3) uskunasida tekshirib koʻrishdi.

M3 uskunasi Chandrayaan-1 kosmik apparatiga joylashtirilgan boʻlib, 2008-yilda Hindiston koinot tadqiqotlari tashkiloti tomonidan ishga tushirilgan. U Oy sirtida muzliklar borligini tadqiq etishga asoslangan asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Uskuna Oy sirtidagi muzliklardan qaytayotgan nurlarni qabul qilishdan tashqari, uning tarkibidagi molekulalarning infraqizil nurlarni yutish xususiyatini tekshira oladi, bu esa Oy sirtidagi suv qaysi agregat holatda, yaʼni suyuq, gaz yoki qattiq koʻrinishda ekanligini aniqlash imkonini beradi.

“Yangi topilgan oy muzliklari uning qutb tomonidagi ulkan kraterlar soyasi ostida turibdi. Oyning oʻz oʻqi atrofida juda kichik burchak ostida aylanishi tufayli ushbu hududlarga deyarli quyosh nuri tushmaydi va shu bois bu mintaqalardagi harorat -157 gradusdan yuqoriga koʻtarilmaydi”, - deydi tadqiqotchilar.

Foto: NASA
NASAning M3 uskunasida suratga olingan yuqoridagi Oyning janubiy (chapda) va shimoliy (oʻngda) qutblari tasvirida katta va kichik kraterlar ichidagi koʻk rangda tasvirlangan muzliklarni koʻrish mumkin. Yuqori aniqlikda tadqiq etilgan ushbu tasvirlar Oy sirtida rostdan ham muzliklar mavjudligini koʻrsatib turmoqda.

Bundan avvalgi [tadqiqotlarda] Oyning janubiy qutbida muz qatlamlari mavjudligiga ishora qiluvchi kichik belgilar qoʻlga kiritilgan, lekin bu holatni Oy tuprogʻining nurlarni oʻzida aks ettirish xususiyati bilan izohlash mumkin edi.

Tadqiqotchilarning taʼkidlashlaricha Oy yuzasida muz qatlamlarining boʻlishi, hattoki ular bir necha millimetr qalinlikda boʻlsa ham kelajakdagi Oy sirtida oʻtkaziladigan ekspeditsiyalar uchun ulkan resurs vazifasini oʻtay oladi. Undan ichimlik suvi olish yoki uni kislorod va vodorodga parchalash orqali raketalarga yoqilgʻi hamda nafas olish uchun kislorod zahirasiga ega boʻlish mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Oyning qutb qismida muzliklar borligiga ishonchli dalillar topildi