14:41 / 08.10.2018
6 901

Imomning maniken qizi (8-qism)

Imomning maniken qizi (8-qism)
Sekin-asta qadam tashlangan zulmatdan oydinlikka chiqish osonmas...

Fotima bor hasratini Barnoga toʻkib-sochdi.

– Juda yaxshi qilibsan, agarda biror inson nimanidir xohlamas ekan, uni tushunish kerak. Men ham har qanday kiyimni kiysam ham, oʻzimga yarasha prinsiplarim bor. Ulardan yuz oʻgira olmayman.

Figo esa tinmay qizlarga nimalarnidir tushuntirar, goʻyo ularni oʻzgacha hayot tarziga koʻniktirmoqchi boʻlar edi:

– Biror boyvachcha qariyani topasan-da, uy-joy oldirgach javobini berasan.

Dasturxon tuzayotgan Rayhon xonim Figoga oʻqrayib qaradi:

– Bu gap ogʻzingdan tushmaydi-yu, lekin oʻzing haliyam birortasini topolmading.

– Men bir kishiga bogʻlanib qololmayman.

– Sen nimaga fohishaxonada ishlamayotganingga hayronman, – deya achchiqlandi Barno.

Fotima ularga qarab hozir yana janjal boshlanadi deb turardi-yu, ammo Figo sir boy bermas edi.

– Vaqti kelib balki shunday ham boʻlar. Pul qayerda boʻlsa men ham oʻsha yerdaman.

Fotima bilan Barno holi qolib suhbatlashishar edi:

– Bu qiz bu yerga kelganlarning qanchasini yoʻldan urdi. Nima emish? Qaysi zamonda yashayapmizmish. Sen Betush bilan bundan ehtiyot boʻl. Menimcha ular ikkalasi ayollar savdosi bilan shugʻullanadi. Boʻlmasa oxirgi uch oyda bu yerga kelganlar oʻz -oʻzidan yoʻq boʻlib ketarmidi? – Yoʻgʻ-ye, Betush xola oʻshanaqa boʻlganda, boy -badavlat yashamasmidi?

– Ular mahalladagi qizlarni maniken, artist yoki qoʻshiqchi qilamiz, deb ishontirib, keyin sotib yuborishadi. Qizlarni “maxsus uy”larida erkaklarga oʻrgatib olishadi -da, keyin qolganini oʻzing tushunib olaver...

Fotima hayratlanib soʻradi:

– Unda sen bu yerda nima qilyapsan?

– Menga hech kim hech nima deya olmaydi. Unashtirilgan yigitimni tanishadi. Agar menga biron nima boʻlsa, yigitim uylarini buzib yuboradi. Shuning uchun menga tegishmaydi. Sen oʻzingga ehtiyot boʻl.

Oʻsha tun Fotima uchun juda vahimali oʻtdi, ertasiga esa u yana gazeta eʼlonlari orqali ish topishga kirishdi.

Bir necha kun oʻtib, ish topdi. Avvaliga hammasi joyida edi. Xoʻjayinlari yomon odamga oʻxshamas edi. Yangi ish joyida yangi dugonalar orttirgan, endi ular bilan bir uyda yashashni boshlagan edi.

Manikenlarning koʻpchiligi ish vaqti tugagach, uy-uylariga yoʻl olar, faqatgina uydan qochgan yoki uyi uzoqda boʻlganlargina birgalikda ijaraga uy olishgan edi. Yangi dugonalarining orasida ham nomus hissidan ancha yiroq boʻlganlar bor edi. Ayniqsa Jamila va Narimonlar axloqsizlikda dars berar edilar.

Fotima esa ular bilan birga, ular bilan sayrga chiqar, musiqa tinglar, xullas bir muhitda bir uyda yashar edi.

Bir kuni kechasi hashamatli mehmonxonalarning biriga ovqatlanishga borishgan, barcha dugonalari aroq ichishar edi. Fotimaning ham oldida qadah bor edi. Narimon qadahni toʻldirib:

– Boʻlaqol Demet, sen uchun, sogʻligʻing uchun oldik, – dedi.

Bu taklif Fotimaga juda ogʻir botgan, nima deyishini bilmay qolgan edi.

“Ichmasam, meni zamondan ortda qolgan, eskicha deb masxara qilisharmikan?” – deya xayolidan oʻtkazdi.

Nega boshqalar uchun juda oson boʻlgan ish, unga kelganda ilojsiz mashaqqat boʻlib qoldi ekan? Aroqni ogʻziga olib borar edi -yu, keyin yana joyiga qoʻyib qoʻyardi. Tavba, odam shunaqa qilib sekin -asta egri yoʻlga kiradimi? Rayhon xonim ham otasiday gapirgan edi: “Ular odamni sekin -asta yoʻldan urishadi”. Birdan otasining ichkilik haqida aytgan soʻzlari yodiga tushdi:

– Aroq ichgan odamda avval hayo, keyinchalik esa qoʻrquv tuygʻulari yoʻqoladi.

Nega aynan shu payt dadasining gapini esladi? Nega zamonaviy qizlar davrasida boʻla turib, oʻzi xohlaganday yashay olmayapti? Unga moneʼlik qilayotgan narsa nima edi? Uydan ketdi -yu, ammo nega ich-ichidan oʻzgara olmayapti? Nega boshqalarday boʻla olmayapti? Stol atrofida oʻtirganlar ham Fotimaning ichmaganini payqab qolishdi. “Koʻtar, ich” – deb turib olishdi.

– Ich, sen ichi toʻla dard odamga oʻxshaysan, ichgin-da bizga yoril.

Hamma uning ichishini istar edi.

Fotima qadahni yana ogʻziga olib keldi-yu, ammo icha olmadi. Birdan qaror qildi. Boʻldi, endi ichadi. Koʻzlarini chirt yumgancha yana qadahni tezlik bilan ogʻziga olib bordi. Yoʻq, boʻlmadi.

Xayoliga Alloh kelayotgan edi. Bu muhitda u Allohni, dinni, paygʻambarlarni, hamma hammasini unutishni istar edi, lekin ular oʻz -oʻzidan xayoliga kelayotgan edilar. Qurʼonni yod olganligi miyasiga oʻq kabi urildi. Bu xayollarning oʻrnimikan? – deya oʻzidan jahli chiqdi, biroq harnechuk oʻz -oʻzini yenga olmayotgan edi.

Oʻsha kundan keyin Fotima oʻzini qanchalik zamonaviylashtirishga urinmasin, qila olgani faqatgina mini yubka kiyish boʻldi, aslida unga ham koʻnika olmayotgan edi.

Bir necha kun oʻtib, Betush uni ish joyini topib kelib, pullarining hammasini talab qila boshladi. Fotima esa chorasiz yolvorar edi:

– Betush xola, oʻshancha pulni qanday qilib birdaniga toʻlay olaman? Ruxsat bersangiz, boʻlib -boʻlib toʻlasam.

Betush yuzini burishtirgancha dedi:

– Yoʻq, ruxsat bermayman. Pulimni hammasini bermasang, dadangga qayerdaligingni aytib, manzilingni berib yuboraman.

– Yaxshi, bir oydan keyin pulingizni berib yuboraman.

Betush ketgach esa Fotima oʻylay boshladi. Bir oydan soʻng oʻshancha pulni qanday qilib toʻlaydi? Buning hecham iloji yoʻq edi. Demak, yana boshqa ish topishi kerak.

Fotima uch oy ishlagan bu joyidan ham ketib, yana boshqa joyga ishga kirdi. U yerda ham oʻrnasha olmay, nihoyat boshqa yaxshi joy topdi.

Soʻngi ish joyida koʻngli ancha xotirjam edi. U yerdagi dugonasi Laylo ogʻir bosiq qiz edi. Baʼzi notoʻgʻri tushunchalari boʻlsa ham, Fotima “men imomning qizi va Qurʼonni yod bilgan xolimda shunday boʻlsam, u dinini bilmay turib bunaqa boʻlishi oddiy hol -ku” der edi.

Oradan bir necha oy oʻtdi. Bir kuni Laylo jinsini ayollikka oʻzgartirgan Bonu bilan tanishtirdi.

– Uning jinsini oʻzgartirganligi seni choʻchitmasin. Boshqalardan ancha tuzuk. Hech kimga yomonlikni ravo koʻrmaydi. Oʻzi bilan oʻzi ovora. Xoʻp desang, uchchalamiz biror joyni ijaraga olamiz. Pulini birgalashib toʻlaymiz. Ha, aytgancha, Nejla ismli bir dugonam ham bor. U ham anchadan beri shuni taklif qilayotgan edi.

Fotimaning ham uzoq muddat u yer-bu yerda sarson boʻlib yurishi joniga tekkan edi. Narsalari oʻgʻirlanayotgan, birovlarnikida turaverib ancha qiynalgan edi. Hammalari biror uy topishga kelishib olishdi.

Oxirgi oylarda tanishlariga “bugun sizlarnikida tunab qolsam boʻladimi?” – deb soʻrayverish jonidan toʻydirgan edi. Kitob oʻqishga boʻlgan havasi kuchli boʻlgani uchun, doimo kitob sotib olar edi -yu, koʻpi u yer bu yerga koʻchaverganidan yoʻqolib ketgan edi. Aslida birovlarnikida bemalol kitob oʻqiy olmayotgan edi.

Fotima nima xohlayotganini hali oʻzi ham anglab yetmagan edi. Nega ming ming yoshlarimiz, hofizlarimiz kabi... Oydinlikdan zulmat sari ketayotgan edi...

Oʻzini begonalar tugul, oʻzi ham taniy olmayotgan edi...
Davomi bor...

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Imomning maniken qizi (8-qism)