08:26 / 11.10.2018
3 895

Nursulton Nazarboyev: “Davlatlar oʻrtasida yangi temir toʻsiqlar barpo etilmoqda”

Нурсултон Назарбоев: "Давлатлар ўртасида янги темир тўсиқлар барпо этилмоқда"
Qozogʻiston prezidenti Nursulton Nazarboyev Ostonada dunyo va anʼanaviy dinlar yetakchilarining VI qurultoyini ochdi. Nazarboyev Ostonada avvalgi qurultoylarda qabul qilingan qarorlar katta taʼsirga ega boʻlganini aytgan.

“Bu muhim, chunki dunyo, afsuski, turbulent holatga kirdi. Barchamizni, siyosatchi va diniy arboblarni, sanksiyaviy qarama-qarshiliklar, dinlararo, dinlar ichidagi ziddiyatlar, savdo urushlari, atrof-muhitning ifloslanishi tashvishlantirmasligi mumkin emas. Madaniyatlararo ixtiloflar hozirgi ilmiy-texnologik taraqqiyot fonida bemaʼni koʻrinadi. Biroq insoniyatning kelajagi koʻrinishi, biz umumiy sayyoramizni boʻlgʻusi avlodlarga qanday koʻrinishda topshira olishimiz hozir shakllanmoqda. Biz 3-mingyillikda 18 yil yashayotganimizga qaramay, tinchlik, farovonlik va toʻqchilik insoniyatni rivojlantirishning asosiy tendensiyalari boʻla olmadi. Dunyo hamjamiyati oʻzaro ishonchsizlik, adovat va ixtilofga borishning mudhish doirasidan chiqa olmadi. Biz davlatlar va siyosiy bloklar oʻrtasidagi vaziyat nafaqat toʻgʻirlangani, balki yomonlashganini, yangi devorlar, temir toʻsiqlar barpo etilayotganini koʻrmoqdamiz”, deb aytgan Qozogʻiston prezidenti.

Nazarboyev oʻz nutqida Qozogʻiston anʼanaviy tarzda davlatlar oʻrtasidagi ishonchni tiklash, mustahkamlash ustida ishlayotganini qayd qilib oʻtgan.

Joriy yilda qurultoy “Diniy yetakchilar xavfsiz dunyo uchun” mavzusida oʻtmoqda. Ikki kun davomida forum ishtirokchilari dinning zamonaviy dunyodagi roli, barcha dinlarning asosiy maʼnaviy qadriyatlarini muhokama qilishadi. Qurultoy oʻtkazilishi munosabati bilan Ostonaga eng yirik konfessiyalar va dinlar yetakchilari tashrif buyurishgan.

Xalqaro forumni oʻtkazish gʻoyasi Nursulton Nazarboyevga tegishli boʻlib, 15 yil avval, 2003 yilda Ostonada dunyo va anʼanaviy dinlar yetakchilarining birinchi qurultoyi boʻlib oʻtgan. Oʻshandan beri forum har uch yilda bir marta Ostonada oʻtkazib kelinadi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Nursulton Nazarboyev: “Davlatlar oʻrtasida yangi temir toʻsiqlar barpo etilmoqda”