06:00 / 12.10.2018
3 912

Zoʻravon futbolchilarning Moskvadagi sarguzashtlari tafsilotlari (foto, video)


Rossiya terma jamoasining sobiq aʼzolari, “Zenit” hujumchisi 27 yoshli Aleksandr Kokorin hamda “Krasnodar” yarimhimoyachisi, 30 yoshli Pavel Mamayevga nisbatan jinoiy ish ochilgan.

Futbolchilar avvaliga Moskva markazida “Pervыy kanal” boshlovchisining haydovchisini, keyinroq kafeda Minpromtorg mulozimini doʻpposlashda gumon qilinishmoqda. Ularga nisbatan klublari tomonidan ham jiddiy sanksiyalar qoʻllanishi kutilmoqda. OAVda tarqalgan oxirgi xabarlarga koʻra, futbolchi qoʻlga olingan.
Zoʻravon futbolchilarning Moskvadagi sarguzashtlari tafsilotlari (foto, video)
8 oktyabr kuni internetda futbolchilar Moskvadagi Nikita bulvarida joylashgan “Kofemaniya” kafesida RF Savdo va sanoat vazirligi mulozimi Denis Pakga hujum qilgani tasvirlangan video tarqaldi.

9 oktyabr kuni esa kafedagi janjaldan biroz vaqt oldin futbolchilar “Pervыy kanal” boshlovchisining haydovchisini doʻpposlashgani maʼlum qilindi.

Haydovchiga hujum

7 oktyabr kuni Peterburgda “Zenit” Rossiya chempionati doirasida “Krasnodar”ni qabul qildi va 2:1 hisobida gʻalaba qozondi. Jarohatidan tuzalib safga qaytgan Kokorin ikkinchi boʻlimda maydonga tushdi, oʻyinni toʻliq oʻtkazgan Mamayev esa mehmonlarning yagona javob goliga mualliflik qildi. Oʻyindan keyin futbolchilar Moskvaga yoʻl olishdi. Kokorin oʻz instagramida Mamayev bilan “Doʻstlikning 10 yili”ni nishonlayotgani haqida yozgan.

Foto: Instagram /Aleksandr Kokorin
8 oktyabr kuni tongida “Pekin” mehmonxonasi yaqinida Kokorin va Mamayev “Pervыy kanal” boshlovchisi Olga Ushakova va uning haydovchisi — Viktor Solovyovga hujum qilishgan. Bu haqda dastlab Mash xabar tarqatdi, xabarga “Moskovskiy komsomoles” aniqlik kiritdi. Ushakova politsiyaga murojaat qilgan.

Maʼlum boʻlishicha, Solovyov futbolchilardan bezorilik qilmaslikni, mashinasiga “suykalmaslik”ni soʻragandi. Bunga javoban futbolchilar haydovchiga tashlanishgan. Telegram-kanal 112 kanalida tarqalgan videoda voqea jarayoni aks etgan. Ammo kuzatuv kameralari orqali olingan tasvirlarda hujum qiluvchilar Kokorin va Mamayev ekani aniq koʻrinmagan. Ayni vaqtda haydovchi shifoxonaga yotqizilgan, uning burni sinib, miyasi chayqalgan.

VIDЕO

Qahvahonadagi zoʻravonlik

Koʻchadagi voqeadan 2 soatcha vaqt oʻtib, ushbu futbolchilar ishtirokida navbatdagi janjal yuzaga kelgan.

Soat 09:00 atrofida Kokorin va Mamayev doʻstlari bilan Nikita bulvaridagi “Kofemaniya” qahvaxonasiga nonushta uchun kirishgan. Mash manbasi yozishicha, futbolchilar “qahvaxonani boshlariga koʻtarib, shovqin-suron qilishgan”. Mijozlardan biri, Savdo va sanoat vazirligi tarkibidagi Avtomobilsozlik va temiryoʻl sanoati departamenti direktori Denis Pak ulardan tinchlanishni soʻraganida esa futbolchilar unga tashlanishgan. Xabarlarda aytilishicha, futbolchilar uni irqiy kamsitishgan va “Xitoyga qaytib, u yerdagilarga aql oʻrgatish”ni tavsiya qilishgan. Videoda Kokorin Mamayev bilan bahslashib turgan Pakning boshiga stul bilan urgani, keyin unga Kokorinning ukasi mushti bilan zarba beradi. Pakka uning yordamchisi yordamga keladi, lekin uning oʻzi ham hujumga uchraydi.

VIDЕO

“Interfaks” agentligi aniqlik kiritishicha, Denis Pak bilan birga vazirlikning yana bir mulozimi, ilmiy markaz direktori Sergey Gasin ham shifoxonaga va politsiyaga murojaat qilgan.

Jinoiy ish

Moskva politsiyasi shahar markazida roʻy bergan bu ikki hodisa boʻyicha jinoiy ish ochgan.

“Kofemaniya”dagi hodisa boʻyicha RF Jinoyat Kodeksining 116-moddasi bilan (“Kaltaklash”) ish ochilgan. Bu modda boʻyicha 360 soatgacha majburiy jamoat ishlaridan 2 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi qoʻllanishi mumkin.

Denis Klimentyevich Pakning advokati soʻzlariga koʻra, daʼvogarlar ish “Bezorilik” sifatida qayta kvalifikatsiyalanishiga erishishmoqchi. Bu holatda futbolchilarga nisbatan RF JKning 213-moddasi qoʻllanib, ularga 300-500 ming rubl miqdoridagi jarimadan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi qoʻllanishi mumkin.

Ikkinchi holat boʻyicha ham 116-modda boʻyicha ish ochilgan.

Klublarning munosabati

8 oktyabr kuni dastlabki xabarlar tarqalganida, “Krasnodar” oʻz futbolchisi “dam olishda” ekani haqida bildirib, bu voqea Mamayevning shaxsiy ishi ekanini maʼlum qilgandi: “Biz kim qayerda ekanini nazorat qila olmaymiz. Bizning vakillarimiz u yerda boʻlishmagan, klub bu ish ishtirokchisi emas”.

9 oktyabr kuni esa “Krasnodar”ning munosabati keskin oʻzgardi, Mamayevning ishi “buzgʻunchilik” deb baholandi: futbolchi mashgʻulotlardan chetlatildi va unga maksimal miqdorda jarima solinishi maʼlum qilindi. Qoʻllanadigan jarima miqdori maʼlum emas. “Krasnodar” shuningdek, bu futbolchi bilan shartnoma bekor qilinishiga erishish uchun barcha choralar koʻrilishini bildirdi.

“Zenit” ham Kokorin mushtlashuvda ishtirok etganini tasdiqladi, klub uning xatti-harakatlarini “juda xunuk ish” deb baholadi va politsiyaning “huquqiy bahosi”ni kutishni maʼqul koʻrdi. Sport24.ru telekanali “Zenit” Kokorin bilan shartnomani bekor qilmoqchiligi haqida xabar tarqatdi. Ammo klubning rasmiy maʼlumotida bu haqda aniq gap ketmagan, faqat “futbolchi jazodan qutula olmasligi” keltirilgan.

“Ayni vaqtda «Zenit” rahbariyati va muxlislar mamlakatning eng isteʼdodli futbolchilaridan biri oʻzini bu qadar yoqimsiz tutganidan qattiq xafa», deyilgan klub bayonotida. Piterliklarning Kokorin bilan amaldagi shartnomasi 2019 yilgacha tuzilgan. Shartnomada Kokorin qoidalarni qoʻpol ravishda buzgan holatda, u bilan kelishuv bekor qilinishi ehtimoli haqida band mavjud.

Bu Mamayev va Kokorin ishtirokidagi birinchi mojaro emas

2016 yilning yozida Rossiya terma jamoasi bilan Fransiyaga, Yevro-2016 turniri uchun borgan Aleksandr Kokorin va Pavel Mamayev terma jamoa turnirdagi ishtirokini yakunlaganidan keyin bazm uyushtirganida ham tanqidlar ostida qolishgandi. Muxlislar Rossiyaning magʻlubiyatini hazm qilishga urinishayotganida bu ikki futbolchi Monte-Karlodagi barlardan biriga tashrif buyurib, Rossiya madhiyasi sadolari ostida koʻngilxushlik qilishgandi. Bir butilkasi 500 dollar turadigan oʻnlab shampanlar bilan bayram uyushtirgan futbolchilar jamoatchilik noroziligini keltirib chiqarishganidan keyin asosiy terma jamoadan chetlatilgan, shundan keyin Rossiya terma jamoasiga chaqirilmagan. Oʻshanda Rossiya Sport vaziri va futbol ittifoqi rahbari boʻlgan Vitaliy Mutko bu futbolchilar Rossiya sporti imijini buzishgani haqida bayonot bergandi.

Rossiya Sport vazirligining hozirgi rahbari Pavel Kolobkov futbolchilar ishtirokidagi oxirgi voqealarga munosabat bildirib, ular hozir terma jamoa aʼzolari emasligi, bundan keyin ham hech qachon terma jamoada oʻynamasligi haqida bayonot berdi.

Endi nimalar boʻladi?

Mamayevning rafiqasi Alana Mamayeva bu voqealarga izoh berar ekan, “ular mast boʻlishgani, oʻz turmush oʻrtogʻi uchun qattiq uyalayotgani” haqida gapirgandi.

Sport24.ru nashri tarqatgan xabarga koʻra esa Mamayeva ajrashish uchun ariza bergan.

Ayni vaqtda Rossiya jamoatchiligi bu voqeani qizgʻin muhokama qilmoqda va futbolchilar qattiq tanqid ostida qolgan.

Vaziyatga Kreml ham munosabat bildirib, Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bayonot berdi.

«Kreml Mamayev va Kokorin bilan bogʻliq voqeaga eʼtibor qaratdi. Biz videokadrlarni koʻrdik. Bu videodagilarning qaysilari qaysi futbolchilar ekaniga aniqlik kiritish lozim.

U yerda koʻplab guvohlar boʻlishgan. Videotasvirlar bor. Huquq tartibot organlari uchun bu ish bilan shugʻullanish ortiqcha murakkablik tugʻdirmaydi, biz esa his-tuygʻularga berilishdan qochishimiz kerak».

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Zoʻravon futbolchilarning Moskvadagi sarguzashtlari tafsilotlari (foto, video)