Xitoy nima uchun ishlab chiqarish markazi boʻlib qolmoqda?

  • 12-10-2018, 21:28
  • 867
  • Dunyo
  • Xitoy nima uchun ishlab chiqarish markazi boʻlib qolmoqda?
    Xitoyning Alibaba internet-platformasi istalgan mahsulotni narxi, koʻrsatkichlari, yetkazib berish shartlari boʻyicha osongina topish imkoniyatini beradi. Mahsulotga plaftormaning oʻzida buyurtma berish va pul toʻlash mumkin.

    Alibaba vositachi boʻlib, mahsulot buyurtmachiga yetkazib berilganidan keyingina pulni yetkazib beruvchiga oʻtkazadi. Agarda mahsulotga nisbatan eʼtiroz boʻlsa, xaridor toʻlagan pulini qisman yoki toʻlaligicha qaytarib olishi mumkin. Buning uchun xaridor haqligini isbotlab berishi kerak boʻladi.

    Ishlab chiqarish geografiyasi

    Xitoyda ishlab chiqarish odatda klaster tamoyiliga asoslangan. Masalan, bosma va kanselyariya mahsulotlari ishlab chiqaruvchi zavodlar Venchjou shahridagi Sannan uyezdida va Ninbo shahridagi Ninxay uyezdida joylashgan. Venchjouning Ouxay uyezdida eshiklar uchun qulflar, Pinyan uyezdida plastik paketlar ishlab chiqariladi. Yoritgichlarni Chjunshan shahridagi Guchjen uyezdidan topamiz. Guanchjouning Xuadu tumanida avtomobillar uchun kerakli jihozlar, Shilin uyezdida esa sumkalar ishlab chiqaruvchi markazlar joylashgan. Klasterlar odatda tarixan shakllanib kelgan, baʼzan esa mahalliy hokimiyat tomonidan maxsus tashkil etilgan markazlardir.

    Ishlab chiqarishning arzonligi

    Xitoyda maoshlar baland boʻlsa ham, ishlab chiqarish narxi arzonga tushadi. Bu nimaning evaziga? Misol sifatida sumka ishlab chiqarishni olishimiz mumkin. Ishlab chiqarishni boshlash uchun bir nechta chevar va ish yurituvchini yollash hamda Shilin uyezdidagi beton uydan 50 kvadrat metr joyni ijaraga olish kifoya. Ishlab chiqarish uchun barcha xomashyoni zavod yonidagi ulkan bozorlardan olish mumkin. Barcha xomashyo olingach, sumkalar tikilib, sifat tekshiruvidan oʻtadi va mahsulot sotuvga chiqarishga tayyor boʻladi. Yorliqlar, qogʻozlar va qadoq paketlari ham shundoqqina ishlab chiqaruvchining yonida sotiladi.

    Odatda xitoylik tadbirkor kichik ishlab chiqarish qiladigan boʻlsa kompaniyasini roʻyxatdan oʻtkazishi va soliq toʻlashi ham shart emas – barcha ish va toʻlovlar jismoniy shaxs orqali oʻtadi va davlat bunga koʻz yumadi, asosiysi – yangi ish oʻrni yaratilgani. Agarda boshlovchi tadbirkor katta miqdorda buyurtma oladigan boʻlsa va buyurtmani aytilgan muddatda bajarishga kuchi yetmasa, u holda buyurtmani qarindoshlarining zavodlari bilan hamkorlikda bajaradi. Yoki barcha buyurtmani kattaroq korxonaga topshiradi va daromad ikkisi oʻrtasida teng taqsimlanadi. Bunda buyurtmachi buyurtmasi boshqa zavodda tayyorlanganini bilmaydi ham. Bularning barchasi - infrastruktura, ishlab chiqarish va ixtisoslashuvning yaxshi yoʻlga qoʻyilgani, samaradorlik, sutkasiga 12 soatdan ikki smenada ishlashga tayyor xitoyliklarning mehnatsevarligi hamda aʼlo darajada yoʻlga qoʻyilgan oʻzaro aloqalar raqobatbardosh narxlarda mahsulot ishlab chiqarish markaziga aylanish imkonini beradi.

    Xitoyda transport infrastrukturasi ham yaxshi yoʻlga qoʻyilgan: ishlab chiqarish markazlari orasida yetkazib berish muddati 1-3 kun boʻlib, yetkazib berish narxlari ham juda arzon – bu yerda oʻnlab kuryerlik va logistika kompaniyalari xizmat koʻrsatadi. Mamlakatda dunyoning barcha logistika kompaniyalari faoliyat olib boradi, shu bois tayyor mahsulotlar ombordan toʻgʻri kerakli davlatga joʻnatiladi.

    Tinimsiz muloqot

    Xitoyliklarning barchasi telefonlarini qoʻllaridan qoʻyishmaydi – ular goʻyoki telefon bilan tirikdek. Bunda ular asosiy vaqtlarini Wechat — Xitoyning eng ommabop messenjerida oʻtkazishadi. Xitoyliklar hamisha muloqotda – demak hamisha ishda: ularda ish vaqti degan tushuncha yoʻq. Xitoyliklar har qanday joyda va istalgan vaqtda muloqotga tayyor va bu ularning raqobatchilardan ustun jihatlari hisoblanadi. Faqat bitta narsaga oldindan tayyor turishingiz kerak boʻladi – Xitoy yangi yiliga. Xitoyda bu bayram bir oy davom etadi va bu oyda deyarli hech kim ishlamaydi. Bayramdan bir oy oldin va undan keyingi bir oy davomida esa shoshilinch tarzda ishlashadi. Shuning uchun buyurtmani yanvardan mart oyigacha bermagan maʼqul.

    Buyurtma berishda nimalarga eʼtibor qilish kerak?

    1. Biror mahsulot ishlab chiqarishga buyurtma bermoqchi boʻlsangiz, imkon boricha oʻsha mahsulotni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan va yaxshi reytingga ega fabrikani tanlang. Uning ana shunday mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan hududda, xomashyo bozoriga yaqin joylashganligiga eʼtibor qarating.

    2. Savdolashing, ammo oʻta past narx mahsulot sifatining pasayishiga olib kelishini unutmang, meʼyorida savdolashing. Bozorni va oʻxshash mahsulot narxini oʻrganib chiqing.

    3. Koʻpincha buyurtma miqdori koʻp boʻlsa, narx arzonlashadi, buyurtma hajmi katta boʻlsa, sifatini taʼminlash ham oson boʻladi. Imkon boricha bir xil turdagi mahsulotga buyurtma bering.

    4. Ishlab chiqaruvchilar doimiy hamkorlikni istashadi, ularga siz ham shu shunday rejada ekanligingizni ayting, bu manfaatli hamkorlik imkonini beradi.

    5. Mahsulotingiz uchun xomashyoni kim tanlashiga aniqlik kiritib oling, sizning mutaxassisingizmi yoki fabrikami. Sifat va ishlab chiqarishni nazorat qilib turish uchun bir kishi masʼul boʻlishi lozim.

    6. Buyurtma bergan mahsulotingizning ilk namunasini albatta oling va tekshirib koʻrganingizdan keyin toʻliq ishlab chiqarishga rozilik bering. Namunani saqlab qoʻying, bu agarda buyurtmangiz talabingizga javob bermasa koʻrsatishingiz uchun kerak boʻladi. Tayyor mahsulotni Xitoydan joʻnatilishidan oldin diqqat bilan tekshirib qabul qilib oling.

    7. Ishlab chiqaruvchining oʻzi bilan vositachilarsiz ishlang, aks holda biror muammo yuzaga kelsa, uni hal qilish juda qiyin boʻladi.

    Manba: Kun.uz

    » » Xitoy nima uchun ishlab chiqarish markazi boʻlib qolmoqda?