Imomning maniken qizi (12-qism)

  • 13-10-2018, 19:32
  • 798
  • Dunyo
  • Imomning maniken qizi (12-qism)
    Qizlar boshqa manikenlar bilan tanishar edilar.

    Bu dugonamiz Burchin. Bunisi esa O‘zlem Susler. Avstraliyadan shu musobaqaga qatnashish uchun kelibdi.

    Fotima O‘zlem Susler haqida eshitib hayron bo‘lib qoldi:

    – Siz nega Avstraliyadan bu yerga keldingiz? U yerlarda hayot ancha yaxshiroq emasmi?

    – Albatta, bu yerdagidan ancha yaxshi, lekin men yurtimni sog‘indim. To‘g‘rirog‘i, qiziqib keldim. Birato‘la omadimni ham sinab ko‘raman. Ammo bu yerga kelib, xafsalam pir bo‘ldi. O‘qishimni davom ettiraversam bo‘lar ekan, deb o‘ylab qoldim.

    Ular suhbatlarini uyda davom ettirdilar:

    – Bu yerda manikenlardan ko‘p narsa talab qilinar ekan. Eshitganlarim hecham meni quvontirmadi. Aslida manikenlarning ko‘pi baxtsiz ekanlar, der edi O‘zlem.

    – Hecham-da, men masalan hayotimdan mamnunman. Bizni maftunkor deb o‘ylashgani uchun e’tibor ham ko‘proq beriladi. Menga juda ko‘p takliflar tushadi, – dedi Burchin labini burishtirib.

    O‘zlem savolini ichida tutib tura olmadi:

    – Tushayotgan takliflar g‘azabingizni qaynatmaydimi?

    – Nega jahlim chiqar ekan? Hammaning e’tiborida bo‘lish menga yoqadi. Meni yeb qo‘yishmaydi-ku. Allohning berganini yashirib nima qildim.

    Fotima gapga aralashmay tura olmadi:

    – Aytmoqchisizki, Allohning bergani bilan Allohga qarshi chiqmoqchiman…

    Burchin kulib, fikrini ayta boshladi:

    – Yo‘q, siz mening bu gaplarimga e’tibor bermang. Ateistman aslida. Unaqa bo‘lmag‘ur narsalarga ishonmayman.

    Fotimaga bu gap juda og‘ir botgan edi:

    – Allohga ishonish sizning nazaringizda bo‘lmag‘ur narsami?

    – Men uchun shunaqa.

    – Demoqchisizki, siz o‘z-o‘zingizdan paydo bo‘lib qolgansiz, shundaymi?

    – Yo‘g‘-ye, unchalik omi emasmiz-ku. Albatta meni ota-onam yaratgan.

    Fotima anchadan beri foydalanmayotgan javohirlarini qo‘lga oldi. O‘qigan kitobidagi savollarni aynan so‘ray boshladi.

    – Unda nega ota-onangiz ko‘zlaringni yashil yoki ko‘k rangda yaratishmadi? Nima ularga rangli ko‘zlar yoqmasmidi?

    Burchin kulib dugonalariga qaradi:

    – Bu qiz nimalar deyapti? – dedi-da Fotimaga o‘girilib davom etdi, - onam ko‘zlarimning rangini qanday qilib almashtira olsin, axir homiladorlik paytida ko‘zlarimning bor-yo‘qlini ham bilmas edi.

    – Demak, sening yaratilishingda onangning ishtiroki yo‘q ekan-da. Bu ko‘rinishing onangning mehnati emas ekan. Onangni vosita qilib seni yaratgan boshqa Zot borligini bildirmaydimi bular?

    Bu gaplarni jon qulog‘i bilan tinglayotgan va ta’sirlanayotgan inson Laylo edi:

    – Demet, sen juda ajoyibsan-da. Biram chiroyli gapirasan-ki, gaplaringning hammasi juda to‘g‘ri.

    Burchinning yuragi siqilib ketgan edi:

    – Bu nima safsata?! Bugun otin bo‘lishga qaror qilganmisizlar? Bu gaplar ensamni qotiryapti. Undan ko‘ra qayerga borishimiz haqida gaplashaylik.

    Bonu esa tinib-tinchimay dasturxon tuzar, qanchalik epchil qiz ekanligini isbotlashga urinar edi.

    Bechora Bonu. Allohga yaqinlashish tuyg‘usidan uzoqlashgani uchun, endi boshqalarga foydali bo‘lishga urinar edi. Bu muhit yoshlarimizni chiqib bo‘lmaydigan botqoqliklarga itarib yuborgan edi.

    Ovqatlanib bo‘lishgan, O‘zlem ketgach, qolganlar o‘tirib suhbatlarida davom etishar edi:

    – Menimcha, bugun tungi klubga borganimiz yaxshi, - dedi Nejla.

    – Yo‘q, kelinglar kazinoga boramiz, - dedi Bonu.

    – Yo‘q, kelinglar bugun diskotekaga borib maza qilib ko‘ngilxushlik qilamiz, - dedi Burchin.

    Layloning ovozi chiqmayotgan edi. U Burchinning eski dugonalaridan bo‘lgani uchun bu holat unga g‘ayritabiiy ko‘rinar edi.

    – Nima bo‘ldi, jim bo‘lib qolding, Laylo?

    – Men bormayman.

    – Nima? O‘yin buzuqilik qilmagin. Bugun dam olish uchun yig‘ilmadikmi?

    Laylo bugun o‘ziga o‘xshamas edi.

    – Hech narsa yoqmayapti. Bugun uyda qolmoqchiman.

    – Bu qiz yana esini yeb qo‘yibdi. Uyda qolib yana giyohvand modda qabul qilasanmi? Niyating shu bo‘lsa, diskotekada ham bor. Esingdan chiqib qoldimi, u bilan birinchi marta o‘sha yerda tanishgan edik.

    – Yo‘q, o‘sha zaxarni endi og‘zimga olmoqchi emasman.

    Burchin nima deyishini bilmay qoldi:

    – Oxiri baxayr bo‘lsin. Bu qizga nimadir bo‘lyapti. Mayli, biz tayyorlanaylik.

    Nejla Fotimaga o‘girilib so‘radi:

    – Demet, sen tayyormisan?

    – Tayyorman... Anchadan beri diskotekaga bormagan edim. Yaxshi bo‘lardi.

    Fotima yolg‘on gapirar edi. U yerga umuman bormagan, lekin ichida qiziqishi bor edi. Birdan Laylo bilan ko‘zlari to‘qnash keldi. Laylo unga birnimalar deyotganday ma’noli qarar edi. Ammo u o‘zini bilmaganga olib, tayyorgarligini ko‘rishda davom etdi. Hamma uydan chiqqach, Laylo o‘zi yolg‘iz qoldi.

    Ichida so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan tuyg‘u bor edi. Biroz vaqt o‘tgach, ko‘ngli aynib, mazasi qochayotganini his qildi. Anchadan beri zaxri qotildan ichmagan edi. O‘shaning ta’sirimikan? – deb o‘yladi.

    U qat’iy qaror qilgan edi. Boshqa ichmaydi. Fotima unga qattiq ta’sir qilgan edi. “O‘zingni o‘lim domiga otyapsan”. “Yosh joningga ravo ko‘rma buni” – degan edi. Giyohvand modda qabul qilish katta gunoh ekanligini, xatto ichgandan so‘ng kofir bo‘lib, o‘sha holda o‘lib ketganlar bo‘lganini aytgan edi.

    Keyin Fotima haqida o‘ylab qoldi. Nega u diskotekaga ketdi ekan?

    Diskoteka miyani zaxarlamaydimi? Axir zaxri qotilga men o‘sha yerda duchor bo‘lmadimmi? O‘nlab dugonalarim o‘sha yerda tuzoqqa ilinmadilarmi? Demet nega unday qildi ekan? Gunoh qilmaslik haqida gapiradi-yu, lekin o‘zi bunga amal qilmaydi.

    Oradan ko‘p o‘tmay eshik qo‘ng‘irog‘i chalindi.

    Laylo eshikni ochgach ro‘parasida Fotimani ko‘rib juda sevindi.

    – Iyeye, Demet! Sen bormadingmi?

    – Yo‘q, bormadim. Bora olmadim.

    – Yaxshi qilibsan, men ham endi sendan jaxlim chiqayotgan edi. Allohga qarshi chiqish modasiga sening ham qo‘shilganingga.. .

    – To‘xta, to‘xta. Bu gapni qayerdan eshitding?

    – O‘zim shunchaki aytdim-da.

    – Qo‘ysangchi, bu gap sening so‘zing emas. Kundalik ishlatiladiganlardan ham emas. Bu gap ilmli dindorning gapi.

    – Yo‘g‘-ye, oshirib yubording.

    – Rostdan ham bu gap senga tegishli emas. To‘g‘risini ayt yoki bo‘lmasa sening otang imommidi?

    – Nima deyapsan? Buning nima aloqasi bor? Bir kitobda o‘qib qolgandim. Yoqib qoldi.

    – Qachon o‘qiding?

    – Necha kundan beri o‘qiyapman. Lekin ko‘p saxifa o‘qiy olmayapman. Giyohvandlikka duchor bo‘lganim uchun butun e’tiborimni kitobga qarata olmayapman, ammo dinimizga yanayam qiziqib qoldim. Ayniqsa oxirgi paytlarda.

    Laylo yarim yalang‘och kiyimlarni namoyish qilishga chiqadigan qiz edi. Bu gaplarning uning og‘zidan chiqishi Fotimani hayratda qoldirdi. Qiziqib so‘radi:

    – Bu qiziqishlaring sababini bilsam bo‘ladimi?

    – Albatta, sendan berkitadigan narsam bormidi? Sezgan bo‘lsang so‘ngi bir necha kundan buyon uyda qolyapman, bir kuni ikkita ayol kelib kitob berib ketishdi. Nomi muqaddas kitob ekan. O‘qib bo‘lsang, yana olib kelamiz, deyishdi. Nomiga qarab Islomiy deb o‘ylabman. Tinmay kitob o‘qiganing uchun senga havasim kelgan edi. Men ham o‘qiy boshladim. Qarasam, Yaxova shohidlari haqida ekan. Shunaqangi chiroyli yozilgan ekanki, odamni dovdiratib qo‘yadi. Avvaliga ulardan rosa jahlim chiqdi. Keyin o‘zimga o‘zim: “Nimaga ularga achchiqlanasan? Ular o‘zlari to‘g‘ri deb bilganlarini qilishadi. Ko‘r bo‘lmasang, sen ham diningga amal qilib yasha, - dedim. Ularning taklifi menga kaltakday ta’sir bo‘ldi. Ammo miyamga bir qancha savollarni uyib tashlashdi. Savol yog‘dirishda juda ustadek tuyuldilar.

    – Albatta, diningni bilmasang, senga shunday tuyuladi. Ba’zilar Qur’onning bir qismini olib dinini bilmaganlarga shunday shaklda o‘rgatganki, ular xatto islom dinidan qo‘rqa boshlashgan. Masalan, urush asnosidagi vaziyat nazarda tutilib “tutgan kofirlaringizni o‘ldiring” oyatini kundalik hayotga moslab go‘yo ko‘rgan kofirlaringizni o‘ldiring deb tafsir qilishgan. O‘qib o‘rganmasak shunday vaziyat yuzaga kelaveradi. Lekin seni qanday savollar qiynayapti?

    – Qasos mavzusi. Menga juda g‘alati tuyulyapti.

    – Nega? Qotillarga raxming kelyaptimi?

    – Yo‘g‘-ye, nega unday deysan?

    – Unda nima demoqchisan? Aybsiz odamni biror sababsiz o‘ldirgan inson yashab yuraversinmi?

    – Yo‘q, lekin...

    – Nima demoqchisan? Otangni sababsiz kelib o‘ldiradi-da, qaysi xaq bilan tinchgina yashayveradi? Alloh (j.j.) bu masalada “Sizlarga qasos olishda hayot bor” (Baqara, 179) deydi. Bu qasos qonunidan qo‘rqib, insonlar bir-birlarini osonlikcha o‘ldira olmaydilar, jinoyat qila olmaydilar. Hozir inson qadri past bo‘lganidan, odam o‘ldirish ham o‘yinchoq bo‘lib qoldi. Yuzlab insonlar mozorga kirsa, qotillar esa qamoqqa olinadilar. Qo‘lga olinmaganlar esa qanchadan-qancha. Kim qasos mavzusiga qarshi bo‘lsa, o‘sha odamdan so‘rab ko‘r: “Biror yaqin insoningni bekordan bekor hech qanday aybsiz holida o‘ldirishsa, nimani so‘ragan bo‘larding?” – degin. U albatta “qotilning o‘ldirilishini” deb javob beradi. Hozirda qotilning tarafini olayotganlarning esa asli sababi shundaydir: U qotilning o‘ldirgan odami uning yoqtirgan odami emas, boshqalarning yoqtirganidir. Ya’ni o‘lgan begona birov bo‘lgani uchun qasos mavzusi bahonasida Islomdan o‘ch olishga intiladilar. Biroq sevgan insonlaridan biri bo‘lsa, Sud zalida baqirishadi: “osinglar, o‘ldiringlar” – deb. Hammasi birdan shariatni oqlab, qasos olishni istab qolishadi. Masalan, Sagib Babamji bulardan biridir. Ukasi vafot etishidan oldin qasosga qarshi edi. O‘lgandan keyin esa “odam o‘ldirganlar o‘ldirilsin”, deb jar soldi. Shunday qilib, bu narsa islomda “qasos” deyiladi.

    Laylo Fotimani og‘zi ochilgancha jon qulog‘i bilan tinglar edi.

    – Yo Tangrim. Demet, shunaqangi chiroyli gapirasanki, shuncha narsani qayerda o‘rgangansan? Meni hayratda qoldiryapsan.

    Fotima nima deb javob berishini bilmay qolgancha:

    – Qayerdan bo‘lardi!? U yer bu yerda eshitib qolganlarimni gapirdim qo‘ydim-da.

    – Iltimos, Demet. Meni anoyi deb o‘ylayapsanmi? Bu gaplaring u yoq bu yoqdan qulloqa chalinadigan gaplarga o‘xshamaydi. Sen Islomni puxta biladiganlarday tushuntirding. Erkak kishi bo‘lganingda seni sobiq imomlardan deb o‘ylar edim. To‘xta-to‘xta, mabodo “Imom Xatib” da o‘qimaganmisan?

    – Ha, endi. Bir joylarda o‘qiganmanda, qo‘yaversang-chi.

    – Iyeye, seni qara-ya. Nimaga shuncha paytdan beri bu haqda lom-mim demaysan? Sening o‘rningda bo‘lganimda umuman berkitib o‘tirmas edim. Aytgancha, Imom Xatib deganimizga esimga tushib qoldi. Bilasanmi men kecha kechqurun qayerga bordim?

    – Qayerdan bilardim?

    – Ko‘rsang, hayron qolarding. Qur’on kursiga bordim. Bilasanmi, shu paytgacha unaqa joy va unaqa insonlarni umrimda ko‘rmaganman.

    Fotima ich-ichidan g‘alati bo‘lib ketdi. O‘zi o‘qigan kurslarga o‘xshagan joyga bordimikan Laylo? O‘zi qanday holda bo‘lishidan qat’iy nazar hech kimning musulmonlarning yomoniga duch kelishini istamas edi. Qo‘rqib so‘radi:

    – Qanaqa joyga bording? Qanday qilib va nima sababdan borganingni tushuntirib bera olasanmi?

    – Voooy, hammasi juda ajoyib bo‘ldi. Yaxova shohidlari kelib ketgach hayotimda birinchi marta men o‘zi aslida qanaqa musulmonman, deb o‘ylab qoldim. Azon tovushlari meni juda qattiq ta’sirlantirdi. Ba’zilar azonni chiroyli qilib aytisha olmaydi-ku, ammo ba’zilar esa insonning ruhini yuksaltiradi. Men ham ta’sirlana boshladim. Kecha meni Nadim bey ishdan haydab yubordi. O‘rtog‘imning oldiga borsam, uyida yo‘q ekan. Ko‘chada parishon bir ahvolda ketayotsam, hijobli qizni ko‘rib qoldim. U bilan gaplashdim, u shunaqangi aqlli qiz ediki, hayratda qoldim. Qur’on kursida o‘qir ekan. “Keling, sizni ham u yerga olib boray” – dedi. Men esa kiyimimni ishora qilib “mini yubkada ham u yerga borsa bo‘laveradimi?” – deb so‘radim. U esa kulib, “Bunday kiyimda ko‘chada yurilmaydi-ku, lekin siz... siz yuribsiz. Qur’on kursida ko‘cha-ko‘ydagiday gunoh qilinmaydi. Chunki u yerda sizni erkaklar ko‘rishmaydi” – deya javob berdi. U haq edi. Uyalgancha kursga bordim. Meni shunaqangi iliq kutib olishdiki, so‘z bilan ifodalay olmayman. Ayniqsa kurs o‘qituvchisini aytmaysanmi.

    Fotimaning yodiga o‘zi ilk bor qadam qo‘ygan Qur’on kursi keldi. Mini yubkadagi qizga chiroyli muomala qilish u yoqda tursin, xatto kursga kirgizmas edi ham.

    Keyin qiziqib yana so‘radi:

    – Xo‘sh, keyinchi?

    – Keyin o‘tirib suhbatlashdik. Menga shunaqangi go‘zal narsalarni tushuntirishdi-ki, u yerdan ketishni ham xohlamay qoldim. Oilam bu gaplarni eshitishsa, mendan voz kechib yuborishsa kerak.

    – Nimaga endi? Bu yer Qur’on kursidan yaxshiroq joymidiki sendan voz kechishadi?

    – Oilam din desa tepa sochi tikka bo‘ladigan odamlar toifasidan. Kursda soatlab suhbatlashdik. Istagan paytingda bemalol kelaver deyishdi. Shunaqangi toza, pokiza joy ediki, o‘zimni xuddi jannatdagiday his qildim. Haliyam ta’sirlanib yuribman. Nasib bo‘lsa dam olish kunlari yana boraman.

    Fotima ko‘ngli xotirjam bo‘lgancha, chuqur nafas oldi. Boshqa tarafdan esa hayron edi. U bu yo‘ldan qaytayotgan bir paytda xayoliga ham kelmagan o‘rtog‘i Islomni o‘rganayotgan edi.

    Oradan bir necha soatlar o‘tdi. Vaqt o‘tgan sayin Layloning ahvoli og‘irlashib, tinmay terlayotgan edi. U shosha-pisha Fotimaga yolvora boshladi:

    – Demet, menimcha giyohvandlik dardi tutyapti. Iltimos, men nima qilishimdan qat’iy nazar tashqariga chiqarma. Uni boshqa ichishni xohlamayman. Ruhimdagi bo‘shliqni Alloh sevgisi bilan to‘ldirishni istayman. Meni aslo... Aslo yolg‘iz qoldirma. O‘z holimga qo‘ysang, men baribir o‘sha zaxarni topib ichaman.

    Bir necha soatlardan keyin Layloning ahvoliga qarab bo‘lmas edi.

    – Meni qo‘yib yubor, Demet. Bir nafaslik topib kelay. Boshqa chiday olmayman.

    Fotima uni qo‘yib yubormaslik uchun eshikka suyanib turib oldi. Lekin Laylo endi uni ura boshladi:

    – Qo‘yib yubor, kimsanki mening ishlarimga aralashasan? Qo‘yvor, bo‘lmasa o‘ldiraman.

    Fotima eshikni qulflab, kalitni berkitib qo‘ygan edi. Biroq u ham endi Layloning baqir-chaqirlariga chiday olmaydigan holga kelgan edi. Laylo yerda yumalanar, ingrar, o‘rnidan turib, keyin o‘zini yana yerga otar edi.

    – Meni qutqar, yordam ber, Demet. Hech kim eshitmayaptimi, meni qutqaringlar!

    Fotima nima qilishini bilmay qolgan edi. Bunday vaziyatga ilk marotaba duch kelishi edi. Laylo esa o‘zini umuman yo‘qotib qo‘ygan, endi u o‘zini derazadan ko‘chaga otish payida edi.

    Fotima Layloning bu holiga qarab achinar, faryod urardi:

    – Seni bu ahvolga tushirganlarni yer yutsin.

    Layloning lablari ishib, og‘zi yumilgan, ko‘zlari g‘ilaylashib, nimalar deyayotganini o‘zi ham bilmaydigan holga tushgan edi.

    U birdan oshxonadagi pichoqni ko‘tarib Fotimaga o‘qtalgancha baqira boshladi:

    – Tez bo‘l, tez eshikni och, bo‘lmasa seni o‘ldiraman.

    Fotima eshikni ochmaslikka qaror qilgan edi. “Hech bo‘lmasa Alloh yo‘lida bir ish qilayotib o‘lgan bo‘laman”, – dedi.

    Chaqqon harakat bilan Layloning qo‘lidan pichoqni olganida Laylo fursatdan foydalanib o‘zini deraza tomonga urdi. Fotima unga yetib olgunicha Laylo o‘zini derazadan pastga otishga ulgurgan edi.

    Fotima nima bo‘layotganini ilg‘ab olgunicha oradan bir necha soniyalar o‘tdi, u turgan joyida harakatsiz qotib qoldi. O‘ziga kelib, derazadan tashqariga qaraganida pastdan hech qanday tovush eshitilmadi. Yarim kechasi bo‘lgani uchun Layloning har qanday harakati eshitilishi kerak edi. U yugurib eshikni ochganicha zinadan pastga tushar ekan ovozining boricha baqirar edi:

    – Hoy qo‘shnilar yordam beringlar, odam o‘lyapti.

    Holbuki insoniylik o‘lganiga bir necha yillar bo‘lgan edi... Yordam berish u yoqda tursin, hech kim eshikni ochib nima bo‘ldi, deb so‘ramayotgan ham edi. Hamma bir nimalardan qo‘rqadigan bo‘lib qolgan edi.

    Deraza ostiga yetib kelganida Layloni yerda qon-ter ichida yotganini ko‘rdi. Uning yoniga borib qarashga avvaliga yuragi dov bermadi. Layloni o‘lib qoldi, deb o‘ylar, o‘likka yaqinlashishga qo‘rqar edi. Birdan boshini ko‘targanida yuqori qavatlardan unga qarab turgan qo‘shnilarni ko‘rdi. Ammo hech kim unga yordam beray demas edi.

    U yana baqira boshladi:

    – Birortangiz kelib yordam bersangiz-chi. Ko‘rmayapsizmi? O‘rtog‘im jon beryapti, uni kasalxonaga olib boraylik.

    Ikkinchi qavatda bir odam unga javoban:

    – Militsiyaga telefon qildim, tez orada kelib qolishadi. Qo‘limdan kelgani shu, - dedi.

    Fotima o‘zini zo‘rg‘a qo‘lga olib, Layloga yaqinlashdi, qo‘lidan tutdi. Layloning qo‘llari qon bo‘lgani uchun pulsini topa olmadi. Yuzi ham qon ichida qolgan edi. Tirikmidi yo‘qmi, tushunib bo‘lmas edi. Yuziga shapatilab, yolvorar edi:

    – Laylo, iltimos qilaman, ko‘zlaringni ochgin.

    Sal o‘tib militsiya yetib keldi. Layloni ham, Fotimani ham mashinaga chiqarishdi. Fotima tinmay yig‘lar, militsiya xodimlaridan biri esa Fotimani xaqorat qila boshladi:

    – Oldin uni derazadan otib yuborib, endi aqling kirib pushaymon bo‘lyapsanmi? Xushlaringni yo‘qotguncha ichasizlar. Keyin bir-birlaringni o‘ldirishgacha borasizlar. Har kuni shu ahvol.

    Militsiya xodimlari bu voqealarning asl aybdori tuzimligini, yoshlarni ham shu ahvolga tushirgan tuzimligini bilmas edi.

    Fotima esa o‘zini yo‘qotib qo‘yganidan ularni eshitmayotgan ham edi. Uning butun fikri Layloda edi:

    – Ko‘zlaringni och, o‘rtoqjon, yolvoraman och.

    * * *

    Kasalxonaga yetib kelishlari bilan Layloni operatsiyaga olib ketishdi. Uning qovurg‘a suyaklari va oyoqlari singan edi. Boshi ham besh-oltita joyidan yorilgan edi. Ertalab soat o‘nbirlarda Laylo ko‘zini ochganida Fotima uning boshida turar edi. Komissar Fotimaga ogohlantirish berdi:

    – O‘zingga ehtiyot bo‘l, agar o‘rtog‘ing tirik qolmaganida seni aybdor deb bilib, qamoqxonada chiritishar edi. Bip-binoyi qizga o‘xshaysan. Bunaqalarning orasida sening nima ishing bor? Uyingga, oilangga qayt. Jinnilarning ichida sen ham jinni bo‘lib qolasan.

    Birdan Laylo zo‘rg‘a ingrab gapira boshladi, u hali tom ma’noda o‘ziga kelmagan edi:

    – Demet, darrov oyimga telefon qil. Meni bu yerdan chiqarishlari bilan davolatishsin. Yana narkotik berib vaqtinchalik davolatishmasin. Meni... meni qutqar, Demet. Yonimdan ketma.

    Bir necha soat o‘tib Layloning onasi yetib keldi. Ko‘z yoshlari tinmay bolasini quchoqlar edi:

    – Bolam, Laylom. Senga nima bo‘ldi?

    Nima bo‘lgani hammaga ayon edi. Koshki uning onasi nima bo‘lganini emas, oldindan bu voqeaning oldini oladigan onalardan bo‘lganda edi!
    Davomi bor...

    Manba: Hordiq.uz

    » » Imomning maniken qizi (12-qism)