22:18 / 13.10.2018
4 845

Imomning maniken qizi (13-qism)

Imomning maniken qizi (13-qism)
Inson o‘ziga qiladigan zulmini butun boshli armiya ham qila olmaydi.

Nejla bilan Bonu oyoqda tura olmaydigan darajada mast bo‘lib uyga kelishganida oradan ikki kun o‘tgan edi.

Uyida o‘zi yolg‘iz qolgan Fotima qo‘rquv ichida kechgan bu kunlarning hisobini so‘ray boshladi:

– Qayerlarda yuribsiz? Odam degan mundoq uyiga qo‘ng‘iroq qilib xabar berib qo‘yadi-da.

Nejla xuddi eshitmaganday indamasdan yotoqxonasiga kirib ketdi, Bonu javob berdi:

– Ko‘nglimizni yozdik, dam oldik.

– Ikki kundan beri qayerda edingiz?

Bonu Fotimaga qarab javob berdi:

– Dugonalarimiznikida edik, boshqa hech narsa so‘rama.

– Nejla-ku mayli, lekin sen tavba qilmaganmiding?

– Men badanimni sotganim yo‘q-ku.

Bir necha kundan beri og‘ir kunlarni boshidan kechirayotgan Fotima g‘azabi qaynab baqira ketdi:

– To‘ydim, to‘yib ketdim bu sizlarning va’dalaringizdan. Fohishalar badanini pulga sotganlargina emas, pulsiz bo‘lsa ham shu ishni qilib haliyam tavba qilmaganlar emasmi? Lekin hamma ayb o‘zimda. Allohga ishonchi bo‘lmagan odamning tavbasiga ishonib u bilan do‘st tutinibman-a. Menga bergan so‘zingizni unutmang.

Bonu kresloning ustida o‘tirar ekan, ko‘zlari katta-katta bo‘lib Fotimani kuzatar edi:

– Tinchlikmi? Nima boshimizga otinoyilik qilgani kelganmisan? Sen borsan deb endi dam ham ololmaymizmi?

– O‘zi zinoning ham bunday dam olishlarning ham nomi almashib qolgan. Harom dunyoingizda harom kun kechiryapsizlar. Bo‘ldi qiling endi, tavba qilib o‘z oilangizni qursangiz bo‘lmaydimi? Bu o‘zi qanaqasi, fohisha bo‘ldingizmi, manikenmi? Hech qaysiningiz Allohdan qo‘rqmaysiz, keyin Jannatning eng go‘zal joylari siz uchun ajratib qo‘yilganligini aytasiz. Allohdan qo‘rqmasangiz, atrofdagilardan uyaling.

Bonu jahl bilan javob berdi:

– Allohdan qo‘rqmasam, atrofimdagilarga qarab o‘tiramanmi?

– Dadam aytardilar, odam Allohdan yoki qonundan qo‘rqishi kerak, bo‘lmasa gunoh degani har kuni ko‘payaveradi, deb. Sizlar ketganingizdan beri Layloning ahvoli qanday bo‘lganligini bilasanmi?

Bonu xavotirlanib qaragach, Fotima uning ro‘parasiga o‘tirib olib tushuntira boshladi:

– Sal qolsa Laylodan ajralib qolar edik. Mazasi qochib qoldi. O‘zini derazadan tashqariga otsa bo‘ladimi?

Bonu esa pinagini ham buzmay javob berdi:

– Men bunaqangi voqealarga o‘rganib qolganman. Qo‘l-bilaklarning kesilishi, joniga qasd qilishlar, o‘limlarga o‘rganib qolganman. Bu narsalar endi meni hayratda qoldirmaydi. Meni hayron qoldiraman, desang, boshqa qiziqroq narsa o‘ylab top... Ha, mayli. Laylo o‘zi qayerda hozir?

Fotima Bonuning so‘zlashish ohangidan hangu mang bo‘lib qoldi. Ichkilikni deb Bonuning bunaqangi darajada hissiz bo‘lib qolganini o‘ylab javob berdi.

– Bor, kirib yot. Uyg‘onganingda Nejlaga gapirib berarsan. Men Layloning oldiga ketyapman. Qolganini kechki payt gaplashamiz.

Fotima ishxonasiga qo‘ng‘iroq qilib ruxsat so‘radi. Layloni ko‘rgani ketar ekan, uni savollar tinch qo‘ymas edi:

“Nega uydan ketdi? Qanday qilib bu hayotga o‘zining halol tinch–osuda hayotini almashdi?” Keyin ota-onasining uni to‘g‘ri yo‘lga solish uchun chekkan mashaqqatlarini esladi. Yo‘llardan o‘tar ekan, ba’zan do‘kon derazalaridan o‘ziga qarab achinib ketar edi. Boshqalar ko‘rganda tanimasin deb va yanayam chiroyli ko‘rinishi uchun sochlarini bo‘yatgan edi. U bugungi Fotima bilan ilk marotaba Qur’on kurslariga borgan Fotima o‘rtasidagi katta farqni ko‘rdi. O‘sha paytlarda ba’zi mavzularda isyon qilsa ham tashqaridan qaraganda uning musulmon ekanligi aniq edi. Hozir esa na musulmon ekanligi na musulmon emasligi ma’lum emas edi. Islomga ko‘ra uning iffatini bildiradigan hech narsa yo‘q edi ustida.

Nega bu hayotni tanladi? Kim unga bu hayotni nima sababdan tavsiya qilganini esa so‘ramas edi. Otasining har bir gapi ko‘z oldida tasdiqlanar ekan, endi u oqu qorani ajrata oladigan darajaga chiqqan edi. Shuncha kamchiliklarni ko‘rsa ham haliyam nafsini yenga olmas, ammo ayni paytda nega o‘zligini qayta tiklay olmayotganini o‘zidan tinmay so‘rar edi. Nuqul boshqalarni tahlil qilar edi-yu, o‘zi haqida bosh qotirmas edi.

Kasalxona binosiga kirayotganida xayoli Layloda edi. Unga bunchalik ta’sir qilganidan o‘zi ham hayron edi. To‘g‘ri so‘z qayerda bo‘lsa ham o‘z nafini berishini angladi. Layloni bu botqoqlikdan chiqaraman, deb tirishar ekan, o‘zining botqoqlikdan qanday qutulishini esa bilolmas edi. Kasalxona eshigi oldida maniken qizlarni uchratdi. Dugonalaridan xabar olib qaytishayotgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladi. Ular juda omadli va baxtli maniken qizlar edilar. Oilalarida muammolari yo‘q va yaxshi pul ishlab topishar edi. “Qanday baxtli qizlar” – deya xayolidan o‘tkazdi. Keyin birdan oxiratni o‘ylab qoldi. Alloh izn bermagan harom hayotning badalini to‘lash juda og‘ir bo‘lishini esladi. Fotima nimaga qarasa fikrlar, hamma narsadan xulosa chiqarar edi. O‘ziga o‘z holati hecham yoqmayotgan edi. Bu ketish ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniq edi. “Bu olamdan butunlay chiqib ketishim yoki butunlay sho‘ng‘ishim kerak” – degan shaytoniy vasvasalarga duch kelar edi. Inson qanchalik ko‘p gunoh qilishidan qat’iy nazar Islomda haromni halol, halolni harom demasa oxiri baxayr bo‘lishini bilar edi. Otasi unga bu narsalarni puxta o‘rgatgan edi. Unda nega xotirjam yashay olmayotgan, nega hayoti qiyinchiliklarga to‘la edi? Ustiga ustak bu qiyinchiliklar o‘zi orzu qilgan erkinlik va xursandchiliklar ichida o‘rin olgan edi.

Layloning oldiga kirganida onasi qizining bosh tarafida o‘tirar edi. Fotima Layloning onasi bilan salomlashgach, dugonasiga o‘girildi:

– Tuzukmisan, Laylo?

Giyohvand moddalar bilan o‘ziga kelgan Laylo ko‘zlarini ochib javob berdi:

– Rahmat, asalim, o‘zing qanaqasan? Nejla bilan Bonu nega kelishmadi?

– Ular mana bugungina uyga kirib kelishdi. Mastliklaridan oyoqda turolmaydigan holda. Nejla aqlini yeb qo‘ygan shekilli, yana yigitini almashtirgan, menimcha...

– U menga o‘zimni eslatadi. Jonim deganga jonini beradi. Nuqul aldanadi. Zarrin ham juda namunali qiz. Biror marta og‘ziga giyohvand modda olmagan. Erkaklarning qarmog‘iga ilinmaydi.

Layloning onasi Fotimaga nuqul sovuq nazar bilan qarayotgan edi, oxiri ichiga yutolmay dedi:

– Qizimni bu ahvolga tushirib vijdoningiz qiynalmadimi?

Fotima angrayib qolgan edi. Laylo ham xafa bo‘lib onasiga dedi:

– Nimalar deyapsiz, oyi? Bu mening eng toza-beg‘ubor dugonam. Uning menga zig‘irdek bo‘lsa ham zarari tegmagan.

– Sen shunday deb o‘ylaysan. Bu baloga qayerdan ilakishib qolding? Shularni deb emasmi?

– Oyi! Meni yo‘ldan urganlar bir mafiyaning ko‘ppaklari edi. Bu o‘rtog‘imning menga umuman yomonligi yo‘q. Men asli yigitimning qurboni bo‘lib qolganman.

– Qo‘ysang-chi, mening ham yigitim bo‘lar edi. Unda nega men giyohvand emasman?

– Oyi! Hozir zamon boshqa. Hozir yoshlarni bu baloga o‘rgatish uchun yollangan maxsus ishchilar bor. Kelishgan yigitlar va chiroyli qizlardan foydalanishadi. Ayniqsa san’atkor va manikenlarni ko‘proq yollashadiki, ishlari tezroq yurishsin. Meni ham diskotekaga olib borgan yigit yo‘ldan urdi, oyi!

Fotima hayratdan yoqa ushladi. Qizining erkaklar bilan yurishiga umuman e’tiroz bildirmas edi onasi. Bu qanday ona bo‘ldi? Chidolmasdan so‘radi?

– Kechirasiz, sizlar gunoh ishlarda erkin bo‘lgan oila ekansizlar. Nega qizingiz sizlar bilan emas biz bilan yashaydi?

– Uni Layloning o‘zidan so‘rang. Izmirda ko‘ngil yozib, dam oladigan joylar qurib qolgandek, Istanbulga keldi. Bizni ovora qilganini ko‘rmaysizmi? Yaxshiyam opamnikida edim. Har doim ham samolyot topilmaydi axir. Men bo‘lmaganimda qizimning holi ne kechardi bu yerda? Kim uni maxsus kasalxonaga ko‘chirar edi?

– Layloni bu yerdan olib ketmoqchimisiz?

– Ha nima? Shuncha payt sabr qildim. Shifokor almashtirmay qo‘yaqolsin, dedim. Podiumlarning guli qizim shu yerlarga loyiqmi, mana siz ayting?

Bu gap Fotimaga og‘ir botgan edi:

– Sizningcha bu yerga kimlar loyiq? Kimni loyiq ko‘rasiz bu yerga?

Ayol bunday savolni umuman kutmagan edi:

– Nima desam ekan? Ha endi oddiy xalq bu yerga kelishi mumkin. Pullari yo‘q bo‘lganidan keyin... Lekin bizning pulimiz o‘zimizga yetarli... Qizimiz uchun...

– Ularning puli bo‘lmaganligi uchun shu yerlarga loyiq ko‘ryapsizmi? Pulingiz qadringizni oshirib berar ekan-da.

Ayol asabiylashib ketib qiziga o‘girilib so‘radi:

– Nimalar deyapti o‘zi bu? Jig‘imga tegmoqchimi meni?

– Oyijon, u mening fikrlari tartibsiz dugonam bo‘ladi. Undan xafa bo‘lmang.

Ayol darrov fursatdan foydalanib javob berdi:

– To‘g‘ri aytasan, tuzukmasligi ko‘rinib turibdi o‘zi.

– Albatta to‘g‘ri aytaman-da, bizday buzuqlarning orasida yashaydi-yu, ammo o‘tkir fikrlari bor. Maniken bo‘lsa ham dindor u. Gapirganida odamning zehnini ochadi. Bizga o‘xshamaydi

Dindan nafratlangani uchun bolasini dinsizlik botqog‘iga otgan ona haliyam asl jaholatni ko‘ra olmayotgan va Islomni eng buyuk tahlikalardan biri deb bilar edi. Fotima hayratlanib o‘z onasi bilan bu onani qiyoslar edi. Otasi va o‘zi orasida qolgan onasining chekkan azoblarini esladi.

O‘shanda onasi Fotimaning hijobini yashirincha yechganini bilib qolgach bir necha soat qiziga yolvorib, yig‘lab tushuntirishga uringan edi: “Men omi bir ayolman, lekin shuni bilamanki, dindan qochganing bilan sen faqat yutqazasan”, – degan edi. Ro‘parasidagi ona esa dindan qochishini uqtirar edi. “Ikkala onaning orasidagi farqqa qaramay ikkimiz ham bir joydamiz” – deya gapida davom etdi:

– Davolanasan-a, Laylo?

– Alloh xohlasa, davolanaman. Hech kim mening pullarim bilan meni zaharlashiga yo‘l qo‘ymayman, ahmoq emasligimni isbotlayman.

– Jon dugonajon. Agar giyohvand moddani tashlasang, sen mening...

Gapini tamomlay olmagan edi. Ko‘zlari yoshlanib, tomog‘iga bir nima tiqilganday bo‘lgan edi.

Laylo qiziqib so‘radi:

– Xo‘sh keyinchi. Davom et.

Gapini davom ettira olmayotgan edi. Kasalxonadan chiqib o‘zi yolg‘iz qolganida ham xayolidan o‘sha narsa ketmas edi:

– Agar Laylo bu kasalidan qutulib islomga qaytsa, bunda mening hissam bo‘ladi. Shunday qilib o‘zim islomdan chiqqan bo‘lsam ham bir inson hadya etgan bo‘laman.

Dadajon. Qizingizning bu yutug‘ini bilganingizda qanchalik faxrlangan bo‘lardingiz-a?

Xayol surib ish joyiga qanday kelib qolganini bilmay qoldi. Ishxonasiga kirgach, yana boshlig‘ining ukasi falsafashunos Salimga ro‘para bo‘ldi. Salim nogironligi sababli yosh bo‘lishiga qaramay pensiyaga chiqqan edi. Bu vaziyatni hecham hazm qila olmasa ham, boshqalar kabi ko‘nikishga harakat qilar edi. Fotimani ko‘rgan zahoti o‘rnidan turib unga joy ko‘rsatdi.

– O‘-o‘-o‘. Xayrli tong, Demet honim. Yo‘g‘-ye xayrli kun. Ahvollaringiz qalay?

– Rahmat, o‘zingiz yaxshimisiz? Haliyam falsafa bilan bandmisiz?

Bu savol Salimning me’dasiga tegib ketgan, kim bu savolni bersa undan jahli chiqar edi. Biroq u Fotimadan jahli chiqmadi. Muloyim ohangda javob berdi:

– Falsafa bilan shug‘ullanilmaydi, aslida u insonning o‘zida bo‘ladi, faqat realistlardagina...

Fotima sumkasini ilgichga osgach, kelib Salim beyning qarshisidan joy oldi. Ishxonada hech narsa o‘zgarmagan, hammasi o‘sha-o‘sha edi. Salim bey unga choy olib kelib dedi:

– Bilasizmi Demet xonim?! Hozir Georgiy Politzerning kitobini o‘qiyapman. Politzer kommunizm asoschilaridan bo‘lgan.

– Bu narsalarni men unchalik yaxshi tushunmayman. Yo‘q, to‘g‘rirog‘i bu sohada hech nimani bilmayman. Ilgarilari ham so‘raganman, aytingchi falsafa o‘zi nima?

Salim go‘yo bu savolni kutib turganday edi. Nihoyat bu sohaga qiziqadigan odam topilgan edi. O‘rnidan turib butun vujudi bilan savolga javob berishga intilar, xuddi uni minglab odamlar tinglayotganday hayajonlanib gapira boshladi:

– Falsafani Georgiy Politzerning “falsafa asoslari” kitobidan “falsafa nima?” bo‘limidan o‘qib tushuntiray.

“...falsafa faza va tabiatning nima ekanligini o‘rganadi...”

Fotima Salimning gapini bo‘ldi:

– Demak, butun musulmonlar azaldan falsafashunoslar ekan-da. Chunki har bir musulmon tabiatni, uning sirlarini o‘rganishni istaydi.

Salim xonaning u boshidan bu boshiga yurib javob berar ekan dedi:

– Yo‘-o‘q. Iltimos gapimni bo‘lmasangiz. Hali tugatganim yo‘q.

– Menimcha juda oshirib yuborilyapti. Bundan tashqari falsafa bu fikrlar majmuiga o‘xshaydi. Dadam aytar edilar: “Falsafa o‘zining tangrilashtirilishini istaydi. Xolbuki, falsafa go‘zal fikrlardan tashqari ahmoqlarning ham fikriga ahamiyat bergan bo‘lib, shunchaki shuhratparastlarning yig‘ilgan joyi bo‘lib qolgan”.

Salim asabiylasha boshlagan edi:

– Shoshmang, Demet xonim. Falsafa nima deb so‘radingiz. Hali tushuntirib ulgurmadim. Mana eshiting: “falsafa eng muhim masalalarning yechimini topishga urinadi...”

– Demak, dadam eng zo‘r falsafashunos ekan-da. Salim bey, dadam eng dolzarb masalalarga qiziqar edi.

– Eshitmayapsiz-ku.

– Kechirasiz.

– Davomini o‘qiyapman.

“ Asosiy tushunchalar bilimga asoslanadi. Shunday ekan falsafa bilimning chuqurlashtirilganidir. ” Endi tushundingizmi?

– Unchalik emas, nima ekan?

– Falsafa dolzarb masalalarni bilimga asoslanib yechar ekan.

– Bilimga asoslanib deganda nima demoqchi. Uzr, hecham tushuna olmayapman.

Salim boshini qashigancha savolga kengroq ta’rif berishga intilar edi:

– Haligi dindan uzoq ravishda demoqchi.

– Falsafashunoslar dinsiz bo‘ladimi?

– Yo‘q, dindorlari ham bor. Falsafaning o‘zi aslida dinga asoslanmaydi. Chunki din falsafani, bilimni inkor etadi. Galileoni din mahkum qildi. Uning fikrlarini kulgili shaklda yo‘q qilishga urindi.

– Galileoning fikrlarini qaysi din inkor etgan edi?

– Nima farqi bor?

– Aytavering, qaysi din edi?

– Xristianlar. To‘g‘rirog‘i ba’zi xristianlaring qilgan jinoyatlari edi u.

– Xo‘sh unda nega xristianlarning qilgan jinoyati deb sizlar Islom va musulmonlarni aybdor sanayapsizlar?

– Siz meni noto‘g‘ri tushundingiz, Demet xonim. Men unaqa narsa deganim yo‘q.

– O‘tmishda qaysi dinga mansub bo‘lgan bo‘lsa ham bir xato qilgan bo‘lsa xuddi uni Islom dini qilganidek, uni aybdor sanaysizlar. Shuning uchun ham materialistik falsafa dinga asoslanmaydi deyapsizlar.

Salim Fotimaning bu fikrlarini eshitib lol bo‘lib qolgan edi:

– Dinga bunchalik hurmatingiz borligini bilmagan edim. Ko‘nglingizni og‘ritgan bo‘lsam uzr so‘rayman.

– Yo‘q, nega endi, bahslashyapmiz-ku. Dadam aytar edilarki: “Qur’onda eng ko‘p e’tiborimni tortgan narsa bu insonlarni fikrlashga chorlanishidir. Ammo negadir Qur’onni inson zehnini berkitadigan deya ta’riflashadi.” – der edi. Otam juda aqlli, bilimdon inson ekanlar. Uning so‘zlarini hozir eslayman-da, qanchalik haq ekanliklarini o‘ylayapman. Yana nima der edilar bilasizmi? Keyin bu gapidan voz kechdi.

– Dadangiz yana nima der edilar?

– Qo‘yavering.

– Ayting, qiziqtirib qo‘ydingiz.

– Otam aytar edilarki: “insonlar inson yaratadilar-ku, ammo ruh ato eta olmaydilar. Demak bugun kun sayin rivojlanayotgan fan aynan biz kabi inson yaratadi.” Aslida yaratish so‘zini ham bu yerda ishlatish noo‘rin-ku, ammo o‘rniga qaysi so‘z ishlatilishini unutibman.

– Demet xonim, bu mavzuda kech qoldingiz. Albatta insonni inson yaratgan. Hozir Amerikada ishlab chiqarilgan robot qizlar xizmat qilmoqdalar. Xaridorlar ularning robot ekanliklarini payqaganlari ham yo‘q.

– Ammo otam menga bularni o‘n yil oldin tushuntirganlarida o‘n to‘rt asr avvalgi ma’lumotlarga asoslanib gapirgan edilar. Demak, falsafaning tamali Islomda ekan. Demak, Islomga qilingan uydirmalar qasddan uyushtirilgan.

Fotima gapirgan sayin Salimning hayrati oshaverar edi.

– Diniy bilimlaringiz bormi?

– Shunchaki eshitganlarim. Dadamni tinglar edim. U necha yil bu narsalarni tushuntirgan edi, uning so‘zlarini endi idrok etyapman. Otam buyuk odam ekan-ku, mening kichik aqlim buni anglab yeta olmabdi. Yana aytar edi-ki, “Falsafa iloji boricha yoshlarimizga tushuntirilishi kerak. Falsafa yetishib bo‘lmaydigan deb o‘rgatilishi kerak emas. Yoshlarning miyasidan “din bo‘lsa falsafa bo‘lmaydi, falsafa bo‘lsa din bo‘lmaydi” kabi fikrni chiqarib tashlash lozim. Falsafa va faylasuflar yoshlarimizga boricha o‘rgatilishi kerak. Ba’zi adashgan faylasuflarni ham o‘rgatish lozim, yillar mobaynida dunyo ularning yanglish tushunchalarini maqtab, ko‘kka ko‘tarib kelgan.”

Kursiga takror o‘tirgan Salim bey Fotimani maroq bilan tingladi.

– To‘g‘ri aytasiz, juda balandparvozlar bor. Bularning biri Berkeleydir. Uning fikricha “modda aslida yo‘q” emish.

– Nega uni adashgan deya olmaysizlar? U haqiqatdan ham ruhiy xasta ekan-ku, siz esa buni hali ham tushunib yetmabsiz.

– Unday demang, u buyuk odam bo‘lgan. Garchi Georgiy Politzer o‘z asarida “qadim zamonlarning materialist faylasuflari juda kulgili holatlarga tushgan” – deb yozib qoldirgan.

– Biroq shunday bo‘lsa ham o‘sha kulgili holatdagi insonlarning fikrlari inobatga olingan. Haligi... Moddaning shunchaki bir aks ekanligini aytganning ismi nima edi?

– Berkeley.

– Mavjud bo‘lib turgan bu ulkan koinotni yo‘q, deya ta’kidlagan insonning gaplariga necha asrlardir-ki qiymat berib kelganlar nega har bir so‘zi javohirdan qimmatli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam fikrlaridan hech narsa olishmaydi? Javob juda oddiy. Dinsizliklari tufayli axmoqlarning fikrlarini tahlil qilib yuraverishgan. Alloh va rasulining so‘zlarini nazarga ilmaydiganday ko‘rinishsa ham, yashirincha o‘qib chiqishgan edi. Nima hech narsa topa olishmaganmidi ular?

– I-yeye. Siz chindan ham dindor ekansiz-ku.

Fotimaning yarasi qattiq qonagan edi. Bu kabi savol berilgan paytda o‘z xiyonatini o‘ylab ezilar, qon yig‘lar edi.

Sekin shivirlab javob berdi:

– Men musulmonman, taqvoli bo‘lmasam ham...

Yodiga o‘sha balkonda o‘tiradigan nogiron bola tushdi. O‘ziga o‘zi ichida “Dinidan uyaladigan, erka, beodob qiz” degandi.

– O‘ylanib qoldingiz, Demet xonim. Biror nima esingizga tushdimi?

– Kechirasiz. Ba’zan shunaqasi ham bo‘lib turadi-da. Xayol olib qochadi. Mayli, mavzumizni to‘xtataylik.

– Yaxshi suhbat bo‘layotgan edi. Men erkin fikrlaydiganlar bilan gaplashishni yaxshi ko‘raman. Ayniqsa sizday aqlli odamlar bilan.

– Yo‘g‘-ye, nima deyapsiz!? Aqlim bo‘lganida o‘zimga ham foydasi tekkan bo‘lar edi.

– Iltimos o‘zingizni bunday haqorat qilmang.

Suhbat shu tarzda davom etar ekan, mudir ham kelib qoldi. Nedim bey xonaga kirar kirmas so‘radi:

– Yaxshimisan, Demet. O‘rtog‘ing tuzukmi?

Joyiga o‘tgan Nedim bey Fotimaga qarab:

– Eshitaman, Demet. Savolimga javob bermading, – dedi.

– Kechirasiz... Laylo tuzalyapti.

– Qaysi Laylo? Ilgari bizda ishlagan maniken qizmi?

– Ha.

– Unga nima qilibdi?

– Giyohvandlik dardi tutib qolib, o‘zini derazadan pastga otdi.

– Ha, uning qo‘lidan kelishi mumkin. U qiz juda muammoli qiz edi. Shuning uchun uni ishdan bo‘shatdim. Shu kungacha u kabi qizlar menda ishlamagan edilar.

– Mana endi to‘g‘ri yo‘l sari ilk qadamlarini qo‘ya boshladi.

– Unday deb o‘ylamayman, men unga necha marotabalab yolvormadim axir. O‘sha zaharni tashlashi uchun ko‘p urindim. Agar boshidan uning shunaqa ekanligini bilganimda umuman ishga olmagan bo‘lar edim.

Fotimaga bu gap erish tuyuldi:

– Uni ishdan bo‘shatish o‘rniga u darddan qutulish choralarini ko‘rsatganingizda yaxshi bo‘larmidi? Ishdan haydash chora bo‘libdimi?

Fotimaning fikriga ko‘ra yoshlarni buzadiganlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, ularni to‘g‘ri yo‘lga soladiganlar ham bo‘lishi kerak edi.

– Sen haqsan, Demet. Lekin mening birovlar bilan ovora bo‘lishga vaqtim yo‘q. Men firmamda senday, Narminday qizlarni ishlataman. Firmaning obro‘yini ko‘taradigan ham tushiradigan ham uning ishchilaridir. Mayli, bu gaplarni chetga surib turaylik. Sen bilan gaplashib olinadigan gapim bor. Shuni bugun hal qilaylik.

Nedim ukasiga chiqib ket ishorasini ko‘rsatgach, ikkita choy buyurtirdi.

Fotima kulib so‘radi:

– Meni ishdan bo‘shatmoqchimisiz?

– Yo‘q, nega endi, Sen mas’uliyatli ishchisan. Men boshqa masalada gaplashmoqchi edim.

Fotima “qanday mavzu bo‘lishi mumkin”, deb o‘ylar ekan, bu yoqdan Salim akasining chiqib ket ishorasini tushunmagan, Fotimaga o‘girilib dedi:

– Qani menga ayting-chi, Demet xonim. Georgiy Politzer fikriga ko‘ra bizda uch xil tortishuv bor:

iqtisodiy

siyosiy

idealistik

Xo‘sh sizdachi?

– Men bu sohada ko‘p ma’lumotga ega emasman–ku, ammo otam aytardilar: “Musulmon avvalo iymon masalasini hal qilib olishi kerak. Keyin esa insoniylikka tegishli boshqa masalalarni ko‘rib chiqadi. Ammo hamma o‘zining qo‘lidan keladigan ishga tolib bo‘ladi.” Menimcha bu gaplar juda keng ma’nolidir.

Nedim bu gal balandroq ovozda gapirdi:

– Salim, bizni yolg‘iz qoldir. Gaplashib olishimiz kerak.

– Gaplashaver, men begona emasman-ku.

– Mayli, unday bo‘lsa Demet bilan keyinroq gaplashaman.

– Juda yaxshi, biz bugun falsafa haqda suhbat quryapmiz.

– Sen boshqa mavzuda gaplashmaysan-ku, qachon qarama falsafa. Xuddi yangi bir kashfiyot ochadiganday nuqul shu mavzuda gapirasan. Hayotda boshqa narsalar ham bor.

Fotima gapga aralashmay tura olmadi:

– Ustiga ustak “aslida bu olam yo‘q” degan aqlsizlarning fikrini yuqori baholab... Men tushuna olmayotgan narsa o‘zining ham mavjudligini inkor etadigan insonning gaplariga quloq solinishi. Hayronman, bu kabi insonlarning fikri qanday qilib tarixga tushib qoldi ekan?

Nedim beyning yuragi siqilib ketdi:

– Qo‘yinglar endi shu mavzuni.

Fotima o‘rnidan turib o‘z bo‘limiga o‘tdi. Maniken sherigi ham kelmagan edi. O‘tirib yana o‘yga toldi. Nedim bey u bilan nimani gaplashmoqchi ekan? Kech tushib, Fotima uyga yo‘l olar ekan Nedim bey dedi:

– Xohlasang uyingga o‘zim tashlab qo‘yaman.

– Rahmat, uyim bu yerga juda yaqin joylashgan.

Uyga yayov ketayotganida ota-onasini qanchalik sog‘inganini his qildi. Yetib kelganida qarasa hech kim yo‘q ekan, quvonib ketdi. Uy ichida aylanib yana o‘yga toldi. Ota-onamga qo‘ng‘iroq qilib ovozlarini eshitay hech bo‘lmasa, – dedi.

Aslida bu ishni ilk marotaba qilmayotgan edi.

Raqamlarni hayajon bilan bosar ekan, oradan ko‘p o‘tmay onasining ovozi eshitildi:

– Eshitaman.

Fotima javob bermas edi:

– Alo, alooo... Alo! Alooo...

Fotima onasining ovozini yig‘lab eshitar edi. Gul xonim bir on nafasini rostlagach, yolvora boshladi:

– Agar Fotima bo‘lsang, yolvoraman, vijdonsiz qizim, men bilan gaplash. Shundog‘am juda azob chekyapmiz, bizni battar qiynama. Hech bo‘lmasa xat yoz. Tirikligingni bilaylik. Tuqqan onang bo‘lib bunga xaqqim yo‘qmi? Sen ota-onasini o‘ldirishni rejalashtirgan bolamisan? Allohdan hecham qo‘rqmaysanmi? Qalbing toshdanmi? Agar boshqa odam bo‘lsangiz, shuni bilingki, ichimiz dardga to‘la. Har bir qo‘ng‘iroqni qizimizdan deb o‘ylaymiz. Iltimos bizni qiynamang. Agar Fotima sen bo‘lsang, qayt, qizim qayt. Otang har kuni kechasi yig‘lab chiqadi, men ham tinmay ko‘z yosh to‘kaman. O‘sha tanlagan hayoting bizni yig‘latishga arziydimi, bolam?

Fotima telefonni qo‘yganida ho‘ngrab-ho‘ngrab yig‘lar edi.

– Yo‘q, onajon. Bu hayot sizlarni yig‘latishga arzimaydi. Hech narsa sizlarning ko‘z yoshlaringizga arzimaydi.

Eshik qo‘ng‘irog‘i chalingach o‘zini sal o‘nglab oldi. Eshikni ochganida qarshisida Burchinni ko‘rdi:

– Salom Demet. Qizlar uydamasmi?

– Mendan boshqa hech kim yo‘q. Marhamat, kir.

Burchin Fotimaning yig‘laganini sezib:

– I-yeye. Yig‘ladingmi? Nima bo‘ldi, – deb so‘radi.

Fotima go‘yo shu savolni kutib turganday yig‘lab yubordi va keyin:

– Sal ta’sirlanib ketdim, – dedi.

Burchin havoyi qiz edi. O‘z dunyoqarashiga ko‘ra tasalli berdi:

– Bu dunyoda hech narsa ko‘z yoshlaringga arzimaydi. Sen davringni surib qol. Sizlarni olib ketgani keldim. Bugun ovqatlanishga boramiz. Ovunib kelarding.

Fotima o‘ylab o‘tirmay darrov rozi bo‘ldi.

Bir necha soat o‘tgach Nejla bilan Bonu ham keldi. Hammalari birga Hilton mehmonxonasiga yo‘l olishdi.

Fotimaning ko‘zi chap tarafidagi stolda o‘tirgan O‘zlem Suslerga tushdi. U juda dunyoqarashi keng qiz edi. Ochiq yursa ham, Islomiy odobi bor edi. Sal o‘tgach, bir yo‘lini topib O‘zlem bilan suhbat qura boshladi:

– Koshki Avstraliyadan kelmaganingda edi.

– To‘g‘ri aytasan. Shunday bo‘lib qoldi-da endi.

– Xo‘sh nimalar bilan bandsan?

– Nima qilardim? Gunesh gazetasining musobaqasiga qatnashyapman. Tinmay tayyorgarlik qilyapman.

Ular suhbatlashar ekanlar yonlariga yana bir maniken qiz Sevgi kelib so‘radi:

– Qizlar menga qaranglar. Nima deysizlar, semirmabmanmi?

– Chindanmi? Yarim kiloga to‘lishdim deb, og‘irligimni o‘lchatishga ham qo‘rqib yurgan edim. Qanchalik siqilganimni xayolingizga ham keltira olmaysiz.

Fotima manikenlar va moda olamining boshqa a’zolari o‘ta ahamiyatsiz kichik narsalar sababli o‘zlarini baxtsiz his qilishlarini o‘ylab qoldi. Bu kabi voqealar ko‘z oldidan birma-bir o‘ta boshladi. Birinchi kirgan ish joyidagi mudira labiga chiqqan kichkinagina uchuqni deb soatlab ko‘z yoshi to‘kkan, “bugun balga taklif qilishgan edi, bu ahvolda sharmandam chiqadi, agar jurnalistlar bo‘lsa undan ham battar sharmanda bo‘laman” – deb ayuhannos solgan edi. Ertasiga mudirani janozadan chiqqan odamday siniq holda ko‘rgan edi.

Selinni esladi. Sartarosh sochini aytganidan salgina kaltaroq qilib kesib qo‘yganiga u ham soatlab yig‘lab dod solgan edi. Lekin qomat masalasi hammaning eng nozik tomoni edi.

Aylin xonim-chi, uni hech unutib bo‘lmas edi. Tikuvchisi ko‘ylagining yoqasini sal yopiqroq qilib qo‘ygani uchun qanaqa hunarlar ko‘rsatmadi deysiz... “Men rohibamidimki kechki bazmga kampirlarday kiyinib boramanmi?” – deya aqldan ozgudek bo‘lgan edi.

U baxtsizlikni o‘zlari to‘qib chiqarishadi, deb o‘ylab qoldi.

Bu hayot asabbuzarliklarga to‘la edi, lekin o‘zi shu hayot uchun borini fido qilib bo‘lgan edi. Sevgi ketgach, O‘zlem bilan qolishdi. O‘zlemdan Nedim beyning aytmoqchi bo‘lgan gapi haqida uning fikrini so‘radi.

– Nedim bey menga “Sen bilan gaplashib oladigan gapim bor”, – dedi. Seningcha qanday gap bo‘lishi mumkin?

– Tushlik qilishga taklifdir-da. Ko‘pchilik boshliqlar qo‘l ostidagi qizlarni ayniqsa manikenlarni zamonaviy fohisha deb hisoblashadi. Imkonim bo‘lganda edi boshliqlarining qo‘lida o‘yinchoq bo‘layotgan hamma manikenlarga, sekretarlarga, ayollarga “qo‘g‘irchoq” bo‘lmanglar der edim. Boy erkaklar istagan ayolga erishaman, degan fikrni miyalaridan chiqarib tashlashlari kerak. Ammo bunday gap avval ayollardan chiqishi kerak.

Fotima O‘zlemning bu gaplariga hayron qolgan edi. Ich kiyimlarni gazetalarda reklama qilib, shu holatida u erkaklarning ham nafsi ham cho‘ntaklariga foyda olib kelishini nega hisobga olmas edi? Bu haqda uning fikrini olishga qiziqdi. Bu savolni unga bersa O‘zlemning aslida qanaqa ekanligini javobidan tushunib olar edi:

– O‘zlem nima deb o‘ylaysan, bu ochiq-sochiq kiyim-kechaklarni ayollar kiyib namoyish qilishgani bilan nega asosan erkaklar namoyishga ko‘proq kelishadi? Nega hamma narsa erkaklarning istak xohishiga ko‘ra tayyorlanadi? Sohil bo‘yiga borishganida ham erkaklarga yoqadiganidan kiyishga harakat qilishadi. Nimaga shunaqa ekan, nima deb o‘ylaysan?

– Hech o‘ylab ko‘rmagan ekanman, biroq to‘g‘ri gapni aytding. Moda degani erkaklarning ko‘ngilxushliklari va ayollarning ahmoqliklariga asoslanib rivojlanadi. Bu dunyo azaldan shu edi, shunday bo‘lib qoladi, nima ham qilar edik.

“Yo‘q aslo unday bo‘lmagan”, – deya olmadi.

Fotima hech narsaga tushuna olmagan edi. Qiziq, O‘zlem ham o‘ziga o‘xshab bu yurishlaridan ich-ichidan ezilayotgan, siqilayotganmikin? Allohning oldida qilgan qilmishidan uyalayotganmikin?

– Gunoh degan narsani unutib qo‘ydik, naqadar sharmandalik, shunday emasmi?

O‘zlemdan hech qanday javob bo‘lmagach, uning dinga e’tibori ham, hurmati ham yo‘qligini tushundi. Fotima o‘ziga o‘xshagan birortasini topib u bilan suhbatlashishni, dardlashishni istardi.

Shu payt Bonu ularning oldilariga kelib:

– Ikki soatdan beri nimalarni gaplashyapsizlar, yuragim siqilib ketdi. Nejla ham birovlarni ilintirish bilan ovora, bir o‘zim qolib ketdim.

O‘zlem Bonuni ko‘rganida bir voqea yodiga tushdi. Unutib bo‘lmaydigan voqea.

Fotima ham Bonu bilan hazillasha boshladi:

– Sen ham o‘zingga birortasini topib ol. Sen bilan hech kimning ishi bo‘lmayaptimi?

– Bo‘lyapti. Meni bu holda ko‘rib haliginaqalardan deb o‘ylayapti. Shunaqangi jahlim chiqyaptiki, so‘z bilan tushuntira olmayman. Yonida rafiqasi, qizi va o‘g‘li bor. U bo‘lsa uyalmasdan... Axir uning o‘g‘li tengiman. Uzr qizi tengiman. Lekin u nomussizda vijdon bormidi? Eh dada, sizni deb shu kunlarga tushib o‘tiribmana.

Bonuning ko‘zlari yoshlangan edi. Keyin borib o‘rniga o‘tirdi.

O‘zlem ham Bonuning ahvoliga juda achinar edi. Aslida inson sifatida Bonuning yaxshi tomonlari ko‘p edi. G‘arbdan esgan shamollar bo‘ronga aylanib yoshlarning ba’zilarini shu olovda yoqqan bo‘lsa, qolganlarini boshqa shaklda kuydirgan edi. O‘zlem Fotimaga o‘girilib uni qattiq qayg‘uga solgan bir voqeani gapira boshladi:

– Istanbulga avvalgi safarlarimda bir yigit bilan tanishib qoldim. Tuppa-tuzuk bola edi.

Oradan vaqt o‘tib, mashhur bo‘lgim keldi. Maniken bo‘lishga qaror qildim. Ularni ko‘rganimda nima kamim bor dedim. Istanbulga keldim. O‘sha yigitni bir kuni yana ko‘rib qolganimda ko‘zlarimga ishona olmadim: bo‘yangan, tirnoqlarini o‘stirib, bo‘yab olgan edi. Quloqlariga zirak taqib olib, suzilib gapirar edi. Uning bu ahvolini ko‘rib juda xafa bo‘ldim. Borib so‘radim:

– Juda o‘zgarib ketibsan, bu nima ahvol? – dedim.

– Nima qilay? Inson shunday qilsa tezroq ko‘tarilar ekan bu olamda.

– Bo‘lishi mumkin emas, senga ta’sir qilgan u bu narsa bo‘lishi kerak.

Berkitib o‘tirmay, dedi:

– Ha, Jamil bey ta’sir qildi. Lo‘ttibozmish. Hozir birga yashayapmiz. U bundan umuman hijolat bo‘lmas, odamlar orasida ham hurmati baland edi. Bonu ko‘rganimda o‘sha voqeani esladim. Unga kim ta’sir qilgan ekan?

– To‘g‘ri aytasan, O‘zlem. Bonu o‘zining holati, yashayotgan hayotidan nafratlanadi. Boshidan nimalar o‘tganini hech bila olmadim. Uyda o‘zimiz qolganimizda gapirtiraman hali.

Fotimaning kunlari shu tarzda o‘tar edi.

Boshlig‘i Nedim bey anchadan beri Yevropa safarida bo‘lgani uchun hali ham o‘sha aytmoqchi bo‘lgan gapini ayta olmagan edi. Boshlig‘i uni ko‘rgan zahoti iliq qarshiladi:

– Xush kelibsiz, Nedim bey. Safaringiz yaxshi o‘tdimi?

– Xushvaqt bo‘l, Demet. Juda yaxshi o‘tdi. O‘nlab namoyishlarni tomosha qildim. Parijdan yangi moda jurnallari oldim. Bu yil ranglar butunlay o‘zgarib ketibdi.

Fotima o‘ziga o‘zi dedi:

– O‘zgaradi-da, shundog‘am o‘z bilganimizday emas, ularning xohishiga ko‘ra kiyinamiz.

So‘ng Emel xonimni chaqirib:

– Nima gaplar Emel? Oxirgi modellarimizning savdosi qanday ketyapti? – deya so‘radi.

– Juda yaxshi ketyapti, Nedim bey. O‘tgan oyda “Bahor” nomli modelimiz 1500 ta buyurtma oldi.

Kerakli ma’lumotlarni olgach, Emel xonimga ruxsat berib, Fotima bilan yolg‘iz qolishdi.

Fotima hayajonlana boshladi. Biror nojo‘ya taklif kiritsa, nima qilaman, deb o‘yladi.

Nedim bey biror narsa deyishga ulgurmay xonaga uning rafiqasi kirib keldi. Ularni xonada yolg‘iz ko‘rib ayolining kayfiyati buzilib, qovog‘ini solib oldi. Fotimaga ham ma’noli qarab qo‘ydi.

Sho‘rlik ayollar... Erlarini doim kuzatib yurishga majbur edilar. Hayotlari shubha bilan o‘tar, xotirjam yashay olmas edilar. Nedim bey ikki soatda kelaman deb chiqib ketgani esa Nozli xonimga qo‘l kelgan edi. U Fotimani sekin–asta bildirmay so‘roq qilar edi:

– Necha yoshdasiz?

– Yigirma.

– Uchrashib yuradiganing bormi? Albatta, borligi aniq-ku, men ham so‘rab qo‘ydim-da.

– Yo‘q. Menga uylanish uylanmasligi aniq bo‘lmagan bir odam bilan aslo uchrashuvlarga chiqmayman. Hozir zino so‘zining o‘rniga uchrashib yurish deyishadi. Xuddi kinolardagiday. G‘arbliklar urushda oson yo‘l bilan yutdik desalar kerak.

Nozli xonim tushuna olmay so‘radi:

– Tushunmadim, uchrashib yurish bilan urushning nima aloqasi bor?

– Tarixda inglizlar yerlarini kengaytirish niyatida yurtimizga qo‘shin tortishgan edi. Hozir esa tuprog‘imizni emas, yoshlarimizni o‘zlariniki qilib tarafdorlarini orttirishmoqda.

– Tushunarli, sening dunyoqarashing boshqacha ekan. Demak sen uylanish niyati bo‘lmaganlar bilan yurmaysan. Ayt-chi, oilali erkak uchrab qolsa nima qilasan?

– Alloh asrasin. Umuman rozi bo‘lmayman.

– Biror marta bo‘lsa ham oilali erkakdan taklif bo‘lganmi?

– Juu-u-uda ko‘p marta bo‘lgan. Bu yerga ishga kirgunimcha hamma xo‘jayinlardan taklif olardim. Faqatgina bu yerda unday narsaga duch kelmadim.

– Duch kelsang nima qilasan?

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Imomning maniken qizi (13-qism)