12:11 / 16.10.2018
5 503

Imomning maniken qizi (15-qism)

Imomning maniken qizi (15-qism)
Musobaqadan so‘ng hamma sekin-asta uy-uyiga tarqala boshlagan, qizlari g‘olib bo‘lganlarning onalari baxtli, yutqizganlariniki esa xafa holda ketdilar. Ularning fikricha, bu musobaqada g‘olib bo‘lish yuksak maqom beradiganday go‘yo. Millat haqiqiy yuksak daraja neligini allaqachon unutib, sun’iylari bilan ovora edi.

Birinchi o‘rinni Arzu Inan, ikkinchi o‘rinni Merve Ildeniz, uchinchi o‘rinni Ayshe Mine olgan edi.

Ba’zi gazetalar O‘zlemni uchinchi o‘rin sohibi deb chop etayotgan bo‘lsalar ham bu yolg‘on edi. Haqiqiy manikenga xos xususiyatlari borligi ta’riflanib, o‘sha voqeadan so‘ng O‘zlemning obro‘si oshgan edi. U endi ayniqsa cho‘milish kiyimlarini namoyish qiladigan manikenga aylandi. Kunlar, haftalar, oylar suvday oqib o‘tdi.

Ba’zi gazetalarda uning boshdan oyoq rasmi chiqar, o‘tmishdagi mish-mishlarni unutib, yana yuqoriroq mavqega erishishga qaror qilgan edi.

Shunday kunlarning birida O‘zlemning cho‘milish kiyimida tushgan surati bosilib, tagiga uning juda uyalchang qiz ekanligi haqida yozilgan edi.

Fotima bu xabarni o‘qigach, ustozining so‘zlarini esladi: “Zarracha iymoni bo‘lgan odamda uyat hissi bo‘ladi”. Biroq O‘zlemni hech tushuna olmas edi. Bu qizning diniy ishonchi bormidi, yo‘qmidi, shuni bila olmay qiynalar edi. Chunki u ham bama’ni qiz bo‘lib, ham cho‘milish kiyimlarida ommaga chiqar edi.

Fotima bilan O‘zlem yana o‘zlari yolg‘iz qolishgan, yangi gazetalarni ko‘zdan kechira boshlashdi. O‘zlem kutilmaganda bir sahifaning yarmi o‘zining suratlari bilan to‘la ekanligini ko‘rdi. Sarlavhasini o‘qib, kapalagi uchib ketdi. Boshi aylanib, yozuvni o‘qiy olmaydigan darajaga tushgan edi.

– Ey Alloh, bunday deyishga qanday tillari bordi.

Buyuklarimiz “Shuxrat-ofatdir” deyishgan. O‘zlem mashhur bo‘lib borar ekan, ba’zilar u haqda chiroyli gaplar yozsa, ba’zilar uning mashhurligidan foydalanib “o‘ziga xos” maqolalar yozishga harakat qilishar edi. Bu ishda yolg‘ondan bemalol foydalanilar edi.

Gap uning nomusi haqida borar ekan O‘zlem ko‘z yoshlarini tuta olmadi:

– Men yurtimda demokratiya bor, deb maqtanar edim. Demokratiya boshqalar haqida istaganini yozish deganimi?

O‘zlem tinmay yig‘lar, Fotima esa uni nima deb ovutishni bilmayotgan edi. Birdan Fotima qiziqib so‘radi:

– Bu jurnalistni taniysanmi?

– Ha, taniyman. Necha kunlab ortimdan qolmadi. Men haqimda maqola yozmoqchi ekanligini aytdi. Rozi bo‘lmadim. Men birga ovqatlangan odamlargacha “orasida bir gap bor”, deb bo‘hton qilishgani uchun rozi bo‘lmagan edim. U ham jahl bilan miyasiga kelganini yozaveribdi. Balki ba’zilar yanayam mashhurroq bo‘lish uchun oshiq-ma’shuq bo‘lib yurar, lekin menga bunaqa narsalar yoqmaydi. Undan keyin mening dardim shuhrat emas, men pul topish niyatida bu ishni qilaman.

Fotima dugonasining holatiga juda achinayotgan edi.

– Seni qanday yupatishni ham bilmayapman. Qo‘yaver. Uydagilaring baribir jahli chiqmasa kerak. ... Qaytangga yanayam mashhur bo‘lib ketasan. O‘zingga olma, O‘zlem.

O‘zlem ko‘z yoshlarini artib javob berdi:

– Yo‘q, dadam juda xafa bo‘ladilar, oyim ham, boshqa oila a’zolarim ham. O‘zim ham nomimning bunaqa bulg‘anishini istamagan edim. Men kasbim bilan o‘zimni isbot qilishim kerak edi.

O‘zlemning ko‘ngli yorishay demas edi. Rasmi tez-tez gazetalarda bosilar, u esa har kuni ertasiga u haqda nima deb yozishlari mumkinligini o‘ylab siqilar edi.

Hayrati tugamas edi. Insonni qoralashning hecham chek-chegarasi yo‘q edi. “Bu qanday erkinlik, bu qanday insoniylik” – deya kuyib-pishardi.

Bu musobaqaga qatnashish uchun Avstraliyadan keldim, bunday kunlar boshimdan o‘tadi deb hecham o‘ylamagan edim, - derdi.

Suhbat uyda davom etdi.

Fotima universitetida o‘qishini chala tashlab kelgan O‘zlemga hayron qolardi. So‘ramay tura olmadi:

– O‘zlem, to‘g‘risi juda hayron qoldim. Universitetni qanday tashlab kelding? Buning sababi nima? Oilang maniken bo‘lishingga qarshi emas ekanlar.

– Ha, oilam tor fikrli emas.

Fotima bu so‘zni eshitib muzdek bo‘lib ketdi. Otasining gaplari yodiga tushdi: “Qizim, hozirgi paytda islomga amal qilib yashaydiganlarni tor fikrli deyishadi. Bir kun kelib sening oilang haqida ham shunday deb qolishsa, bilginki atayin yoshlarni oilasidan uzoqlashtirish uchun qilinadi bu ishlar”.

O‘zlemga bu haqda hech nima demay davom etdi:

– Xo‘sh, u yerlardan qanday kelib qolding?

– Gapirib ber, men dugonalarimning hayotlariga juda qiziqaman. Ayniqsa menikiga o‘xshagani bormikan deb.

– Yaxshi, unday bo‘lsa aytganim bo‘lsin.

– “Men 22 martda Istanbulda dunyoga kelganman. O‘n oyligimdayoq Avstraliyaga ko‘chib ketgan ekanmiz. Avvaliga davlat mehmonxonasida yashab, keyinchalik bir turk oilasi bilan bir uyda turgan ekanmiz.Ota-onam ikkisi ham ishlar, otam kechasi ishlasa, onam kunduzi mehnat qilar ekan. Onam ishga ketganlarida menga dadam qarab turar ekanlar. Men to‘rt-besh yoshga kirganimda kunduzi dadam bilan o‘ynagim kelar ekan-ku, lekin u juda xorg‘in bo‘lgani uchun uyqusi kelar emish. Uni uyqusidan uyg‘otib, men bilan to‘p o‘ynashga majbur qilar ekanman.

Bu orada ikki qavatli uy qurdirishibdi. Bir kuni onam dasturxon tuzashni unutibdilaru, men esa juda ochqolgan ekanman. Stol ustida nok bor ekan, stul ustiga chiqib, noklarni olib, cho‘pi bilan qo‘shib yeb tashlabman. Meni ko‘rgan otam yig‘lab yuboribdilar. Voqeani onamga aytib berib, pulni deb bolalarimizni qiynab qo‘ydik, deb xafa bo‘lishibdi. Keyin onam ishdan bo‘shabdilar. So‘ng otam tijorat bilan shug‘ullana boshlabdilar.

Keyinroq esa Turkiya va Avstraliya o‘rtasida sarson bo‘ldik. Ba’zan onam bu yerda qolsa, otam u yerda bo‘lar edi. Yoki aksincha. Bolaligim juda baxtsiz o‘tgan.

Unuta olmagan juda ko‘p og‘ir paytlarim bo‘ldi. Ayniqsa Turkiyada ba’zi insonlar otamning bergan nonini yeb turib, u haqda yomon gaplar gapirishdi. Shuning uchun o‘sha odamlardan ham, Turkiyadan ham nafratlanib qolganman.

Maktabga borar edim. Turkchani bilmas edim. Shu sababli darslarimni dadamga qildirar edim. Har kuni kechasi yig‘lar ekanman. Ayniqsa ona nomli she’rlar qattiq ta’sir qilar ekan. Onamni juda sog‘inar ekanman.

Turkchani gazeta o‘qib o‘rganar edim. Juda og‘ir kunlar edi. Yana Avstraliyaga qaytadigan bo‘ldik. Litseyga kiradigan paytim bo‘lgan edi. Otam meni katolik kollejiga o‘qishga berdi. U yerda avstraliyaliklarga taqlid qilib ismimni Ruzlin deya atadim. Bundan tashqari ular O‘zlem ismini ayta olishmas edi.

O‘sha paytlarda dadamning tomog‘i rosa og‘rir edi. Bir kuni o‘qishdan kelsam, dadam yig‘layapti. Ko‘p sigaret chekkani sababli emish.

“Bolajonim, saraton kasaliga chalinibman, endi nima qilaman?” – deb yig‘lar edi.

O‘sha onlardagi hislarimni hecham so‘z bilan ifodalab bera olmayman. Doktorlar dadamga ochiqdan-ochiq kasalini aytishibdi. U yerdagilar shunaqa darrov to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytaverishadi.

Otam kasalxonaga yotdilar. Yodimga tushsa haliyam yuragim ezilib ketadi. Dadamni ko‘rishga tez-tez bora olmadim. Chunki uni u holatda ko‘rishga yuragim dov bermas edi.

Dadam kasalxonadan chiqqanida ovozi chiqmaydigan bo‘lib qoldi. Ilk marotaba ovozning qanchalik buyuk in’om ekanligini angladim. Dadamning ovozi chiqmagach, xaridorlar bilan muloqot qila olmagani uchun tijorat ishlari ham nihoyasiga yetdi. Inson ovozning qanchalik muhim ekanligini faqatgina uni yo‘qotganida anglab yetadi.

Boshimdan ko‘p narsa o‘tdi. Bir o‘tirishda gapirib beriladigan narsalar emas.

Onam Istanbulda yashar edi. Men ham orzularga ko‘milib, vatanimni o‘zgargan deb yuribman. Vatanimni sog‘ina boshlagan edim. Chunki oradan ancha yillar o‘tgan edi. Bundan tashqari chidab bo‘lmas darajada qiyinchilik ichida edim. Shunday kunlarning birida Gunesh gazetasining go‘zallik tanlovini e’lon qilganini o‘qib qoldim. Hech bo‘lmasa bitta yengil mashina yutib olarman, deya musobaqada qatnashishga qaror qildim. Bu fikrimni onamga aytsam, rozi bo‘ldi. Otam Avstraliyada, men esa bu yerga keldim.

U yerda falsafa, psixologiya va siyosatshunoslik fanlarini o‘rganayotgan edim. Mana keldim, sizlar bilan tanishdim. Rasmlarga tushib, musobaqaga qatnasha boshladim. Avvaliga mehmonxonada turdik. Bilasiz qayerda bo‘lsak, gazetalar biz haqimizda yozar edi. Har kuni kechki payt aylanishga, dam olishga borar edik. Qayerga borsak ham hurmat-e’tibor ko‘rsatishdi. Birdaniga hayotim o‘zgarib ketdi. Musobaqada men finalgacha borib, undan yuqori ko‘tarila olmadim. Ha, mayli, u kunlar ham o‘tib ketdi.

So‘ngra Flesh Forum Agentligiga ishga taklif qilishdi. Maniken bo‘ldim. Keyinroq meni reklamalarda suratga tushishga taklif qilishdi. O‘zing bilasan bu hayotning shuhrati, puli yaxshi bo‘ladi, biroq men bu olamdan siqilib ketdim. Bilmadim menimcha yana 2-3 yil ishlasam kerak.”

Bu gapni gapirganidan keyin bir necha kun o‘tib, yana gazetada rasmi chiqdi. Rasmi bosilishini bilar edi-ku, biroq nimalar yozilishini xayoliga ham keltirmagan edi.

Gazetani olib, Fotimaning oldiga keldi-yu, isyon to‘la gapira boshladi.

– Mana buni o‘qib ko‘rgin...

Fotima diqqat bilan o‘qib chiqib dedi:

– Nima qilibdi? – dedi.

– Nima qilibdi emish, erkaklarning yuragini yondirgan emishman.

– Mashinaning ustiga cho‘milish kiyimida maniken o‘tkazishlaridan maqsad ham erkaklarning yuragini o‘ynatish emasmi?

– Tushunmadim, bizning cho‘milish kiyimini kiyishimizdan maqsad erkaklarga jozibali ko‘rinishmi?

– I-yeye. Buni bilmasmiding?

– Men hecham bunday deb o‘ylab ko‘rmagan edim. To‘g‘risini aytsam, juda xafa bo‘ldim. Boshdan oyoq rasmlarim chiqdi, lekin buni bu tarzda o‘ylamagan edim. Men na bunaqangi shuxrat, na pul xohlayman. Men bu ishga san’at deb qarayotgan edim.

– Yoki shunday deb uqtirilding. Sen emas boshqa manikenlar ham erkaklar nafsiga xizmat qilishini bilmaydi.

O‘zlem qaror qildi. O‘zini erkaklar hoyi-havasiga otmas, bu ishdan ketar edi.

U chindan ham so‘zida turib Avstraliyaga qaytishi uchun chiptasini ham tayyorlab qo‘ydi.

Dugonalari bilan xayrlashar ekan, ayniqsa Fotimaga xat yozishga so‘z berdi. Fotimaga bu munosabat yoqqan va “or-nomusli bo‘lsang, nomusing o‘z vazifasini bajaradi” – deb o‘ylab, unga oq yo‘l tiladi.
Davomi bor...

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Imomning maniken qizi (15-qism)