18:08 / 20.10.2018
5 840

Imomning maniken qizi (17-qism)

Imomning maniken qizi (17-qism)
Yomonlikdan qaytishning erta-kechi bo‘lmaydi. Fotima O‘zlemdan kelgan xatni hayajon bilan ochdi. Ancha uzun, enli xat edi. Yotog‘iga cho‘zilib o‘qiy boshladi:
“Allohning salomi bilan so‘zlarimni boshlayman.”

Fotima O‘zlem xatini Allohning ismi bilan boshlashiga hayratlanib o‘qishda davom etdi:
“Sevimli dugonam, Demet, yaxshimisan? Senga yozadigan narsalarim shunaqangi ko‘payib ketdiki, qay biridan boshlashni bilmay qoldim. U yerdan kelgach, boshimdan nimalar o‘tganini eshitsang, ishonmaysan. Men bir xristian yigit bilan turmush qurishga qaror qilgan edim. Keyin bo‘lajak farzandlarimiz haqida o‘ylab qoldim. Ularga qanday ism qo‘yish, qaysi dinga ko‘ra tarbiyalab o‘stirishim kerak edi? Birdan dahshatga tushdim. O‘sha paytgacha hech bir qoidasiga amal qilmagan Islom dinimning endi bolalarga ism qo‘yishda juda muhim ekanligini angladim.
Unashtirilgan yigitimga vaziyatni tushuntirdim. “Musulmon bo‘laman, lekin sen avval menga u haqda o‘rgat dedi”. O‘zim hech narsani bilmasam, unga nimani ham o‘rgatar edim? O‘shanda hech narsa bilmasligimni tushunib yetdim.

– Men Islomni bilmayman. Senga kitob olib beraman o‘qiysan, dedim. Rozi bo‘ldi. Unga ingliz tilida islomiy kitoblar olib berdim. Qarasam, o‘qimayapti, necha marotaba ta’kidladim, baribir o‘qimadi. Bir kuni menga “o‘zing o‘qi, keyin gapirib berasan” – dedi. Keyin o‘zim o‘qiy boshladim. Tinmay, har kuni o‘qir edim. Bunday qarasam, men umuman musulmon emas ekanman. O‘z ahvolimga juda achindim... Iymonim kuchayar ekan, birinchi qilgan ishim, namoz o‘qish bo‘ldi... Onam rosa qo‘rqdi. Dindor bo‘lib ketasan, deb menga qilmagani qolmadi. Uning nazarida inson zamonaviy bo‘lishi kerakdiki, bir insonning ham zamonaviy hamda iymonlilardan bo‘lishi mumkinligiga ishonmas edi. Bir uyda ikki dushmanday yashadik. Ayniqsa hijobga kirganimda hayratlanib, aqldan ozgudey bo‘ldi. Dadam esa xursand edi. Chunki u ham ko‘p o‘tmay namoz o‘qishni boshladi. Bolaligimda meni Qur’on kursiga bermoqchi bo‘lganlarida kursning o‘qituvchisi Otaturkni yaxshi ko‘rmas ekan deb, bermagan ekan.”

Fotima O‘zlemning gaplarini esladi:
O‘sha insonning qizini Muhammad sollallohu alayhi va sallamni sevmagan katolik maktabiga o‘qishga berishini ko‘z oldidan o‘tkazdi. O‘zlemning o‘rangani haqidagi xabarni ham hayrat ichida o‘qidi. O‘sha qiz, o‘sha maniken O‘zlem qanaqasiga o‘randi ekan? Shunaqangi sevinib ketdi-ki, xatni tugatib bo‘lmasidanoq, mehmonxonaga yugurdi:
– Qizlar, suyunchi! O‘zlem Susler Islomga qaytibdi... Bundan tashqari namoz o‘qib, hijobga kirganmish.
Burchin tirnoqlarini tekislar ekan dedi:
– Ahmoq qiz, shundoq yoshligini barbod qilib...
Fotima tutoqib ketdi:
– Hozirchi? U hali tirik, shundog‘am yoshligini yashaydi–ku.
Laylo bu xabarni eshitib sevinib ketdi:
– To‘g‘risini aytsam, juda xursand bo‘ldim. Ko‘ramiz, O‘zlemning har bir harakatini yozadiganlar, bu ishni ham yozisharmikan?
– Yozishmasin, uning bu qarorini eshitganlar soni O‘zlemga yetib ortadi.
Bonu oshxonada turib gaplarni eshitib, yugurib keldi:
– Unga rosa yarashgan bo‘lsa kerak o‘ranish. Ofarin. Juda to‘g‘ri qaror qabul qilibdi.

Fotima sevinchdan bir joyda tura olmas edi. Yana xonasiga kirib davomini o‘qiy boshladi:
“Endi esa xuddi shu inson o‘ranganimga juda sevinyapti. Biroq turmush qurmoqchi bo‘lgan insonimga hijobga kirishim umuman yoqmadi. “Menga jazo berish uchun o‘ranyapsan” dedi. Ancha muncha narsalardan keyin qarasam, bo‘lmaydi. Ajralishdik. Islomga qaytishim sen uchun juda muhim voqea deb o‘ylab, avvaliga shundan boshladim. Endi boshqa xabarlarga kelsak.

Universitetni bitirdim. O‘sha paytlarda bo‘shliqqa g‘arq bo‘lgan edim. Yaponiyaga borib, u yerda ingliz tilidan o‘qituvchi bo‘lib ishladim. Yapon yoshlari meni shokka tushirdi. Ko‘pi dinsiz. Qariyalari esa Buddist. Moddaparastlar. Men ham shundaylardan edim. Kristian Dior tuflilari, shanel ko‘zoynaklari... Xuddi o‘zlarini moddiyat bilan isbotlashar edi. (Albatta hamma yaponlar demoqchi emasman, lekin ko‘pi shunaqa.)

Yaponiyadagi Islom Madaniyat Markaziga bordim. U yerda Islomni Yaponcha o‘rgatishar ekan, men ham tingladim. Biroq Yapon tilini o‘rganishni davom ettirishim kerak edi. Bu esa u yerda qimmatga tushgani uchun keyin Angliyaga bordim. Londonda Sharqshunoslik fakultetida yapon tilini o‘rnatishda davom etdim. Bundan tashqari Islom Jamiyatiga qatnay boshladim. Islomiy birodarlikning qanchalik shirin tuyg‘u ekanligini men Londonda Islom Jamiyatida his qildim. Shunaqangi go‘zal tuyg‘u ediki, bu hisni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi.
Keyinroq Malayziyaga yo‘l oldim. Keyin Amerikaga, Las Vegasga bordim. Haromga to‘la joy. Rosa sayr qildik, eng hashamatli mehmonxonalarda tunadik. Lekin men o‘zimni baxtli his qila olmayotgan edim. Namoz o‘qir edim. Ammo boshim ochiq edi. Chindan ham odam baxtni qalbida, ruhida olib yurar ekan. Hozir juda yaxshi musulmon yigitga unashtirilganman. Ha, agar sen shu kunlarda onamni ko‘rsang, taniy olmaysan. Unashtirilgan yigitim unga juda chiroyli muomalada bo‘ldi va Islomni tushuntirdi. Go‘yo islomga qarshi bo‘lgan onam o‘rniga boshqa odam paydo bo‘lib qolganday. Ishonmasliging mumkin, lekin sen bilgan o‘sha ayol hijobga kirdi. Hozir juda baxtliman. Meni ko‘rsang hayratlanib qolasan. Hijobga shunchalik tez o‘rgandimki, ba’zan noxush voqealar sodir bo‘lsa ham ruhim doimo yengil. Xuddi baxt menga qanot hadya etganday, qo‘llarida ko‘tarib yurganday. Xullas, mendagi o‘zgarishlar shulardan iborat...

Xo‘sh, senda nima gaplar? Qalbingda go‘zallik haliyam hukmronmi yoki o‘sha qorong‘u ko‘chalarda yo‘q bo‘lib ketdimi? Menga o‘zing haqingda yozib yubor. Laylo... Nejla... Bonu haqida ham... Vatanimda qanday o‘zgarishlar bo‘ldi? Shularni ham yozishni unutma.

So‘zlarimni yakunlar ekanman, ko‘zlaringdan o‘pib, senga (sizlarga) ikki dunyo saodatini tilayman. Allohning salomini qabul qiladigan har kimga salomimni yetkaz.
Beg‘ubor dugonajonim mening.
Assalomu alaykum.
O‘zlem Susler.

Eslatma: “Alloh xohlasa bir kun kelib, ishonamanki sen ham menga xushxabarlar yozib yuborasan”.
Fotimaning tuyg‘ulari ta’riflab bo‘lmas darajada edi. Bir tarafdan noxushlik, boshqa tarafdan sevinchni ichiga sig‘dira olmas edi.

Ovqatini yemasdan yotgan, unsiz yig‘lay-yig‘lay uyquga ketgan edi. Ko‘zlarini ochganida esa kech qolganini payqab apil-tapil kiyinib, ko‘chaga chiqdi. Birdan katta tezlikda kelayotgan yuk mashinasi uni urib yubordi. Qon ichida qolgan Fotima yerga yiqildi. Atrofdagilar uni kasalxonaga olib borish uchun mashinaga olib chiqishdi. Fotimaning hushi o‘zida edi. Hamma gap-so‘zlarni eshitib borar edi.

– Yuk mashinasi bechora qizning oyoqlarini bosib o‘tibdi.
Fotima dahshat bilan oyoqlarini paypasladi. Barmoqlarini qimirlata olar edi-ku, biroq oyoqlarini bir-biriga tekkazib ko‘rmoqchi bo‘lganida ulani qimirlata olmayotganini tushundi. Shu onda birdan balkonda o‘tiradigan yigitning onasi aytgan gaplar yodiga tushdi: “Oyoqlaringning sog‘lomligiga ishonma, Alloh ko‘rsatmasin bir falokat kelsa bormi...” O‘sha gap haqiqatga aylandimi? Fotima endi cho‘loq bo‘lib qoldimi?
O‘zini ta’riflab bo‘lmas darajada nochor his etardi.

Birdan baqira boshladi:
– Men cho‘loq bo‘lib qoldim. Falaj bo‘lib qoldim.
Baqirib ko‘zlarini ochganida avval o‘zini kasalxonada deb o‘ylagan, keyin esa tush ko‘rganini angladi.
Qizlar uning ovozini eshitib, darrov atrofiga to‘planishgan edi. Chiroqni yoqib, Fotimadan so‘rashdi:
– Demet, senga nima bo‘ldi?
Fotima ko‘zlarini ishqalagancha javob berdi:
– Dahshatli tush ko‘rdim.
Nejla darrov suv olib keldi:
– Ol, darrov ichib yubor.
Qizlar biroz muddat Fotimaning yonida o‘tirib, keyin tarqalishdi. Aslida Laylo Fotima bilan bir xonada turar edi.

Hamma yana uyquga ketgan, Fotimaning esa ko‘ziga uyqu kelmas edi. Soatga qaradi. To‘rt bo‘libdi. O‘rnidan turib, mehmonxonaga kirganida haliyam ko‘rgan tushining ta’sirida edi. Balkondagi yigitni o‘ylay boshladi:
“Unga nega shunchalik yomon muomalada bo‘lgan ekanman? Chindan ham odamgarchiligimni yo‘qotgan ekanman” – dedi.
So‘ngra o‘sha yigitning gaplari yodiga tushdi:

– Men senga emas, ichimdagi Fotimaga qarayapman. Bir marta esa “Sen kabilar musulmon bo‘lolmaydi. Haqiqiy musulmon bo‘lish uchun yurak kerak... Senga o‘xshash burni osmonda bo‘lganlar qayoqda-yu, musulmonlik qayoqda?” – degan edi.

O‘shanda uni “bechora” degan edi. Hozir esa aslida achinishga arzigulik odam o‘zi ekanligini angladi. O‘sha yigitning ahvoli nima bo‘ldi ekan? – deb o‘ylab qoldi. Hozir uning qanchalik tarbiyali va bosiq yigit ekanligini angladi.

Yana xayoliga Usoma keldi. Keyin ota-onasi... Bo‘g‘ziga bir narsa tiqilganday bo‘ldi. Bu shunday og‘ir dardki, hecham ko‘tara olmayotgan edi.

Nonushta paytida qizlardan so‘radi:
– Qizlar, “o‘rnimga boshqa odam topinglar, men ketaman” – desam nima qilasizlar?
Bonu bunday gapni hecham kutmagan edi:
– Yo‘q, bunday deyishing mumkin emas. Bizni tashlab keta olmaysan. Keyin Fotimaga xomush nigoh bilan boqib: – Sen ketsang, menim holim nima bo‘ladi, Demet? – dedi.

– Demet emas, Fotima.
– Ha, Fotima. Sen ketsang, bu yerlarda qanday yashayman? Sen borligingda o‘zimni yolg‘iz his qilmayotgan edim... Senga ishonar edim. Go‘yo sarviqor tog‘day turar eding orqamda.
Laylo, Nejla ham qattiq ranjishgan edi. Birinchi bo‘lib Laylo so‘radi:

– Ketsang, bizni unutasanmi?
– Aslo unutmayman. Doim sizni ko‘rgani kelib turaman. Siz meni ko‘rgani borasiz.
Fotimaning ko‘z o‘ngida bir necha yil oldingi holat gavdalandi. U o‘rtoqlarini uyiga taklif qilishdan uyalar edi. Hozir esa u Fotimadan asar ham qolmagan. – Yana sizlarni eski kursilarga o‘tirgizar va bundan hecham or qilmas edim.

Qizlar hayron bo‘lib bir-birlariga qarashdi.
– Nima demoqchisan, Demet? Uzr, Fotima.
– Ha, mayli, e’tibor bermang. O‘z-o‘zimga aytadiganimni aytdim.

Bonu hayron bo‘lib so‘radi:
– Biz shu yerdaligimizda ham sen o‘z-o‘zing bilan gaplashyapsanmi?
– Ha, ba’zan shunaqasi ham bo‘lib turadi.

Savol navbati Nejlaga kelgan edi:
– Uyga qaytsang, otang uyga kirgizadimi? Seni yomon yo‘lga kirgan deb biladi-ku.
Fotima chuqur o‘yga toldi. Piyolasidan bir xo‘plam choy ichib javob berdi:
– Meni shunaqangi otam bor-ki, meni o‘z ko‘zlari bilan tubanlikda ko‘rsa ham qabul qiladi. U doim “yoshlarga xatosidan qaytishga imkon berish lozim” – derdi. Men ertaga xayolan uyga borishga jasorat topa olayotgan bo‘lsam, bu – otamning tushuna olishiga bo‘lgan ishonchimdandir. Otam daho ekan-u, buni men yillar o‘tib angladim.
Davomi bor...

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Imomning maniken qizi (17-qism)