09:30 / 04.11.2018
15 261

Jamol Qoshiqchi kim va u nima uchun o‘ldirildi?

Jamol Qoshiqchi kim va u nima uchun o‘ldirildi?
Saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘limi atrofidagi gap-so‘zlar, mana bir oydirki, tangani yo‘q. Har kuni yangidan yangi tafsilotlar oshkor bo‘lmoqda. Xo‘sh, Jamol Qoshiqchi aslida kim edi, nima uchun o‘limi jahonning yetakchi siyosatchilari, tahlilchi va iqtisodchilarning qizg‘in muhokamalariga sabab bo‘lmoqda?

Biografiyasi

Jamol Qoshiqchi - saudiyalik tadbirkor Adnan Qoshiqchining jiyani va malika Diananing yaqin o‘rtog‘i bo‘lgan Dodi Al Fayyodning xolavachchasi.

1958 yil 13 oktyabrda Saudiya Arabistonining Madina shahrida tug‘ilgan. Ilk va o‘rta ta’limni Arabistonda olgan Qoshiqchi 1982 yilda Indiana davlat universitetini tamomladi. So‘ngra Saudiya Arabistonidagi turli nashrlar bilan hamkorlik qildi, ikki karra katta ta’sirga ega kunlik “Al-Vatan” gazetasiga bosh muharrirlik qildi.

AQSh va Saudiya Arabistoni hukumati, xususan mamlakat bosh vaziri va mudofaa vaziri hisoblangan merosxo‘r shahzoda Muhammad ibn Salmon tanqidchisi sifatida tanildi. Faollar ortidan kuzatilishi, Saudiyaning Yamandagi urushda ishtirok etishi va Qatarga nisbatan siyosatini tanqid qildi.

2016 yilning dekabrida Saudiya Arabistoni hukumati Jamol Qoshiqchini Donald Trampni ochiqchasiga tanqid qilgani sababli jurnalistik faoliyat bilan shug‘ullanishini taqiqladi.

2017 yil sentyabrida u Amerika Qo‘shma Shtatlariga ketdi va u yerda Washington Post gazetasida o‘z mualliflik sahifasini yuritishni boshladi. Ushbu nashrda Qoshiqchi Muhammad ibn Salmonni yanada ochiqroq tanqid qildi.

Qanday o‘ldirildi?

2018 yil 2 oktyabr kuni Jamol Qoshiqchi Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulligiga yo‘l oladi. U qayta nikohni qayd etish uchun hujjatlar olishi lozim edi. Uning qallig‘i Xadicha Jengizga binoga kirishga ijozat berilmaydi. U Qoshiqchini yarim tunga qadar kutadi, biroq u konsullik binosidan chiqmaydi.

Turkiya politsiyasi Qoshiqchi shafqatsizlik bilan o‘ldirilib, jasadi konsullik hududida parchalab tashlanganini taxmin qildi. Keyinroq Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘anning maslahatchisi Yosin Oqtoy, politsiya vakillari va Yevropa ishlari bo‘yicha vazir Umar Chelik Qoshiqchini yo‘q qilish operatsiyasida 15 nafar saudiyalik agent ishtirok etganini ma’lum qildi.

Qoshiqchi yo‘qolganidan 18 kun o‘tib Saudiya Arabistoni davlat axborot agentligi orqali jurnalist konsullikda uchratib qolgan odamlar bilan janjal oqibatida vafot etganini ma’lum qildi. Prokuratura esa “sodir bo‘lgan hodisani” yashirinishga uringan 18 nafar Saudiya Arabistoni fuqarosi qo‘lga olingani xabar berdi. Ayni paytda Saudiya Arabistoni qiroli Umumiy razvedka xizmatining bir qancha yuqori martabali mansabdorlarini vazifasidan ozod qilish hamda uni isloh qilish va vakolatlarini aniq qilib belgilash bo‘yicha maxsus komissiya tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

25 oktyabrda esa Saudiya Arabistoni prokuraturasi Qoshiqchining o‘limi tasodif emas, balki oldindan rejalashtirilganini tan oldi.

Jurnalistning o‘limi qanday oqibatlarga olib keldi?

Jurnalistning shafqatsizlarcha o‘ldirilishi ortidan Saudiya Arabistonining dunyodagi obro‘si va iqtisodiy rivojiga sezilarli zarar ko‘rdi.

AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Qo‘shma Shtatlar Jamol Qoshiqchi o‘limi munosabati bilan Qo‘shma Shtatlar qanday javob qaytarish masalasida bir qarorga kelish uchun “bir necha hafta” kerakligini ma’lum qildi. AQSh qotillikda aloqador shaxslarga nisbatan sanksiyalar joriy etishni rejalashtirmoqda. Keyinroq Davlat departamenti rasmiy vakili Xizer Noyert sanksiyalar Saudiya Arabistonining 21 nafar fuqarosiga taalluqli bo‘lishini ma’lum qildi.

Biroq AQShning Saudiya Arabistoniga nisbatan yanada ko‘proq sanksiyalarni joriy etishga shoshilmayotganining boshqa bir qator sabablari ham borligini hisobga olish lozim. Gap shundaki, Qo‘shma Shtatlar Saudiya Arabistoni bilan 2017 may oyida jami 380 mlrd. dollarlik shartnomalarni imzolagan, uning 110 mlrd. dollarga yaqini mazkur mamlakatga qurol-yarog‘lar yetkazib berish bilan bog‘liq. “Katta mehnatlar” evaziga erishilgan bu kelishuvlar bir jurnalistning o‘limi bilan barbod bo‘lishi unchalik ham ishonarli holat emas.

Qoshiqchi o‘limidan so‘ng Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya kabi mamlakatlar ham Saudiya Arabistoniga nisbatan sanksiyalar joriy etilishi ehtimoli haqida ma’lum qildi.

Shu bilan birgalik, Saudiya Arabistoniga nisbatan yirik kompaniyalar va taniqli ishbilarmonlar ham o‘z noroziligi bildirib, qarshi choralarni ko‘rmoqda.

Xususan, Siemens rahbari Jo Kezer Saudiya Arabistonida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Future Investment Initiative (FII) investitsion konferensiyasiga rejalashtirilgan safardan voz kechdi. AQSh, Fransiya va Niderlandiya moliya vazirlari, shuningdek BNP Paribas, Credit Suisse, HSBC, JPMorgan Chase va Societe Generale banklari rahbarlari ham anjumanga borishdan bosh tortdi.

Milliarder Bill Geyts esa jurnalist Jamol Qoshiqchi o‘ldirilgani munosabati bilan Saudiyaning Misk xayriya jamg‘armasi bilan hamkorlikni to‘xtatdi, deya xabar qildi The Wall Street Journal nashri.

SpaceX va Tesla kompaniyalari asoschisi Ilon Mask ham jurnalistning o‘limi ortidan Saudiya Arabistoni kiritishi rejalashtirgan investitsiyadan voz kechish maqsadida. Mask Qoshiqchining o‘limini “haqiqatdan ham dahshatli”, deb atadi, deya yozmoqda Bloomberg.

Avgust oyida Mask Saudiya Arabistonidagi jamg‘arma bilan Tesla kompaniyasi aksiyalarini xarid qilish to‘g‘risida muzokaralar o‘tkazgan edi.

O‘z navbatida, Saudiya Arabistoni har qanday sanksiyaga nisbatan ortig‘i bilan javob qaytarilishini ma’lum qilgani bu boradagi gap-so‘zlar oloviga sovuq sepishi hech gap emas.

Al-Arabiya telekanali Ar-Riyodning neft bozoriga halokatli oqibatlarni keltirishi mumkin bo‘lgan o‘ttizdan ziyod qarshi choralarini sanab o‘tdi. Ular qatorida neftning bir barreli narxini 400 dollargacha ko‘tarish chorasi ham bor. Eng xavotirli choralardan biri esa Saudiya Arabistonining dollardan voz kechishi ehtimolidir. “Neft barreli boshqa bir valyutada baholanishi mumkin. Masalan xitoy yuanida”, - deb yozadi The National Interest.

Jamol Qoshiqchining so‘nggi maqolasi

The Washington Post nashri Jamol Qoshiqchi o‘limidan bir necha kun o‘tib uning so‘nggi maqolasini e’lon qildi. “Dunyo fikri” kolonkasi muharriri Karen Attiax unga berilgan izohida maqolani Jamol Qoshiqchining tarjimoni va yordamchisidan o‘limidan bir kun o‘tib olgani, biroq The Washington Post tahririyat Qoshiqchining qaytishidan va barcha birgalikda uni tahrir qilishidan umidvor bo‘lgani uchun e’lon qilmay turganini yozadi. Biroq jurnalist o‘limi aniq bo‘lganidan so‘ng gazeta uni e’lon qildi.

“Yaqinda men Freedom House tashkilotining 2018 yildagi “Dunyoda ozodlik” hisobotini ko‘rib chiqdim va qayg‘uli xulosaga keldim. Arab dunyosidagi birgina davlatni “ozod” deb aytish mumkin. Bu – Tunis. Undan keyin “qisman erkin” davlatlar sifatida Iordaniya, Marokash va Kuvayt bormoqda. Qolgan barcha arab mamlakatlari “ozod emas”.

Taassufki, ushbu mamlakatlarda istiqomat qiluvchi arablar yoki xabardor emas, yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarga ega. Ular to‘g‘ri qaror qabul qilish, ochiq muhokamalarga kirishish va shunchaki ularning kundalik hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi nimanidir qilishga qodir emas. Arab mamlakatlari siyosati jamiyatning psixemotsional holatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi va ayni vaqtda ko‘pchilik aholining katta qismi haqiqatdan ham aziyat chekayotganini tan olishni istamaydi. Qayg‘uli albatta, biroq bu vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarishi amrimahol.

2011 yilda arab dunyosida umid uchqunlari paydo bo‘ldi. jurnalistlar, olimlar va ko‘pchilik oddiy aholi o‘z mamlakatlarining yorqin va erkin kelajagiga umid qila boshladi. Ular hukumat qo‘llarini o‘zidan nariga uloqtirish, hokimiyatning shaxsiy hayotiga doimiy aralashuvidan xalos bo‘lish va so‘z erkinligiga erishishga umid qildi. Biroq bu umidlar tezda parchalanib ketdi; ushbu mamlakatlar yo ortga qadam tashlashdi va “status-kvo”ni (status quo ante bellum — “urushgacha bo‘lgan holat”, ya’ni oldingidek holatga qaytish – Tahlil.uz izohi) qayta tiklashdi, yoki yanada katta qiyinchiliklarga to‘qnash keldi.

Mening do‘stim, taniqli saudiyalik yozuvchi Saleh Al Shehi o‘z kolonkasida qachonlardir Saudiya Arabistonida chop etilgan eng mashhur maqolalaridan birini yozgan edi. Afsuski, hozir u hukumatga yoqimsiz mulohazalari uchun 5 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda. Misr hukumati xususiy Al-Masri Al-Yum kundalik gazetasining to‘liq adadini olib qo‘yishi endi jurnalistlarni hayratlantirmay qo‘ydi. Hokimiyatning bu kabi harakatlari jazosiz qolmoqda, xalqaro hamjamiyat ularni payqamaydi. Biroq odamlar payqaydi. Payqaydi va qoralaydi...”
Sanjar SAID

Manba: Tahlil.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Jamol Qoshiqchi kim va u nima uchun o‘ldirildi?