Zamonaviy qushlarning tuxumi nega rangli? Ular dinozavrlar avlodimi?

  • 6-11-2018, 18:26
  • 556
  • Dunyo
  • Zamonaviy qushlarning tuxumi nega rangli? Ular dinozavrlar avlodimi?
    Hozirgi zamonaviy qushlarning aksariyatida tuxumlarining qobig‘i turli rangda bo‘lib, bu ularning yovvoyi ajdodi hisoblangan dinozavrlardan qushlarga meros bo‘lib qolgan xususiyat ekanligini ma’lum bo‘ldi. Yel universitetidan Jasmina Viyemann boshchiligidagi tadqiqotchilarning ushbu xulosasi ilmiy jamoatchilik orasida mashhur bo‘lgan xalqaro "Nature" ilmiy jurnalida chop etildi.

    "Bu bizning shu vaqtgacha bo‘lgan qushlar tuxumining rangi qanday yuzaga keladi degan fikrlarimizni o‘zgartirib yuboradi. Deyarli ikki asrdan beri dunyo ornitologlari bir-biridan mustaqil ravishda tuxumlarning rangli bo‘lishi hozirgi zamonaviy qushlarga kelib yuzaga kelgan deb hisoblashar edi", - deydi Yel universiteti Geologiya va geofizika kafedrasi paleontologi Jasmina Viyemann.

    Qushlar tuxumuning rangi ular yashayotgan muhit va qushning xulq-atvoriga bog‘liq ravishda turlicha bo‘ladi. Hozirgi zamonaviy qushlarning tuxum ranglari batafsil tekshirib ko‘rilganda, ulardagi jamiki ranglar, dog‘lar, hoshiyalar paydo bo‘lishida asosan ikkita: ko‘k-yashil biliverdin va qizil-jigarrang protoporfirin IX pigmentlari foydalanilganligi ayon bo‘ladi.

    Viyemann va uning hamkasblari Amerika Tabiat tarixi muzeyi va Bonn universitetlarida saqlanayotgan dunyoning turli mintaqalaridan topilgan 18 ta dinozavr tuxumlarining qobig‘ini ularga shikast yetkazmagan holda lazer mikrospektroskopiya usulida ayni qobiqlar tarkibida yuqoridagi ikki pigment mavjud yoki mavjud emasligini o‘rganganlar.

    Tadqiqotchilar haqiqiy maniraptorlarga tegishli bo‘lgan dinozavrlar, jumladan velosiraptor tuxum qobig‘ida aynan mana shu ikki pigmentning mavjud bo‘lganini aniqladilar.

    Quyidagi rasm orqali tadqiqotchilar qushlar va ularning ajdodi hisoblangan dinozavrlar vakillarining tuxum qobig‘i rangining qanday tadrijiy taraqqiyot bosqichlarini bosib o‘tganliklarini ifodalab berganlar.

    Tadqiqot mualliflari tajribalar davomida olingan natijalar asosida tuxum qobig‘ining turlicha rangda bo‘lishi hozirgi zamonaviy qushlarda emas, aksincha ularning ajdodlari hisoblangan dinozavrlarda hosil bo‘lganligini, ochiqlikda qurilgan dastlabki dinozavr uyalarida rangli tuxumlar bo‘lganligini, ular tuxumni turli yirtqichlarda himoya qilish vazifasini o‘taganini xulosa qilishmoqda.

    Tadqiqot haqida Amerika Tabiat tarixi muzeyi paleontologiya bo‘limi mudiri doktor Mark Norell quyidagicha fikr bildiradi: "Tuxum po‘stloqlarining rangli bo‘lishi bir necha yuzdan beri faqat qushlar uchun xos xususiyat deb hisoblanar edi. Lekin mana endi bilmoqdamizki, xuddi patlar va ayrisimon suyak kabi tuxumlarning rangli bo‘lishi ham qushlardan bir necha mln yillar avval yashagan ularning ajdodlari hisoblangan dinozavrga ham xos xususiyat ekan".

    » » Zamonaviy qushlarning tuxumi nega rangli? Ular dinozavrlar avlodimi?