12:35 / 07.11.2018
2 434

AQShning Eronga qarshi yangi sanksiyalaridan muddao nima va u kimga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

AQShning Eronga qarshi yangi sanksiyalaridan muddao nima va u kimga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
AQSh Eronga qarshi ilk bor bundan o‘ttiz to‘qqiz yil ilgari sanksiyalar joriy etgandi. O‘shandan buyon bu davlatga nisbatan sanksiyalar rejimiga bir necha marta o‘zgartirishlar kiritildi – ayrim taqiqlar olib tashlandi, ayrimlari yanada keskinlashtirildi, yangi cheklovlar joriy etildi.

So‘nggi sanksiyalar shu yilning 5 noyabridan kuchga kirdi. AQSh nima uchun Eronga qarshi sanksiyalar kiritishdan to‘xtamayapti, bunday choralar qachondan boshlangan, sanksiyalardan maqsad nima va uning jahon iqtisodiyotiga ta’siri qanday?

Qariyb qirq yillik sanksiyalar

Eronga nisbatan dastlabki sanksiyalar Islom inqilobi g‘alabasidan (1978-1979 yy) biroz vaqt o‘tib joriy etilgan. Bunga 1979 yil 4 noyabrda Tehronda AQSh elchixonasining bosib olinishi sabab bo‘lgan. O‘shanda AQSh prezidenti Jimmi Karterning farmoniga muvofiq Eron neftini sotib olish to‘xtatilgan, uning Amerika banklari va ularning xorijdagi filiallaridagi hisob raqamlari muzlatilgan, Eronga harbiy ehtiyot qismlar sotish taqiqlangan. 1980 yil aprelda diplomatik aloqalar uzilganidan so‘ng Amerika mahsulotlarining Eronga eksporti hamda ushbu davlat mahsulotlarining AQShga importiga nisbatan taqiq kiritilgan. 1981 yil yanvarda savdo embargosi bekor qilingan, ammo moliyaviy operatsiyalarga nisbatan cheklovlar amal qilishda davom etgan.

1984 yil 28 sentyabrda Ronald Reygan ma’muriyati Eronning terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar ro‘yxatiga kiritilishi munosabati bilan ushbu davlatga eksport ustidan qo‘shimcha nazorat choralarini joriy etdi.

1987 yil 29 oktyabrda Eron mahsulotlari, asosan neft importi yana cheklandi. 1990 yil noyabrda Amerika kompaniyalari Erondan cheklangan miqdorda neft import qilishga ruxsat oldi.

1995 yil 15 martda AQSh prezidenti Bill Klinton Amerikaning Conoco kompaniyasi bilan Eron milliy neft kompaniyasi o‘rtasidagi Eron sohillarida neft qidirish bo‘yicha kelishuvni to‘xtatib qo‘ydi, 8 may kuni esa AQSh firmalariga Erondagi neft va gaz konlarida qidiruv ishlarini olib borish hamda Eron neftini uchinchi mamlakatlarga sotish uchun xarid qilishni taqiqlovchi farmonni imzoladi. Bunga Eron terrorizmni qo‘llab-quvvatlayotgani haqidagi ma’lumotlar sabab bo‘lgani aytildi.

1996 yil 5 avgustda Bill Klinton xorij kompaniyalariga Eron bilan neft va gaz qazib olishda hamkorlik qilishni taqiqlovchi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonunga imzo chekdi.

2006 yil oktyabrda kichik Jorj Bush prezidentligi davrida Eronda yadroviy dastur rivojlanishi munosabati bilan ushbu mamlakatning atom va qurol sanoati bilan bog‘liq banklari, kompaniyalari va jismoniy shaxslariga nisbatan Eronda ozodlikni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi (u 1996 yilgi qonunning yangi tahriri bo‘lib, 2016 yilda o‘n yilga uzaytirilgan).

2010-2013 yillarda Eronning transport, neft-kimyo, energetika, kemasozlik kompaniyalari, dengiz portlari va teleradiokompaniyalari qora ro‘yxatga kiritildi. Bundan tashqari, «islom inqilobi qo‘riqchilar» korpusi qo‘mondonlari va «basij» xalq harakatiga nisbatan cheklovlar joriy etildi.

2012 yil fevralda prezident Barak Obama Eron hukumati va moliya institutlarining aktivlarini bloklash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Roppa-rosa bir yildan so‘ng Eronning neft savdosidan olgan daromadlarini tasarruf qilishini yanada qiyinlashtiruvchi qo‘shimcha choralar qabul qilindi. Eron moliya muassasalari bilan hamkorlik qilganlik uchun sanksiyaga tushuvchilar doirasi kengaytirildi, buning oqibatida uning xorij banklarida saqlanayotgan neft sotishdan tushgan daromadlaridan foydalanish imkoniyatlari cheklandi.

2013 yil iyunda Amerika banklari, moliya institutlari va kompaniyalariga Eron pul birligi rialdan foydalanadigan tashkilotlar bilan hamkorlik qilish taqiqlandi. Shu tarzda rial xalqaro moliya tizimidan siqib chiqarildi.

Vaqtinchalik bekor qilingan choralar

Cheklov choralari kengayishi bilan bir vaqtda qator mahsulotlar sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarildi va ayrim taqiqlar olib tashlandi. Eron 2006 yilda yadro dasturi bo‘yicha Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, AQSh, Rossiya va XXR bilan muzokaralarga kirishgach, Amerika kompaniyalariga Eronga qishloq xo‘jalik mahsulotlari va dori-darmonlar eksport qilish va u yerdan ikra, pista va gilam import qilishga ruxsat berildi.

2009 yilda eksport qilish ruxsat etilgan mahsulotlar qatoriga noshirlik mahsulotlari qo‘shildi, 2010 yilda esa Eronga AQSh firmalari tomonidan kompyuterlar uchun ishlab chiqarilgan dasturlarni, 2013 yilda kompyuter qurilmalarini sotish bo‘yicha taqiqlar olib tashlandi. 2013 yil sentyabrda AQSh hukumati tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish, yovvoyi tabiatni asrash, inson huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi notijorat tashkilotlar va sport assotsiatsiyalariga Eronda ishlashga ruxsat berdi.

2014 yil 20 yanvarda Eron yadroviy dasturini to‘xtatib turish haqidagi kelishuv kuchga kirgach, AQSh Eron nefti eksportiga nisbatan sanksiyalarni yumshatdi, Eron bilan moliyaviy munosabatlar o‘rnatgan xorijliklarga cheklovni vaqtincha bekor qildi. Eron davlat teleradiokompaniyasiga nisbatan sanksiyalar ham vaqtincha to‘xtatildi. Boeing va General Electric korporatsiyalariga Eronga ehtiyot qismlar yetkazib berish va aviatsiya dvigatellarini ta’mirlashga ruxsat berildi. O‘sha yil noyabrida esa Erondan neft va neft mahsulotlari sotib oluvchi uchinchi davlatlarga nisbatan sanksiyalar to‘xtatildi.

2014 yil dekabrda AQSh Eron hukumati bilan aloqador jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan sanksiyalar kiritdi.

2016 yil 16 yanvarda Eron o‘z yadroviy faoliyatini MAGATE nazoratiga o‘tkazish bo‘yicha kelishuv majburiyatlarini bajarganini tasdiqladi. Shu kuniyoq Barak Obama xorij firmalari va Amerika kompaniyalarining xorijdagi filiallariga nisbatan ikkinchi darajali sanksiyalarni bekor qilish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. O‘sha yil oktyabrida Eron va ofshor bank muassasalari o‘rtasida dollarda hisob-kitob qilishga ruxsat berildi. Sanksiyaga tushgan shaxslar boshqaradigan Eron kompaniyalari bilan xalqaro moliyaviy operatsiyalar o‘tkazishga qo‘yilgan taqiq olib tashlandi. Shu bilan birga, AQSh jismoniy va yuridik shaxslariga Eron bilan ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatishga qo‘yilgan taqiq o‘z kuchida qoldi. Amerika fuqarolariga Eron hukumati va moliya institutlari bilan oldi-berdi va hamkorlik qilish mumkin emasdi. Qora ro‘yxatda esa 200ga yaqin kishi va kompaniya bor edi.

Tramp davridagi yangi cheklovlar

2017 yil aprelda Donald Tramp ma’muriyati inson huquqlarini buzishda ayblab Tehron qamoqxonalar tashkilotini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi, may va iyulda esa «Eronning ballistik raketa dasturini, harbiy xaridlarini yoki «islom inqilobi qo‘riqchilari» korpusini qo‘llab-quvvatlagan» qator yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan sanksiyalarni kengaytirdi.

O‘sha yil 2 avgustda Tramp Amerika dushmanlariga qarshilik ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Unda Eronning ballistik raketalarni ishlab chiqish dasturiga aloqador shaxslarga nisbatan cheklovlar joriy etish ko‘zda tutilgandi. Bundan tashqari, ushbu qonunga muvofiq, cheklovlarni yumshatish yoki bekor qilish huquqi Kongressga topshirildi (ilgari prezident qaror qabul qilardi).

13 oktyabrda AQSh prezidenti Vashingtonning Tehronga nisbatan yangi, yanada keskin strategiyasini ma’lum qildi. AQSh Eronning «beqarorlashtiruvchi ta’siri»ga qarshi ana shu strategiya asosida kurashishni ko‘zda tutgandi. O‘sha kuniyoq AQSh moliya vazirligi Eronning uchta tashkilotiga nisbatan sanksiya joriy etdi hamda «islom inqilobi qo‘riqchilari» korpusini «terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi» tashkilotlar ro‘yxatiga kiritdi.

16 noyabr kuni Tramp Eron nefti va neft mahsulotlariga nisbatan joriy etilgan embargoning amal qilish muddatini uzaytirdi.

Joriy yilning 4 yanvarida AQSh moliya vazirligi Eronning ballistik raketalar ishlab chiqarish dasturiga aloqador beshta tashkilot va Vashington fikriga ko‘ra terrorchi guruhlar bilan aloqador uch nafar jismoniy shaxsga nisbatan sanksiyalar joriy etdi. 12 yanvar kuni esa inson huquqlarini buzishga va Tehron raketa dasturiga aloqador yana besh nafar jismoniy shaxs hamda to‘qqiz tashkilotga qarshi sanksiyalar kiritildi.

8 may kuni Donald Tramp Vashington Eron yadroviy dasturi bo‘yicha kelishuvdan chiqishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur kelishuv Eronga cheklovlarni chetlab o‘tib yadro quroli yaratish imkoniyatini qoldirgan. Tramp nafaqat ilgarigi sanksiyalarni qaytarish, balki yangi sanksiyalar kiritishga va’da berdi.

10 may kuni AQSh moliya vazirligi «islom inqilobi qo‘riqchilari» korpusining olti vakili hamda unga aloqador uchta kompaniyaga nisbatan sanksiyalar kiritilganini ma’lum qildi.

2018 yilning 5 noyabrida esa sanksiyalarning ikkinchi bosqichi kuchga kirdi.

Qanday sanksiyalar kuchga kirdi?

AQShning yangi sanksiyalari Eron iqtisodiyotining muhim sohalari – neft qazib olish va bank sohalariga oid bo‘lib, 5 noyabrdan boshlab Vashington Erondan neft eksport qilish va Eronning neft qazib oluvchi kompaniyalari bilan biznes yuritishni taqiqladi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga nisbatan sanksiyalarni «shu paytgacha mavjud bo‘lgan sanksiyalar ichida eng keskin sanksiyalar» deb atadi. Yangi sanksiyalardan tashqari, Eron moliyaviy sektoriga taalluqli ilgari kiritilgan cheklov choralari ham amal qilishda davom etadi. Amerika kompaniyalariga Eron banklari bilan har qanday operatsiya o‘tkazish taqiqlandi.

Vashingtonning fikricha, sanksiyalar kiritilganidan so‘ng Eronning neft eksport qilishi butunlay to‘xtaydi. Hattoki Qo‘shma Shtatlar bu maqsadini amalga oshira olmagan taqdirda ham Eron neftiga nisbatan har qanday cheklov ushbu mamlakat iqtisodiyoti uchun og‘riqli ta’sir qiladi. Chunki Eron davlat byudjetining 80 foizini neft sotishdan tushadigan daromad tashkil qiladi.

5 noyabr kuni Eron banklari SWIFT xalqaro to‘lov tizimi yordamida xalqaro operatsiyalarni amalga oshirish imkonidan mahrum qilindi.

Endilikda tizimdan uzilgan banklar xalqaro to‘lov operatsiyalarini amalga oshira olmaydi. SWIFT’da ta’kidlanishicha, ushbu qaror xalqaro bank tizimida barqarorlikni saqlab qolish uchun qabul qilingan.

Sanksiyalardan maqsad nima?

Vashingtonning bayonotiga ko‘ra, AQSh «maksimal bosim» ko‘rsatish orqali Eronni yadroviy maqsadidan voz kechdirib, uning «yovuz fe’l-atvori»ni o‘zgartirmoqchi. AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo 21 may kuni so‘zlagan nutqida Eron sanksiyalarga duch kelmaslik uchun bajarishi kerak bo‘lgan 12ta shartni aytgandi. Sanab o‘tilgan shartlar orasida Eronning raketa dasturini to‘xtatishi va kelgusida Yaqin Sharqdagi nizolarga aralashmasligi talab qilingan. Vashington Tehronni Yaqin Sharqdagi terrorchilar – Yamandagi husiychilar, Livandagi «Hizbulloh», XAMAS va Falastindagi «Islom jihodi» tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga majbur qilmoqchi.

Eron shuningdek, Suriyadan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishi va Iroqdagi shia harbiy guruhlarini qurolsizlantirishi lozim.

Shu bilan birga, Qo‘shma Shtatlar sakkizta davlatni Eronga kiritilgan «neft» sanksiyalaridan chiqardi. Bu haqda AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo ma’lum qildi.

«Biz bir nechta mamlakat uchun vaqtinchalik istisno kiritish va neft bozoridagi yuqori talabni ta’minlashga qaror qildik. AQSh Eronga qarshi sanksiyalar doirasida Xitoy, Hindiston, Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Yaponiya vaTayvan uchun istisno kiritadi. Bu davlatlarning har biri oxirgi olti oy ichida Erondan neft sotib olishni sezilarli darajada kamaytirdi», - dedi u.

Uning ta’kidlashicha, AQSh Eron neft importini nolga tushirish uchun boshqa davlatlar bilan muzokaralarni davom ettirmoqda.

Pompeo shuningdek, «Busher» AESi va mamlakatdagi ikkita yadroviy loyiha sanksiyalarga tushmasligini qo‘shimcha qildi.

Boshqalar qanday fikrda?

Yevroittifoq, xususan, Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya AQShning Eronga nisbatan kiritgan yangi sanksiyalaridan afsusda ekanligini bildirdi.

«Biz Vashingtonning yadroviy kelishuvdan chiqishi oqibati o‘laroq yangi sanksiyalarning kuchga kirishidan chuqur taassufdamiz», - deyiladi YeI mamlakatlarining 2 noyabr kuni e’lon qilingan umumiy bayonotida.

Sanksiyalar hamda AQShning yadroviy kelishuvdan chiqishini Rossiya va Xitoy ham ma’qullamadi. Ularning fikricha, kelishuvdan ko‘zlangan maqsadga erishildi – Tehron tomonidan yadroviy qurol ishlab chiqarilishi xavfi va mintaqada qurollanish poygasi boshlanishining oldi olindi. Eronning Yaqin Sharqda o‘zini tutishi esa kelishuvda ko‘zda tutilmagan.

Kuni kecha esa Ispaniya AQShning Eron bo‘yicha ultimatumini qabul qilishdan bosh tortdi. Bu haqda Ispaniya tashqi ishlar vaziri Jozep Borrel aytib o‘tdi.

«Biz, albatta, AQSh bilan siyosiy va boshqa ko‘rinishdagi yaxshi munosabatlardan manfaatdormiz va shubhasiz, u bizning muhim hamkor, biroq Yevropa Ittifoqi va jumladan, Ispaniya o‘z siyosiy yo‘nalishini olib boradi va Eron bilan yadroviy kelishuvga amal qilish uchun barcha imkoni bor ishni qiladi», deb aytdi Borrel 6 noyabrda Madridda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan birgalikdagi matbuot anjumanda.

Borrelning aytishicha, Yevropa Ittifoqi va jumladan, Ispaniya AQShning Eronga nisbatan qarori bo‘yicha keskin fikr bildirgan.

«Yevropa Ittifoqi yadroviy kelishuv doirasida Eron bilan ishlash va investitsiyalar kiritishni davom ettira olishi uchun harakatlar rejasini qo‘llab-quvvatlaydi», dedi u.

«Bizda mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Eron bu kelishuv bo‘yicha majburiyatlarini bajarmoqda va AQSh bu kelishuvdan voz kechish uchun hech qanday asos va sababga ega emas», deb qo‘shimcha qildi Ispaniya tashqi ishlar vaziri.

«Shu sababli men «sen biz bilan yoki bizga qarshisan» deyishim kerakligi boshqa zamonlarga tegishli. Ispaniya bunday bayonot qabul qilishi kerak emas», deb ta’kidlab o‘tdi Borrel.

Turkiya prezidenti Rajab Tayip Erdo‘g‘an ham AQSh tomonidan Eronga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni noto‘g‘ri deb atadi.

«Biz bunday sanksiyalarga bo‘ysunmaymiz. Men bu sanksiyalar kiritilishini to‘g‘ri qaror deb hisoblamayman. Mazkur qadam dunyodagi muvozanatni buzishga qaratilgan», - deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirdi NTV telekanali.

Bundan tashqari, Erdo‘g‘an sanksiyalar «xalqaro huquq me’yorlariga mos kelmasligi»ni yana bir bor ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Anqara «imperialistik dunyoda yashash»ni istamaydi. Turkiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda uning mamlakati Erondan yiliga 10 mlrd kub metr gaz sotib oladi.

O‘z navbatida, Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) ham avgust oxirida AQSh tomonidan bosim bo‘lishiga qaramasdan, Eron yadroviy kelishuv shartlariga amal qilayotganini bildirdi.

Eron TIV mamlakat manfaatlarini himoya qilish va AQShning kelishuvdan chiqishi oqibatida yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha kafolat berish uchun Yevropa mamlakatlarida 45 kundan 60 kungacha vaqt borligini ma’lum qildi. Agarda kelishuvning yevropalik ishtirokchilari buni amalga oshirmasa, Eron «majburiy qaror» qabul qilishi haqida ogohlantirdi. Rasmiy Tehron o‘ziga nisbatan jazo choralari bekor qilinishini so‘rab AQShni Haagadagi Xalqaro sudga berdi.

YeI sanksiyalar oqibatlaridan himoyalana oladimi?

Sentyabr oxirlarida Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha oliy vakili Federika Mogerini Bryussel AQSh sanksiyalarini chetlab o‘tgan holda Eron bilan moliyaviy operatsiyalarni ta’minlaydigan maxsus moliya institutini tashkil etish niyatida ekanligini aytdi. Special Purpose Vehicels (SVP) deb nomlanuvchi bu institut Yevropa kompaniyalariga Vashington sanksiyalariga tushib qolishdan xavfsiramasdan Eron bilan iqtisodiy munosabatlar olib borish imkonini beradi.

SVP tovar almashish birjasi ko‘rinishida bo‘ladi. Eron va uning Yevropadagi hamkorlari o‘rtasidagi hisob-kitoblar faqatgina mana shu tizim doirasida olib boriladi. Xususan, neft eksporti Eron tekstil sanoati uchun texnika yetkazib berish evaziga amalga oshiriladi. SVP xizmatlaridan nafaqat Yevropa mamlakatlari, balki Eron bilan savdo qilishni istagan barcha foydalanishi mumkin bo‘ladi. Faqat hozircha hattoki ushbu tashkilot qarorgohi qayerda joylashishi va unda kimlar ishlashi masalasi ham hal qilinmagan. Yevropadagi poytaxtlar SVP’ni o‘zlariga taklif etishga shoshilmayapti.

Shu bilan birga, Mogerinining bayonotiga javoban AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo YeIning bunday tashabbusidan «hayratga tushgani va hafsalasi pir bo‘lgani»ni aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu «mintaqaviy va global xavfsizlik uchun tasavvur qilish mumkin bo‘lgan eng besamar choradir».

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jon Bolton esa Vashington Tehronga qarshi iqtisodiy choralarga rioya qilinishini ta’minlashda «tajovuzkor va sobit» bo‘lishini hamda boshqa davlatlarga uni yo‘qqa chiqarishga yo‘l qo‘ymasligini ma’lum qildi.

Sanksiyalar qanday ta’sir qilmoqda?

2018 yilda Eron valyutasi rial o‘z qiymatining 70 foizini yo‘qotdi va uning kursi pasayishda davom etmoqda. Mamlakatda inflyatsiya to‘xtovsiz o‘smoqda. Eron nefti eksporti iyundagi ko‘rsatkichlarga nisbatan uchdan bir qismga qisqardi.

Xorij, xususan Yevropa investorlari, kompaniya va korxonalari o‘zlari uchun muhim bo‘lgan Amerika bozoridan ayrilib qolmaslik uchun mamlakatni tark etmoqda. Fransiyaning Total energetika konserni milliard dollarlik gaz loyihasidan chiqmoqda. Germaniyaning Daimler, Fransiyaning PSA va Airbus kompaniyalari Erondan chiqib ketishini ma’lum qildi.

Eron yadroviy dasturi imzolanganidan so‘ng 3,3 mlrd yevroga yetgan nemis-eron savdosi hajmi AQSh shartnomadan chiqqanidan so‘ng 20 foizga qisqardi. AQSh sanksiyalari oqibatidan xavfsiragan Yevropa banklari Eron bilan hamkorlik qilmaslikni ma’qul ko‘rmoqda.

Eronga har qanday mahsulotni import qilish qiyinlashdi. Mamlakatda muhim dori-darmonlar yetishmayapti, ularning narxi keskin oshib ketdi. Sanksiyalar rejimi Erondagi shusiz ham G‘arb bilan yaqinlashuvga qarshi bo‘lgan o‘ta konservativ kuchlarning siyosiy ta’sirini kuchaytirmoqda.

Eron nefti jahon neft bozorining atigi 3 foizini tashkil etadi va hattoki butun dunyodagi mamlakatlar sanksiyalarga qat’iy amal qilganida ham u neft qazib olishni butkul to‘xtatishi mumkinligi ehtimoldan yiroq. Buning ustiga, Erondan eng ko‘p neft sotib oladigan davlat Tehron bilan savdolar taqiqlanishiga unchalik parvo qilmaydigan Xitoydir.

Agarda Amerika sanksiyalari kuchli salbiy ta’sir ko‘rsatadigan Eronni hisobga olmasa, qolgan davlatlar uchun sanksiyalar na sezilarli zarar keltiradi va na katta foyda. Biznes gigantlari uchun yo‘qotishlar sezilarli bo‘lsa-da, Erondagi loyihalarni va shartnomalarni bekor qilishni keyinroqqa ko‘chirish qiyinchilik tug‘dirmaydi, deb yozadi «Forbs» jurnali.
Dilshodbek Asqarov tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQShning Eronga qarshi yangi sanksiyalaridan muddao nima va u kimga qanday ta’sir ko‘rsatadi?