18:44 / 09.11.2018
18 694

Jahon tarixidagi eng kuchli mafiyalar: «Dahshatli yettilik» (foto)

Jahon tarixidagi eng kuchli mafiyalar: «Dahshatli yettilik» (foto)
Uyushgan jinoyatchilik – mafiya tushunchasi o‘tgan asrda juda ommalashgan edi. Bunday guruhlarning a’zolari aholi orasida qo‘rquv va xavotir tarqatish bilan birga daromad keltiradigan deyarli barcha sohalarni nazorat qilishardi. O‘tgan asrning 80-yillari kinosanoatida, badiiy asarlarida mafioz tizimlar keng yoritilgani bejizga emas (masalan «Shaytanat» asari va filmi hamon ommabop). Davlat tomonidan ularga qarshi qattiq kurashlar samarasi o‘laroq, qolaversa bir-birlari bilan ziddiyatlar natijasida bunday guruhlar jilovlandi va ko‘pchilik vakillari yo tobutga, yoki panjara ortiga tushishdi. Xuddi shunday jarayonlar boshqa davlatlarda ham o‘ta yirik ko‘lamda kechgan. Bugun dunyoning eng kuchli mafioz guruhlari ro‘yxati bilan tanishamiz deb yozadi Kun.uz nashri.

Uyushgan jinoyatchilikning «Mafiya» so‘zi bilan bog‘lanishi uzoq XIII asrga – Italiyaning Sitsiliya oroliga borib taqaladi. O‘sha paytda orol aholisini nafaqat jazoirlik qaroqchilar, balki italyan boylariga xizmat qiluvchi fransuz askarlari ham talashardi. Ularga qarshi 1282 yilda tuzilgan «Morete alla Francia, Italia anela» («Fransiya o‘lsin – Italiya erkin nafas olsin») shiori bilan ish boshlagan sitsiliyaliklar guruhi bu shiorning bosh harflari jamlab tuzilgan «Mafia!» atamasini olishdi. Dastlab ezgu maqsadlarni ko‘zlagan bu guruh dehqonlar va kichik savdogarlar ko‘magida juda kengayib ketdi hamda usta jangchilarga aylanishdi. Fransuzlar quvilgach, mafiya a’zolari boshqa dushmanlardan himoya qilish sharti bilan aholidan o‘lpon yig‘a boshladi. Keyinchalik o‘lpon to‘lamaganlarni qattiq jazolanish yo‘lga qo‘yildi va asta-sekin uyushgan jinoyatchilikning bunday turi ildiz ota ketdi.

XIX asrga kelib mafiya shu darajada qudratli kuchga aylandiki, Sitsiliyani Italiyadan ajratib olish va isyonchi Juzeppe Garibaldi bilan ittifoq tuzish harakatiga tushdi. Bunga javoban Italiyadan katta qo‘shin jo‘natildi va mafiya a’zolari qaqshatqich mag‘lubiyatga uchradi. Shundan so‘ng nochorlik ularning ko‘pchiligini Yangi Dunyo – Amerika sari yo‘l olishga majbur qildi va ular AQShga kelib ham yirik jinoiy to‘dalar tuzishdi. Bu haqda quyida yana to‘xtalamiz. Hozircha «dahshatli yettilik» haqida.

7. Alban mafiyasi

Bu kichik va qoloq davlat o‘zining ko‘p sonli jinoiy guruhlari bilan nom qozongan. Asosan reket, kontrabanda, narkotik savdosi va fohishabozlikni nazorat qilish ortidan daromad qiladi. Shuningdek, odam savdosi, avtomobillar o‘g‘irlash, tamaki tarqatish tizimini yo‘lga qo‘yish ham Alban mafiyasining doimiy ermagi. A’zolari o‘ta shafqatsizligi bilan nom qozongan.

6. Meksika mafiyasi

Bu jinoyi guruh yoki guruhlar majmuasi Meksikadan ham ko‘proq AQShda dovrug‘ qozongan. O‘tgan asrning elliginchi yillarida qamoqxonalarda mahalliy yoki boshqa yurtlardan kelgan mahbuslardan himoyalanish maqsadida tuzilgan guruh tez orada ozodlikda ham quloch yoza boshladi. Asosiy yo‘nalishlari tamagirlik, bosqinchilik va narkotik moddalar savdosidan iborat. O‘lponni to‘lamaganlarni tez va shafqatsiz o‘ldirishi bilan nom qozongan.

5. Kolumbiya narkokartellari

Pablo Eskobar va sherigi

Kolumbiya mafiyasining asosiy faoliyati AQSh hududiga narkotik yetkazishdan iborat. Jinoyatchilik ko‘lami shunchalar ulkanki, guruhlar o‘zlarining yaxshi qurollangan qo‘shinlari, samolyot va vertolyotlari, hatto kichik suv osti kemalariga ega. Butun dunyoga kokain va geroin tarqatish ortidan katta mablag‘ to‘plagan mafiya o‘z davlatida siyosatga ham aralashib ketgan va katta amaldorlarni nazorat qiladi. Oltmishinchi yillarda rivojlana boshlagan Kolumbiya mafiyasi «Medelin», «Kali» kabi yirik guruhlarga ega.

4. Xitoy «Triada»si

Juda qadimiy tarixga ega bo‘lgan bu guruh yoki guruhlar vakillari o‘zlarining ajdodlari Manchjuriyaning Sin dinastiyasiga qarshi kurashib, Xitoyni ozod qilganlari bilan faxrlanadilar. «Triada» a’zolari o‘ta oddiy va faqirona ko‘rinishlari bilan nom chiqargan. Ammo o‘z davlatlarida ham, Xitoyning yirik diasporalari bo‘lgan boshqa davlatlarda ham «Triada» atamasining o‘ziyoq kishilarni dahshatga tushirishga qodir. Qurol, narkotik, taqiqlangan dorilar, kontrabanda mahsulotlari savdosidan tashqari yengiltak ayollar, qimorxonalar, avtomobillar va bandargohlarni ham nazorat qiladi. 3 raqmini ilohiylashtirish ortidan «Triada» so‘zi kelib chiqqan. So‘nggi yillarda Xitoyda hukumatning qat’iy choralari natijasida bu jinoiy guruhlar ancha cheklangan.

3. Yapon «Yakudza»si

Yaponiyada «Yakudza» xuddi Parijning Eyfel minorasi, yoki Nyu-Yorkdagi «Ozodlik» haykali singari osori-atiqa hisoblanadi. «Yakudza» ham uzoq tarixga ega va uning a’zolari o‘zlarini ozodlik uchun kurashga bel bog‘lagan samuraylardan kelib chiqqanlarini ta’kidlashadi. Kunchiqar yurtda «Yakudza» qonun tomonidan taqiqlanmagan, xuddi jamoatchilik tashkiloti singari faoliyat yuritaveradi. Bu guruh yoki guruhlar qat’iy kodeks asosida foliyat yuritishi belgilangan va uning a’zolari mayda jinoyatchilikka qo‘l urmasligi kerak.

Shuningdek, allambalo tatiurovkalari bilan mashhur guruh vakillari rahbarning har qanday buyrug‘ini bajarishi, zarur bo‘lsa uning uchun jonini berishi shart. «Yakudza» o‘tgan asrning ikkinchi yarmida gullab yashnagan va hatto hukumat ham u bilan hisoblashishga majbur bo‘lgan. «Yakudza» faqat jinoiy harakatlar bilan cheklanib qolmay davlat rahbarlarining iltimosiga ko‘ra Yaponiyadagi ommaviy tartibsizliklarni bostirishda, «Fukusima» AESi fojiasini bartaraf qilishda ham ishtirok etgan.

Ammo so‘nggi yillarda «Yakudza» ishi ancha orqaga ketdi. Garchi davlat uning faoliyatini rasman taqiqlamagan bo‘lsada, biror shaxs yoki tashkilot mafiya bilan hamkorlik qilsa, uning hisob raqamlari bloklanadi, aksiyalari sotuvdan olinadi va hatto ijaraga olgan binolaridan ham haydab chiqariladi. Bu «Yakudza»ning iqtisodiy nochor holatga tushishiga sabab bo‘ldi va ularning kichik a’zolari hatto qovun o‘g‘irlab qo‘lga tushganlari ham qayd etildi.

«Yakudza» a’zolari milliy politsiya tomonidan hisoblab boriladi va so‘nggi 13 yil davomida ularning soni muntazam ravishda kamayib bormoqda. 2017 yil yakuniga mafiya tarkibida 34,5 ming a’zo bo‘lgan va bu bunday hisob-kitoblar olib borilayotgan deyarli 70 yillik tarixdagi eng past ko‘rsatkichdir. 1964 yilda «Yakudza» a’zolari soni eng cho‘qqiga chiqqan va unda 184 ming kishi qayd etilgan. O‘z vaqtida «Yakudza» shunchalar qudratli guruh bo‘lganki, o‘z a’zolari uchun muntazam chop etiluvchi maxsus jurnal ham ta’sis etgan.

2. Italiya+AQSh. «Cosa Nostra»

XIX asrga kelib ko‘plab sitsiliyaliklar yangi imkoniyatlar izlab Amerikaga yo‘l olishadi. Tez orada ular AQShning yirik shaharlarida «Cosa Nostra» («Bizning ishimiz») deb nomlangan, rasman Sitsiliya oilalari tarmog‘i deb yuritiluvchi jinoiy guruhlarga asos soldilar. «Cosa Nostra» a’zolari o‘tgan asrning oltmishinchi yillarida o‘zlarining shuhrat cho‘qqisiga chiqishdi. Ular haqida asarlar yozildi va qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qildi, filmlar ishlandi.

Don Korleone, Al-Kapone, Frenk Kostello kabi nomlar jarangdorligi bilan birga butun Amerika va unga yondosh davlatlarni dahshatga solardi. Jinoiy guruhlar nazorat qilmaydigan hudud, suqilib kirmagan sohaning o‘zi yo‘q edi. Qurol, narkotik, spirtli ichimliklar (ayniqsa ular rasman sotilishi taqiqlangan paytda katta foyda keltirgan), kazinolar, mehmonxonalar, fohishalar... Bular «Cosa Nostra» faoliyatining bir qismi edi xolos. Mafiya siyosatda ham, davlat rahbarlari orasida ham o‘z odamlariga ega edi.

Ammo yillar o‘tib davlat hammasini o‘z nazoratiga ola boshladi, guruhlar bir-birlarini qirishga kirishib ketdilar, ularga daromad berib turgan sohalar nazoratdan chiqib ketdi. Hozirgi kunda bu guruh ko‘proq o‘sha tarixiy shuhrati bilan faxrlanadi.

1. Rus mafiyasi

Bu nom ostida nafaqat ruslar, balki kelib chiqishi sobiq ittifoq davlatlaridan bo‘lgan barcha jinoiy guruhlar ataladi. Rus mafiyasi (yoki «qizil mafiya») o‘tgan asrning 60-yillarida paydo bo‘lgan va «qonundagi o‘g‘rilar» nomli vakillari ko‘paygan 80-90-yillarda juda kuchayib ketgan. O‘sha yillarda bolalar va o‘smirlarning ulg‘ayganlarida mafiya safiga qo‘shilishni orzu qilishlari bejizga emasdi. Har bir yirik shahar o‘zining jinoiy guruhiga yoki guruhlariga ega bo‘lib, ular deyarli hamma sohaga kirib borgan, butun aholini xavotirda saqlashar, bir-birlari bilan uyushtirgan qonli urushlarida bir vaqtning o‘zida yuzlab odamlar halok bo‘lardi. Ayniqsa Kavkaz va rus guruhlari o‘rtasidagi ziddiyatlar dahshatli kechgan.

Rossiya IIV ma’lumotlariga ko‘ra 2000 yilda 130ta sindikatga birlashgan 964ta yirik jinoiy guruh qayd etilgan. Birgina 2001 yilning o‘zida 11,5 mingdan ortiq «mafioz» jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Yaponchik, Tayvanchik, Otari Kvantrashvili, Ded Hasan, Tariel Oniani, Shakro Molodoy kabi so‘nggi avlod mafiyasi yetakchilarining nomiyoq kishilarni dahshatga solishga qodir. Ular Rossiya bilan cheklanib qolmay Yevropa qit’asi, AQSh, Kanada va boshqa yirik davlatlarda ham o‘z faoliyatlarini yo‘lga qo‘yishgan.

Ammo oxirgi yillarda rus mafiyasi ham odatdagi jinoyatchilikdan voz kechib, yirik biznes va siyosatga kirishib ketgan. Rossiya va sobiq ittifoqning boshqa davlatlaridagi uyushgan jinoyatchilik ko‘lami 90-yillarga nisbatan keskin kamaygan.

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda rus mafiyasi vakillari 1991 yildan buyon 150 milliard dollarni Rossiyadan olib chiqib ketishgan va dunyo bo‘ylab a’zolari soni 500 ming kishidan ortiq.
Abror Zohidov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Jahon tarixidagi eng kuchli mafiyalar: «Dahshatli yettilik» (foto)