09:37 / 28.11.2018
3 639

Dunyo aholisining 1 foizi tasarrufida qolgan 99 foiz aholidan ko‘proq boylik jamlangan

Dunyo aholisining 1 foizi tasarrufida qolgan 99 foiz aholidan ko‘proq boylik jamlangan
Tenglik, ezgulik kabi xislatlar haqida qanchalik bong urilmasin ijtimoiy notenglik, kambag‘allar va boylar o‘rtasidagi tafovut yildan yilga ortib bormoqda. 2016 yilga keliboq dunyo aholisining badavlat insonlardan iborat 1 foizi ixtiyorida jamlangan jami boyliklar miqdori qolgan 99 foiz aholining pulidan ko‘proq mablag‘ni tashkil qilgani qayd etilgan.

Boylik va kambag‘allik hamisha yetakchi mavzu bo‘lib kelgan. Ijtimoiy notenglik yaxshi oqibatlarga olib kelmasligi haqida qanchalik ko‘p gapirilmasin bu holat yildan-yilga ortib bormoqda.

Britaniyaning Oxfam xayriya tashkiloti Davosda bo‘lib o‘tadigan Butunjahon Istisodiy anjumanida e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘z yugurtirilsa, 2016 yil holatiga ko‘ra 62 nafar badavlat kishi ixtiyoridagi boylik dunyo aholisining asosan kambag‘allardan iborat yarmining boyligidan ko‘proqdir.

Shuningdek, Credit Suisse ma’lumotlariga ko‘ra, sayyora aholisining 1 foizini tashkil qiluvchi 72 million nafar millioner va milliarderlari ixtiyoridagi mablag‘ miqdori 125 trln dollarga yetgan va bu qolgan 99 foiz insonlarning boyligidan ko‘proqdir. Iqtisodchilar ko‘p yillardan buyon dunyo boyligining asosiy qismi bir foiz odamlar ixtiyorida to‘planishi haqida taxmin qilishardi va bu holat kutilganidan bir yil avvalroq sodir bo‘ldi.

2015 yildan 2016 yilga qadar 12 oy ichida 62 nafar kishi o‘z boyligini 44 foizga, ya’ni 1,76 trln dollarga qadar oshirib olgan bo‘lsa, 3,6 mlrd kishining butun boyligi 41 foizga kamaygan va jami 1 trln dollarni tashkil qilgan.

«Iqtisodiyotni sayyoramiz kelajagi va insoniyat manfaatlari uchun yo‘naltirishdek ezgu xitoblarimizga qaramay, biz asosan 1 foiz aholi iqtisodini kuchaytiryapmiz xolos», deyiladi Oxfam tashkilotining «1 foiz uchun iqtisodiyot» deb nomlangan maqolasida.

Shuningdek, maqolada sayyoramizning 10 foiz aholisining kunlik daromadi 25 yillik urinishlardan keyin ham 3 dollarga yetmagani holda milliarder va millionerlar tomonidan offshor hududlarga yashirilgan boyliklar miqdori 7,6 trln dollardan ortgani qayd etilgan.

Bu ikki yil avvalgi holat. So‘nggi yillarda bu borada qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?

Jeff Bezos, Bill Geyts va Uorren Baffet
Foto: Fox Business

Ta’kidlash joiz, so‘nggi ikki yil ichida boylarning boyligi ortdi, tarkibi o‘zgardi, kambag‘allar esa yanada kambag‘allashdi. Masalan, 2016 yilda Bill Geyts 75 milliard dollar bilan birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2017 yilga kelib boyligini 86 milliard dollarga yetkazib olgan. Ikkinchi o‘rindagi milliarder Uorren Baffetning boyligi miqdori bu vaqt oralig‘ida deyarli 15 milliardga ortib, 75,6 mlrd dollarni tashkil qildi. Aynan o‘sha yili kuchli uchlikka o‘z boyligini bir yil ichida 27,6 mlrd dollarga oshirgan Jeff Bezos qo‘shildi va uning boyligi 72,8 mlrd dollar ekani qayd etildi.

Umuman, 2016-2017 yillar oralig‘ida dunyodagi boyligi 1 mlrd dollardan ko‘proq odamlar soni 13 foizga ortgan.

2018 yilga kelib vaziyat yanada qiziq tus oldi – 20 nafar badavlat odam qo‘lida 1,2 trln dollar jamlandi. Bu kuchli guruhga qo‘shilish uchun kamida 39 mlrd dollar kerak bo‘lardi. Reyting tarkibi ham butunlay o‘zgarib ketdi – birinchilikka boyligini avval 112, keyin 130 mlrd dollarga yetkazgan Jeff Bezos chiqib oldi. Bu davr oralig‘ida «bor-yo‘g‘i» 4 mlrd ishlay olgan Bill Geyts esa ko‘p yillar davomida egallab turgan taxtidan tushdi (keyinchalik bu ikki milliarderning mablag‘i kamayishga yuz tutdi).

Xo‘sh, kambag‘allarchi? Bu davr oralig‘ida dunyoning shundoq ham murakkab sharoitdagi davlatlari, xususan Afrika va Osiyo qit’alaridagi ko‘pchilik mamlakatlarda nihoyatda kuchli qurg‘oqchilik kuzatildi. Irqiy va diniy ziddiyatlar yangi bosqichga chiqdi, Yaqin Sharq va arab davlatlaridagi harbiy harakatlar ko‘lami kengaydi, qochoqlar (70 mln kishi) va mehnat migrantlari soni (rasman 260 mln kishi) keskin oshdi.

Buning barchasi vaziyatni og‘irlashtirdi va «1 foiz uchun iqtisodiyot» tushunchasi naqadar asosli ekanligini tasdiqladi.

Lekin muhim bir jihatni unutmaslik lozim, Forbes reytingidagi yetakchi milliarderlar o‘tgan asrdagilardan farqli ravishda o‘z aqliy salohiyatlari bilan boylik orttirgan insonlardir. Bu esa butun insoniyatga o‘rnak bo‘la oladi.

Shunga qaramay, dunyoning qator siyosatchilar va iqtisodchilar – jumladan Barak Obama, Hillari Klinton, Jozef Stiglits, Tom Piketti, Pol Krugman, yoki shular safidagi milliarderlar Uorren Baffet va Jorj Sorosning fikricha, ijtimoiy notenglikning ortaverishi, boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi tafovutning kattalashaverishi dunyoni o‘ta murakkab ahvolga solib qo‘yishi hech gap emas. Jahonda inqiloblar, urushlar, butun bir millatlar yoki davlatlarning yo‘q bo‘lib ketishi kabi boshqarib bo‘lmas vaziyatlar yuzaga kelishi mumkin.
Abror Zohidov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dunyo aholisining 1 foizi tasarrufida qolgan 99 foiz aholidan ko‘proq boylik jamlangan