08:52 / 01.12.2018
4 934

Shovqinli tovush signalidagi yashirin ma’lumotni topish uslubi yaratildi

Shovqinli tovush signalidagi yashirin ma’lumotni topish uslubi yaratildi
Michigan universiteti tadqiqotchilari tovush to‘lqinlarining chastotalariga ishlov berish orqali akustik maydonlarda jam bo‘lgan yashirin ma’lumotlarni oshkor etish uslubini topishdi.

Bu uslub sonar va exolokatsiya tizimlarining okeandagi "dushman" signallarini aniqlash qobiliyatini kuchaytiradi. Shuningdek, u yer ostidagi tabiiy resurslarni aniqlashda va tibbiyotda ishlatiladigan qurilmalarda qo‘llanishi mumkin.

"Akustik maydonlar o‘zida tushunilganidan ko‘proq ma’lumot saqlaydi", – deydi Michigan universiteti professori Devid Douling (David Dowling).

Ko‘zingiz yumuq holda bo‘lsa-da, shovqinsiz muhitda normal ovozda gapirayotgan odamning qayerdaligini (koordinatasini) aniqlash qiyin ish emas. Chunki ovoz chastotasi odam eshitishi uchun ilmiy jihatdan "qulay" holatda. Endi tasavvur qiling, siz ko‘zingiz yumuq holatda juda shovqinli xonadasiz. Bunday holatda ovozga qarab nima qayerdaligini aniqlash qiyinlashadi. Chunki ovozlar chastotasi "qorishib" ketadi. Suv osti va ustida yuruvchi kemalarga o‘rnatilgan sonar qabul qilish qurilmalari xuddi shunday muammoga duch keladi. Dengiz flotlarida dushman kemalarining koordinatasini aniqlash juda muhim. Sonar tizimlar chegaralangan diapazondagi signalni registratsiya qilishga mo‘ljallangan. Diapazondan tashqaridagi tovushlar ularni chalkashtiradi. Shunday holatda dushman kemasi borligi aniqlanadi, ammo uning koordinatasi topilmaydi.

“Mening jamoam topgan uslub har qanday shovqinli signaldan foydali ma’lumotni chiqarish imkonini beradi“, – deydi Douling. Uning bu tadqiqoti AQShning dengiz kuchlari (U.S. Navy) tomonidan moliyalashtirilgan.

Tovush yozib oladigan mikrofon xuddi odam qulog‘i bajargandek vazifani bajaradi. Ya’ni tovush amplitudasining vaqt bo‘yicha qanday o‘zgarishi qayd etiladi. "Fure almashtirishlari" nomli matematik hisoblash usuli yordamida tovush amplitudasining vaqt bo‘yicha o‘zgarishini tovush amplitudasining chastota bo‘yicha o‘zgarishiga aylantirsa bo‘ladi. Yozib olingan tovush chastotalarga tarjima qilinganidan keyin, Douling uslubidan foydalanish mumkin. Uning tadqiqotlari tovush tarkibidagi ikkita chastotani olib, ularning yig‘indisi va ayirmasini hisoblash orqali yozib olingan tovushdagi yashirin ma’lumotni topish mumkinligini ko‘rsatmoqda.

"Shu uslubni dengiz kemalaridagi sezuvchi qurilma yordamida yozib olingan signalga qo‘llab, dushman kemalarining koordinatasini osongina aniqlash mumkin, – deydi tadqiqot muallifi. – Bu uslub nafaqat harbiy sohalarda, balki boshqa sohalarda ham foydali bo‘lishi mumkin. Tibbiyotni olaylik, undan odam tanasida chuqurroq joylashgan organlar haqida ma’lumot olishda foydalansa bo‘ladi. Bundan tashqari, yer ostidagi tabiiy resurslar joyini aniqlashda ham uslub qo‘l kelishi mumkin".

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Shovqinli tovush signalidagi yashirin ma’lumotni topish uslubi yaratildi