00:17 / 13.12.2018
10 477

Dubay haqida bilsangiz zarar qilmaydi

Dubay haqida bilsangiz zarar qilmaydi
Ko‘pchilikning Dubayda ishlash haqidagi berilgan savollari sabab yozilgan maqola...

Ishlash imkoniyatlari

Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dubayga kelganimga mana bugun ikki yil bo‘ldi. O‘tgan shuncha paytdan beri juda ko‘pchilik mendan bu yerda ishlash, yashash, oylik, ish topish imkoniyatlari haqida so‘raydi. Shunday so‘rovchilarga umumiy javob, bundan keyin so‘raydiganlarga tayyor qo‘llanma bo‘lishi uchun shu maqolani yozishga qaror qildim. Bu yoziladiganlarda Dubay haqida, u yerdagi ishlar, bizning o‘zbeklar asosan nima ishlar qilishi va hujjat masalalarida baholi qudrat ma’lumot berishga harakat qilaman. Demak boshladik.

Dubay

Birlashgan Arab Amirliklaridagi 7 ta amirlikdan biri va BAAning asosiy e’tiborga molik shahri hisoblanadi. Garchi poytaxt shahar bo‘lmasada, butun dunyoda xuddi Nyu-York, Istanbul, Sidney va hokazo shaharlar singari juda mashhur. Dubay dunyoning yil davomida eng ko‘p turist tashrif buyuruvchi shaharlari ro‘yxatining eng oldi qatorlarida turadi. Iqtisodiyotining asosiy qismi ham ko‘pchilik o‘ylaganiday neftdan emas, turizmdan iborat. Dubay yana bir nechta dunyoda yagona bo‘lgan binolar, joylar va ko‘ngilochar yangiliklarga ham markaz hisoblanadi. Yuqori namlik va yil 12 oy issiq bo‘ladigan ob havosi ayniqsa kuz va qish oylarida turistlarni o‘ziga jalb qiladi.

Ish, oyliklar

BAA chet ellik immigrantlar sonining fuqarolar soniga nisbati bo‘yicha ham jahon davlatlari orasida eng oldi qatorlarda turadi (Fuqarolar umumiy aholining taxminan 10% tashkil etadi.) Bu mamlakatda deyarli hamma sohada immigrantlar faoliyat yurgizishadi. Bizning o‘rta osiyolik immigrantlarning asosiy ish yo‘nalishi savdo-sotiq (sales) Mehmonxona (Hotel) va ko‘chmas mulk biznesi hisoblanadi (real estate). Bu sohalarda ish topish uchun yetarlicha malaka, til bilimi va kirishimlilik talab etiladi. Qancha ko‘p tilni bilsangiz, qanchalik yaxshi bilsangiz BAAda ish topish imkoningiz shunchalik oshadi. Ish qidirish va turli firmalarga hujjat topshirishning eng qulay va sinalgan usuli BAAga turist sifatida kelib ish qidirish. Bu yerga turist bo‘lib kelganingizdan so‘ng shaharni aylanib ishlamoqchi bo‘lgan sohangizga oid idoralarga o‘z rezyumeyingizni tashlab kelishingiz, uyga kelgach esa internet orqali ham bu jarayonni davom ettirishingiz kerak. Turvizalar ham asosan ikki turga 1 va 3 oylikka bo‘linadi. Viza olish uchun (hattoki ishchi vizaga ham) hech qanday elchixona va suhbatdan o‘tish shart emas. Ish qidirish uchun ketadigan muddatda qancha yashashingizga qarab o‘rtacha 1500-2500$ (samolyot biletlari ham kiritilgan) atrofida xarajat qilinadi. Dubayda ishlash ishtiyoqida bo‘lgan millatdoshlarimizning yo‘liga asosiy g‘ov shu boshlang‘ich xarajatga yetarli pul topish. Pul topilgan taqdirda ham buncha pulni shunchaki tavakkal uchun sarflab yuborish qiyin. Lekin agar nasib qilib ish topilib qolsa sarflangan pulni 3-4 oyda qoplab olsa bo‘ladi. Oyliklar yo‘nalishlarga qarab farqlanadi. Yangi kelgan ishchi uchun sales sohasida o‘rtacha 900-1000$ atrofida, mehmonxonada 500$ atrofida va hamma yashash xarajatlari mehmonxona hisobidan bo‘ladi. Ko‘chmas mulk sohasi haqida unchalik ko‘p ma’lumotga ega emasman. Lekin u sohadagi fresher ya’ni tajribasiz ishchiga to‘lanadigan oylik ham boshqa sohalardan katta farq qilmaydi.

Yashash sharoitlari

BAAda o‘rtacha yashash narxlarini o‘zim shu kungacha yashagan ikki shahar - Abu Dabi va Dubay misolida tushuntirib berishga harakat qilaman. Bu ikki shahardagi narxlar judayam katta farqlanmasligini ko‘rdim. Bir oylik turar joy (kvartira) narxi kishi boshiga 200-350$ atrofida topsa bo‘ladi. Narxlar hududlar va tumanlar, bir xonada qancha kishi turishiga qarab farqlanadi. Oilasi bilan turmoqchi bo‘lganlar faqatgina kvartirani o‘zi uchun kamida 1000$ atrofida sarflashlariga to‘g‘ri keladi. Kvartiralarda odatda konditsioner, wifi, kir yuvish mashinasi va muzlatgich bo‘ladi. Yo‘l kira uchun Dubayda o‘rtacha 70-80$ atrofida ketsa Abu Dabida avtobus uchun oylik to‘lov narxi 20-25$ atrofida. (Shu tomondan 4 oydan beri ancha pul tejab qo‘ydim.)

BAAda yana sizni ishga olib borib, olib kelish bilan shug‘ullanuvchi xususiy shirkatlarning avtobuslari (carlift) bor. Dubaydagi aytilgan narx o‘sha avtobuslarning oylik to‘lov narxi. O‘z ehtiyojingiz uchun ishdan tashqari ishlatadigan yo‘lkiraning qancha bo‘lishi sizga bog‘liq. Abu Dabida o‘zim carliftdan foydalanmaganim uchun narxlaridan bexabarman. Yemoq-ichmoqqa ketadigan xarajat miqdori ham yana o‘zingizga bog‘liq. Bir oyda o‘rtacha 150-200$ atrofida sarflanadi. Agar sheriklaringiz bilan birga tursangiz va ovqatni doimiy uyda tayyorlasangiz bundan ham arzonroqqa yashash mumkin. Telefonlardagi suhbat narxlari ham ancha qimmat. O‘rtacha oylik paket (300 daqiqa va 6GB internet) narxi 40$ atrofida turadi. Shuning uchun BAAdagi immigrantlar uchun asosiy aloqa vositasi internet va online call programmalaridir. Qisqasi bu yerda yashash uchun bir oyda kishi boshiga 500-600$ atrofida pul sarf bo‘ladi.

Hujjatlar masalasi

BAAning menga eng yoqqan jihatlaridan biri sizning hujjatlarga ortiqcha ovoragarchilik qilmasligingizdir. BAAga yangi kelgan ishchiga odatda kompaniya tomonidan barcha hujjat ishlari qilinadi va Emirates ID (Yashash uchun ruxsatnoma) ochiladi. Uning muddati ikki yil. ID olishga topshirayotgan shaxs to‘la tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi. Undan tashqari sizni ko‘chada Police umuman bezovta qilmaydi. Xavfsizlik darajasi o‘ta yuqori. Yarim kechasida xohlagan joyingizga bexavotir borishingiz mumkin. Ba’zi Yevropa mamlakatlari yoki AQShda bo‘lgani singari “borish tavsiya etilmaydigan hududlar va tumanlar” umuman yo‘q. BAAdagi mehnat masalalari tizimining o‘ziga xosliklaridan biri – bu siz yangi kelgan paytda kompaniya tomonidan pasportingiz olib qo‘yilishidir. Barcha masalalarni huquqiy tomonini hal qilish uchun esa qo‘lingizdagi Emirates ID​ yetarli. Bu mamlakatda propiska, mahalladan spravka, mahalla oqsoqolidan namunali fuqaro ekaningiz haqidagi tavsifnoma va hokazolarga umuman hojat yo‘q...

BAAda yashash va ishlash masalasidagi ikki yillik savollarga javob tariqasida o‘zimizning shaxsiy tajribamizdan kelib chiqib baholi qudrat ma’lumot berishga harakat qildik. Bu ma’lumotlarni yana to‘ldirish va kengroq tanishish uchun internetdan keragidan ortiqcha manbalar topish mumkin. Post davomida yo‘l qo‘yilgan xatolar va ma’lumotlardagi chalkashliklar bo‘lsa oldindan uzr so‘raymiz va bu masalada yanayam tajribaliroq qadrdonlardan bizning kamlarimizni to‘ldirishlarini iltimos qilib qolamiz. E’tibor uchun tashakkur!!! Sarf etgan vaqtingizga rozi bo‘lasiz. Insha Alloh davomi bor...
Doniyorbek KARIMOV

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dubay haqida bilsangiz zarar qilmaydi