21:06 / 21.12.2018
5 668

Tolibonlar Afg‘onistondagi inqirozni harbiy yo‘l bilan hal qilish imkonsizligini tan olmoqda

Tolibonlar Afg‘onistondagi inqirozni harbiy yo‘l bilan hal qilish imkonsizligini tan olmoqda
Foto:EADaily
AQSh maxsus vakili Zalmay Xalilzodning aytishicha, Tolibonlar Afg‘onistondagi inqirozni harbiy yo‘l bilan hal etish imkoniyatini ko‘rmayapti. Xalilzod bu haqda Abu-Dabida Tolibon vakillari bilan muzokara olib borgandan so‘ng 20 dekabr kuni "Tolo News"ga bergan intervyusida aytgan.

“Tolibonlar harbiy yechim yo‘q, bu orqali biz sizlarni yenga olmaymiz, deb aytishdi. Shuningdek, ular muammoni hal qilish uchun avval AQSh bilan, keyin afg‘on hukumati bilan muzokaralar olib borish zarurligini bildirishdi”, degan Xalilzod.

Abu-Dabida Tolibonlar bilan bo‘lgan muzokarada AQSh, Birlashgan arab amirliklari, Saudiya Arabistoni va Pokistondan vakillar ishtirok etgan. U yerga Tolibonlar bilan “yopiq muzokara” olib borish uchun Afg‘oniston hukumatining delegatsiyasi ham kelgan, biroq Tolibonlar ular bilan uchrashishni istamagan.

Xalilzod bu qarorni xato deb baholagan. “Tolibonlarning harakati muzokaralarda qatnashgan davlatlarda “Tolibonlar chindan ham tinchlikni istayaptimi?” degan shubha uyg‘otdi”, deydi Xalilzod.

AQSh maxsus vakili Abu-Dabidagi uchrashuvda Tolibonlar bilan Afg‘onistonda uch oylik sulh kelishuvi muhokama qilinganini aytgan. Shuningdek, u muzokaralar davomida siyosiy tizimni o‘zgartirish, Afg‘oniston ichki ishlari haqida gap bormaganini qo‘shicha qilgan.

So‘nggi bir necha oy ichida Xalilzod kamida ikki marta Qatarda Tolibonlar bilan uchrashdi. Qatarda Tolibonlarning siyosiy vakolatxonasi joylashgan. Bundan tashqari, u Afg‘onistondagi tinchlik muloqotini targ‘ib qilish maqsadida Pokiston, Afg‘oniston, Rossiya va O‘zbekistonga ham borgan.

Tolibon matbuot kotibi Zabiulla Mujoxid Birlashgan arab amirliklarida Amerika delegatsiyasi Tolibonlar bilan muzokara olib borganini tasdiqlagan.

Pokistonning "News" gazetasi, o‘z manbasiga tayangan holda 17 dekabr kuni Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan muzokara haqida xabar bergan. Manbaga ko‘ra, AQSh Tolibonlarga yarim yilga tinchlik sulhini tuzishni va milliy birlik harakatiga qo‘shilib, Afg‘oniston siyosiy tizimining bir qismiga aylanishni taklif qilgan. O‘z navbatida Tolibonlar buning evaziga AQShda saqlanayotgan Tolibon vakillarini ozod qilishni, ularga qo‘yilgan taqiqlarni olib tashlashni, Tolibon liderlarining ismini xalqaro “qora ro‘yxat”dan olib tashlashni so‘rashgan. Shuningdek, ular Afg‘onistondan AQSh qo‘shinlarini olib chiqish bo‘yicha aniq sanani ma’lum qilishlarini talab etishgan.

"Tolo News"ning yozishicha, BAA, Saudiya Arabistoni va Pokiston bunday kelishuvga kafillik beradigan bo‘lsa, Tolibonlar sulh tuzishga tayyor. Bundan tashqari, Tolibonlar Milliy birlik harakatining rahbarlari sifatida o‘zlaridan nomzod bo‘lishini talab qilgan. Biroq bu xabarni Tolibon matbuot xizmati rad etgan.

20 dekabr kuni Donald Tramp Afg‘onistondan 5 mingdan ziyod askarini olib chiqishni rejalashtirayotganini aytgan. Bu AQShning Tolibonlar bilan muzokaralarni qo‘llab-quvvatlashini anglatadi. O‘z navbatida rasmiy Kobul AQSh askarlarining olib chiqilishi mamlakat xavfsizligiga ta’sir qilmasligini ma’lum qilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tolibonlar Afg‘onistondagi inqirozni harbiy yo‘l bilan hal qilish imkonsizligini tan olmoqda