22:28 / 29.12.2018
4 047

AQSh Suriyadan harbiylarini olib chiqib ketmoqda

AQSh Suriyadan harbiylarini olib chiqib ketmoqda
AQSh prezidenti Donald Trampning qarori ijrosi doirasida amerikalik harbiylarning birinchi guruhi Suriya hududini tark etdi. Bu haqda Turkiyadagi Anadolu axborot agentligi xabar tarqatdi.

Ma’lum qilinishicha, kamida 50 nafar harbiy Suriyani zirhlangan avtomobillarda tark etib, Iroqqa yo‘l olgan. Ular Xaseka provinsiyasidagi bazani tark etishdan avval qurollar va o‘q-dorilar omborxonalarini bo‘shatishgan. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, 400 kv. m maydondagi omborxonadagi qurol-yarog‘lar kurdlarga yetkazilgan. Xabar qilinishicha, Suriya hududida Amerikaning jami 18ta harbiy ob’ekti mavjud.

Bundan avvalroq Pentagondagilar Donald Trampga Suriyadagi qurollarni, jumladan zirhli avtomobillar hamda tanklarga qarshi raketalarni Suriya shimolidagi kurdlarga qoldirish bo‘yicha taklif kiritishi ma’lum qilingandi.

28 dekabr kuni Suriyadagi kurdlar muxtoriyati vakili Jeyhan Ahmad ma’lum qildiki, kurdlar Suriya armiyasi bilan mamlakat shimolidagi hududlarni, jumladan Frot daryosining g‘arbiy qirg‘oqlarini Turkiyaning ehtimoliy hujumidan himoya qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Suriya Demokratik kuchlari» rasmiy Damashq bilan «Turkiyaning yo‘lini to‘sish» bo‘yicha hamkorlik qiladi.

Eslatib o‘tamiz, 19 dekabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp IShID ustidan to‘liq g‘alaba qozonilganini e’lon qilgan va amerikalik harbiylarga Suriyani tark etishga buyruq bergandi. Keyinroq u Suriyadagi jangarilar qoldiqlariga qarshi kurash Rossiya, Turkiya va Eron kabi mamlakatlar tomonidan olib borilishi kerakligini aytdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSh Suriyadan harbiylarini olib chiqib ketmoqda