Yaqin kelajakda yo‘qolib ketishi mumkin bo‘lgan davlatlar (foto)

  • 07 yanvar 2019, 22:25
  • 3 323
  • Dunyo
  • Yaqin kelajakda yo‘qolib ketishi mumkin bo‘lgan davlatlar (foto)
    Dunyodagi davlatlar soni hamisha o‘zgarib turgan. Tarixda qaysidir mamlakat kuchayib, ojizrog‘ini zabt etgan, qaysidir davlat ichki nizolar natijasida bo‘linib ketgan. Yaqin o‘tmishda SSSR, Yugoslaviya kabi davlatlar parchalanib, o‘nlab mustaqil davlatlar paydo bo‘lgani bunga misol bo‘la oladi.

    Katta ehtimol bilan...

    Yaman


    Bu mamlakatda 5 yildan buyon davom etayotgan qurolli ziddiyat oxir-oqibat davlatning bo‘linishiga olib kelishi mumkin. O‘zi yaqin o‘tmishda ham Yaman ikki xil tizimli davlat bo‘lib, sotsialistik Yaman markazi Adan, kapitalistik Yaman markazi Sano shahri bilan kun kechirgandi. Keyinchalik ezgu maqsadlar, otashin xitoblar bilan birlashildi va Sano yagona poytaxtga aylandi. Ammo bugungi kunga kelib poytaxtni egallab olgan husiychilar va Saudiya Arabistoni tomonidan qo‘llanayotgan boshqa kuchlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar oxir oqibat bu davlatning hozirgi ko‘rinishi o‘zgarishiga olib kelishi ehtimoli katta.

    Suriya

    Garchi Islom davlati nomi ostidagi terrorchilar tomonidan egallangan maydonlarning aksariyati ozod qilingan bo‘lsada, bu davlatdagi 6 yillik urush hammasini chalkashtirib yuborgan. Bugun yirik davlatlarning kuch sinashish maydoniga aylanib qolgan Suriya hududida kurdlarning azaliy orzusi amalga oshishi – Mustaqil Kurdiston davlati tuzilishi mumkin. Turkiya bunga qarshilik qilayotganiga qaramay ham Turkiya, ham Suriya, ham Iroqdagi ko‘p millionli kurdlar o‘z orzularidan voz kecha olmayapti.

    Iroq

    Iroqdagi muammolar ham Yaman va Suriyadagiga o‘xshash. Amalda deyarli hech narsani hal qila olmaydigan, AQSh harbiy ko‘magiga tayanib qolgan hukumat mamlakatda to‘la tinchlik o‘rnatishga qodir emas. Katta hududi terrorchilar tomonidan egallab olingani, kurdlar masalasi, qabilalar orasidagi ziddiyatlar borgan sari murakkablashmoqda.

    Liviya

    Muammar Qazzofiy boshqaruvidagi Liviya hozirdanoq faqat xaritadagina qolgan. Amalda bu davlat uchta yirik va bir nechta mayda hududlarga bo‘linib bo‘lgan. G‘arbdagi Tripoli hududi bir necha qurolli kuchlar koalitsiyasi boshqaruvida, Bengazi mahalliy milliy parlament nazoratida, sohil bo‘ylaridagi neftga boy Kirenaika hududi esa asosan ekstremistlar qo‘l ostida. Bu uch hududning har biri o‘z boshqaruv shaklini tuzib olishga ulgurgan va endi birlashishni umuman xohlamaydi. Bu davlatda parchalanish ko‘p kuttiradiganga o‘xshamaydi.

    Maldiv orollari

    Qaysidir davlatlar qurolli ziddiyatlar ta’sirida yakun topsa, Maldiv orollari davlati tabiat hodisalari tufayli katta o‘zgarishlarga mahkum bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Gap shundaki, ummon o‘rtasidagi bu orollar majmuasining aksariyati suvdan bir necha metr yuqori yuzada joylashgan va okean sathining qisman ko‘tarilishi ham ularga halokatli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

    Shimoliy Koreya

    Dunyoning eng yopiq, eng g‘alati davlati to‘g‘risida bir-biriga zid va aql bovar qilmas ma’lumotlar tarqaladi. Lekin shunisi aniqki aholining taxminan 25 foizdan ko‘prog‘i qashshoq, tabiiy resurslar poyoniga yetmoqda, harbiy salohiyatni saqlash imkoniyati tugamoqda, yigirma birinchi asrga kelib OAVni, internetni bo‘g‘ish borgan sari qiyinlashmoqda.

    Bunday paytda aholini shonli kelajak va «porloq yulduzdek dohiy»ning so‘zlari bilan aldash qiyinlashaveradi. Hozir ham bu davlatdan qochish harakati o‘lim xavfiga qaramay juda yuqori. Yaqin kelajakda bu jarayonlar tezlashib, davlat boshqaruvni yo‘qotishi va temir devorlar qulashi mumkin. O‘shanda Shimoliy Koreyani hozirgi holatda tasavvur qilish qiyin. Kuchli rivojlangan Janubiy Koreya ayanchli ahvolga kelib qolgan qo‘shnisi bilan shuncha intilishdan keyin birlashishni istaydimi, yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Sababi iqtisodlar orasida farqi shu qadar kuchliki, janubga osilgan shimol birodarining shuncha yutuqlarini darhol yo‘qqa chiqarib qo‘yishi ham mumkin.

    Kichik ehtimol bilan...

    Buyuk Britaniya


    Dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan biri hamisha separatistik qarashlardan aziyat chekib kelgan. Bir vaqtlar o‘zining hozirgi hududidan bir necha karra katta hududni bemalol boshqargan Buyuk Britaniya hozirgi kunda Shotlandiyaning ajralib chiqishi, Shimoliy Irlandiyaning mustaqillikka intilishidan bezor bo‘lgan. Garchi shotlandlarning va irlandlarning aksariyati kuch birlikda ekanligini anglab yetishgan bo‘lishsada, Londondan qutulish istagidagilar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Deyarli har yili bu masala kun tartibidan joy oladi va yirik mitinglar uyushtiriladi.

    Belgiya

    Yevropaning eng tinch, eng rivojlangan, qator nufuzli tashkilotlar joylashgan davlatlaridan birida ham bu masalada jiddiy muammo bor. Belgiya azaldan parchalanish xavfida yashagan. Gap shundaki, bu davlatning asosiy aholisi bo‘lgan flamandlar va vallonlar o‘zaro keskin farq qilishadi va bir-birlarining turmush-tarzlarini, madaniyatini ermaklab yurishadi.

    Ayrim radikallar shunchaki hazillar bilan cheklanmay, Belgiyaning Flandriya va Valloniyaga bo‘linishi shartligini ta’kidlashadi. Fransuzcha gapiruvchi vallonlar mustaqillik va Fransiya bilan ittifoqqa intilishsa, flamandlar buyuk Flandriyaga asos solish tarixiy adolatning tiklanishi deya baholashadi. Bu ziddiyat 2007-2011 yillarda kuchli tus olgan va biror partiya davlatni boshqarishni zimmasiga ola olmagan. O‘sha yillari butun hukumat a’zolari vazifani vaqtincha bajaruvchi maqomida bo‘lishgan.
    Abror Zohidov tayyorladi

    Manba: Kun.uz

    » » Yaqin kelajakda yo‘qolib ketishi mumkin bo‘lgan davlatlar (foto)