21:30 / 09.01.2019
3 706

Britaniyalik ekspert AQSH va YEIni Oʻzbekistondan ibrat olishga chaqirdi

Britaniyalik ekspert AQSH va YEIni Oʻzbekistondan ibrat olishga chaqirdi
Britaniyalik ekspert, Nyukasl universitetida siyosiy geografiyadan taʼlim beruvchi Nik Megoran davlatlar oʻrtasida yaxshi yoki yomon chegaralar emas, yaxshi va yomon munosabatlar boʻlishini taʼkidladi, deya xabar beradi Kun.uz nashri.

“Soʻnggi vaqtlarda chegara borasidagi bahslar Buyuk Britaniya, AQSH va YEIda siyosiy inqiroz xavfini yuzaga keltirib, yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Shunday boʻlsa-da, 2018 yilda dunyodagi eng qiyin chegara mojarolari bilan bogʻliq vaziyatni tartibga solish yoʻlida ijobiy natijalarga erishildi, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi chegara masalalari shular jumlasidandir”, - deydi u.

Maqolada Oʻzbekiston va Qirgʻiziston 1991 yilda mustaqil davlatlar sifatida eʼtirof etilgani, shundan keyin ular oʻrtasida chegara taqsimoti bilan bogʻliq koʻplab bahsli vaziyatlar yuzaga kelgani qayd etilgan. Butun boshli qishloqlar, etnik guruhlar, oilalar, fermer xoʻjaliklari va transport qatnovlari ikki mamlakat chegarasi kesishmasida edi.

“Chegarada tikanli toʻsiqlar oʻrnatildi, minalangan hududlar paydo boʻldi, mayda savdogarlar va chegara oldi aholisiga nisbatan shafqatsiz munosabat chegara harbiylari uchun oddiy holatga aylandi. Ikki tomonlama munosabatlarda ziddiyatning oʻsishi bilan qayta tuzilgan chegaradagi vaziyatni tartibga solish boʻyicha qoʻshma komissiyaning ishi orqaga surilayotgan edi”, - deya yozadi Nik Megoran.

Bunday vaziyat Qirgʻiziston populistlarining gʻazabiga sabab boʻldi va ular Oʻzbekiston Qirgʻiziston hududlarini egallab olish haqida oʻylayotgani haqida gap-soʻz tarqatishdi. 2010 yildagi voqea esa keskin yomonlashgan millatlararo munosabatlarning kulminatsiyasi boʻldi.

“2016 yilda Shavkat Mirziyoyev davlat tepasiga keldi. Uning mintaqalararo munosabatlarni ustuvor deya eʼlon qilishi va delimitatsiya muzokaralari tashabbusi oxir-oqibat 2017 yil oxirida ilgari yopilgan chegara postlarining aksariyati bir tomonlama ochilishiga olib keldi. 2018 yilda men bu ikki mamlakat oʻrtasidagi chegarada boʻldim va savdo qilish yoki 15 yildan beri koʻrishmagan qarindoshlari bilan koʻrishish maqsadlarida chegarani kesib oʻtayotgan koʻp odamlarni koʻrdim”, - deydi u.

Bunday siyosat natijasida etnik va davlatlararo munosabatlar yaxshilandi.

Ekspertning fikricha, yaxshi chegaralar xaritadagi texnik chiziqlar emas, siyosiy irodadir. Oʻzbekiston rahbariyatidagi oʻzgarishlar boshi berk koʻchaga kelib qolgan chegaralar delimitatsiyasi va ularni boshqarish jarayonlarining tiklanishida hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻldi. Natijada oilalar qayta tiklandi, etnik taranglik kamaydi, savdo imkoniyatlari esa oshdi.

Maqola muallifining taʼkidlashicha, har yili Yevropa Ittifoqining harbiylashtirilgan chegara nazorati tufayli sayyoraning boshqa joylariga qaraganda koʻproq migrantlar halok boʻladi. Bu esa siyosiy tanlov natijasidir.

“YEI, Buyuk Britaniya va AQSH oʻzlarini xalqaro hamjamiyatda axloqiy standartlar tashuvchilari sifatida koʻrishni istaydi. Biroq chegara siyosatiga kelganda ularning xatti-harakati tobora yomonlashmoqda, 2019 yilda bu borada Oʻzbekiston yo Efiopiyadan oʻrnak olishsa boʻlardi”, - deya xulosa qiladi ekspert.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Britaniyalik ekspert AQSH va YEIni Oʻzbekistondan ibrat olishga chaqirdi