08:22 / 10.01.2019
3 667

Mehmonxonaga qamalib olgan saudiyalik qiz qochqin maqomini oldi

Mehmonxonaga qamalib olgan saudiyalik qiz qochqin maqomini oldi
Birlashgan Millatlar tashkiloti Saudiya Arabistoni fuqarosi boʻlmish 18 yoshli Raxaf Muhammad al-Kununni qochqin deya tan oldi.

Bu haqda al-Kunun ishi bilan shugʻullanayotgan BMTning qochqinlar ishlari boʻyicha agentligi murojaat qilgan Avstraliya ichki ishlar vazirligi vakili maʼlum qildi. Mahalliy hukumat ham “murojaatni odatiy tartibda koʻrib chiqayotgani” haqida bayonot berdi.
Bundan avval al-Kunun bayonot berib, oʻzida Avstraliya vizasi boʻlgani bois, oilasi bilan aynan shu mamlakatga qochib oʻtishga qaror qilganligini aytgan edi.

Tailandda uning otasi va akasi bor, biroq qiz ular bilan uchrashuvdan voz kechgan.
Al-Kunun 5 yanvar kuni oilasi bilan dam olayotgan Quveytdan qochib ketdi. U tushgan samolyot Tailandga qoʻnganida, tekshirib koʻrilishini aytgan Saudiya elchixonasi xodimi aldov yoʻli bilan qizning pasportini olib qoʻydi. Xodim al-Kununga oilasi uning safariga qarshilik qilayotgani, shu sababli qiz Quveytga qaytishi lozimligini aytgan.

Keyinroq qiz Bangkokdagi aeroport mehmonxonasi xonalaridan biriga qamalib oldi va BMT vakillari bilan uchrashmagunga qadar xonadan chiqmasligini aytdi. Salkam bir kunlik muzokaralardan soʻng Tailand rasmiylari, Raxaf ona yurtiga yoki Quveytga topshirilmasligini aytishdi, shundan soʻng qiz BMTning qochqinlar ishlari boʻyicha agentligining vakillari hamrohligida aeroportni tark etdi.

BBCga bergan intervyusida qiz islomdan voz kechganini, uyga qaytgudek boʻlsa oʻzini oʻlim kutayotganini maʼlum qildi. Saudiya Arabistonida islomdan voz kechganlar murtad deyiladi va oʻlimga hukm qilinadi.
Saudiya Arabistonida xotin-qizlar huquqi ancha cheklangan. Faqat 2017 yilning sentyabriga kelibgina xotin-qizlarga mashina boshqarish huquqi berildi. 2018 yil yanvarida xotin-qizlar ilk bor stadionda futbol tomosha qildilar.

Mamlakatda xotin-qizlarning koʻplab qarorlari vasiy-erkaklar tomonidan qabul qilinadi. 2017 yilning may oyida podshoh Salmon xotin-qizlarga davlat xizmatlaridan (jumladan sogʻliqni saqlash va taʼlim) oʻz hollaricha foydalanishga ruxsat berdi.
Saudiya Arabistoni – jahondagi eng boy va yopiq mamlakatlardan biridir.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Mehmonxonaga qamalib olgan saudiyalik qiz qochqin maqomini oldi