06:55 / 17.01.2019
6 759

Koinot nima uchun mavjud?

Koinot nima uchun mavjud?
Ibn Sino olamda mavjud barcha narsalarni uchga bo‘ladi: zaruriy, imkoniy va imkonsiz.
Zaruriy narsaning mavjudligi shart bo‘lib, uning yo‘q bo‘lishi imkonsizdir.

Imkoniy narsalar vaziyatga qarab mavjud yoki mavjud bo‘lmasligi mumkin.
Imkonsiz narsalarning bor bo‘lishi imkonsizdir.

Imkoniy narsalarning vujudga kelishi boshqa narsalarga bog‘liq bo‘ladi. Misol uchun, dengizdagi to‘lqinlar imkoniy bo‘lib, uning vujudga kelishi yer qimirlashi, ob-havo va to‘lqinni paydo qiladigan narsalarga bog‘liq. Qachonki o‘sha sabablar yuzaga kelsa, to‘lqin paydo bo‘ladi.

Imkonsiz narsalarga esa to‘lqinli sokin dengizni misol qilish mumkin. Ya’ni, ayni vaqtda ham to‘lqinli ham sokin dengizning mavjud bo‘lishi imkonsizdir.

Imkoniy narsalar vaziyatga qarab mavjud bo‘lishi, yoki umuman mavjud bo‘lmasligi mumkin. Uning mavjud bo‘lishiga undan avvalgi narsa sababchi bo‘ladi. Qachon o‘zidan avvalgi narsa imkoniyat yaratsa imkoniy narsa vujudga keladi. Misol uchun, bug‘ o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Uning vujudga kelishi imkoniyati suv va haroratga bog‘liq. Qachonki suv kerakli harorat yetsa undan bug‘ paydo bo‘lish imkoniyati vujudga keladi.

Zaruriy narsaning bor bo‘lishi boshqa narsalarga bog‘liq bo‘lmaydi. Va uning mavjudligi sobitdir, shartdir, ehtimoliy emas.

Mantiqan, har bir imkoniy narsalarning mavjud bo‘lishi o‘zidan avvalgi boshqa narsaga bog‘liq ekan, bunday ketma-ketlik zanjiri abadiy davom etishi mumkin emas. Bu zanjirning boshida o‘z-o‘zidan va biror narsaga bog‘liq bo‘lmagan holda mavjud bo‘lgan narsa bo‘lishi kerak. Zanjirning ilk halqasi. Ibn Sino mana shunday mantiq bilan falsafada xudoning, ya’ni Vojib ul-vujudning borligini isbotlagan.

Borliqning paydo bo‘lishi haqidagi har qanday nazariyalar mana shu mantiqiy zanjirdan chiqib keta olmaydi. Evolyutsiya nazariyasi ham shu jumladan. Hozirgi nazariyalardan yana biri zanjir halqasining boshini “Katta portlash”ga olib boradi. Ammo katta portlashga ham undan avvalgi koinotning “o‘limi” sabab bo‘lgan deyishadi. Shunday bo‘lgan taqdirda ham, koinotlar ketma-ketligi abadiy bo‘lishi mumkin emas.

Zanjirning boshida eng avvalgi (al-Avval), birinchi, o‘z-o‘zidan bor, boshqalarga bog‘liq bo‘lmagan (al-Qayyum), doimo mavjud bo‘lgan (al-Boqiy) narsa bo‘lishi kerak. Uning mavjudligi zaruriydir. Agar u bo‘lmasa, undan keyingi mavjudotlar zanjiri paydo bo‘lmaydi.

Shuningdek, o‘sha zaruriy narsa o‘lik emas, tirik (al-Hayy) irodali va xohishga ega bo‘lishi va zanjirlar ketma-ketligini vujudga kelishiga avval boshdan turtki berishi kerak . Ya’ni, u zanjirning boshida ekan (al-Muqaddim), o‘zidan keyingi narsalarning paydo bo‘lishini iroda qilgan bo‘lishi kerak, aks holda o‘zi doimo yolg‘iz bo‘lib qolaverardi.

O‘sha zaruriy narsa ushbu imkoniy xislatga ega bo‘lgan koinotni vujudga keltirishni iroda qilganmi, demak biror maqsadni ko‘zlab iroda qilgan bo‘lishi kerak.

Inson – zohiriy koinotdagi yagona aqlli mavjudot. Millionlab mavjudotlar orasida faqatgina insonning aqlli mavjudot bo‘lishi tasodifmi? Millionlab sayyoralar ichida faqatgina Yerning inson uchun yashashga yaroqli ekanligi tasodifmi?

Agar bularning barchasi tasodif bo‘lmasa, halqaning boshida turgan zaruriy narsa – Vojib al-vujudning bu zanjirni yaratishni nega iroda qildi ekan? Yoki u shunchaki bekorchilikdan shu borliqni yaratilishini iroda qildimi?

Agar buning barchasi tasodif emas, halqaning Avvali barcha narsani paydo qilishda, jumladan milliardlab galaktikalar ichida faqatgina Yerni yashashga yaroqli, milliardlab mavjudotlar ichida faqatgina insonga aqlli bo‘lishini iroda qilganda nimani maqsad qilgan ekan? O‘ylab ko‘ring.

“Qachon biron narsani iroda qilsa, Uning ishi “Bo‘l” demoqlikdir, xolos. Bas, u narsa bo‘lur“. (Yasin surasi, 82-oyat)
“Osmonlar-u yerni va ularning orasidagi narsalarni o‘ynab yaratganimiz yo‘q! Biz ularni faqat haq ila yaratdik, lekin ko‘plari bilmaslar“. (Duxon surasi, 38-39 oyatlar)

“Jin va insonni faqat Menga ibodat qilish uchungina yaratdim“. (Zariyat surasi, 56-oyat)
“U o‘lim va hayotini sizlarning qaysilaringiz amalda yaxshiroq ekanligingizni sinash uchun yaratgandir. U aziz va o‘ta mag‘firatlidir“. (Mulk surasi, 2-oyat)
Said Komil XOLXO‘JAYeV

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Koinot nima uchun mavjud?