12:12 / 19.01.2019
6 678

Qutqaruvchilar 5 kundan buyon 100 metrli chuqurga tushib ketgan bolani chiqara olishmayapti

Qutqaruvchilar 5 kundan buyon 100 metrli chuqurga tushib ketgan bolani chiqara olishmayapti
Ispaniyada qutqaruvchilar 13 yanvardan buyon ikki yoshli Xulen Rozeloni qutqarishga harakat qilmoqda. U yakshanba kuni ota-onasi bilan sayrga chiqqan vaqtida 100 metrli chuqurga tushib ketgan. Hodisa Malaga provinsiyasida yuz bergan. Shu kundan buyon uning tirik ekanligi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q, qidiruv operatsiyasi esa texnik qiyinchiliklar va mutaxassislarning chuqurga tusha olmasligi sababli murakkablashmoqda. Bu haqda Daryo xabar berdi.

Vaziyatni butun Ispaniya kuzatmoqda — operatsiyaga 100 dan ortiq kishi, shu jumladan, xorijlik muhandislar qo‘shilgan. Ular iloji boricha tezroq bolaning taxminiy joylashgan joyiga yetib borishga urinmoqda, biroq bolaning shu vaqtgacha tirik ekanligiga to‘liq ishonch yo‘q. Chuqurning diametri 30 santimetrdan oshmaydi, uni kengaytirishga urinish esa chuqurning tubiga yana tuproq tushishiga olib keladi.

Foto: TJournal
13 yanvar kuni Xulen onasi, otasi va amakivachchasi bilan Malaga yaqinidagi uylaridan chiqib, tabiat qo‘ynida tamaddi qilish uchun yo‘l olgan. Qulay joyni topgach, ota-ona tayyorgarlik bilan shug‘ullangan. Birozdan keyin bolaning onasi qo‘ng‘iroq qilish uchun biroz uzoqlashgan va eridan bolaga qarab turishni so‘ragan.

Bolaning otasi aytishicha, u gulxan uchun o‘tin yig‘ishga chalg‘igan, bola esa qayergadir yugurib ketgan. Ular bolaning chuqurga yiqilganini ko‘rgan. Bola yiqilganidan keyin uning qichqirgani, keyin esa yig‘lagani eshitilgan. Keyin esa yig‘lagani ham to‘xtagan.

Qutqaruvchilarning taxmin qilishicha, Xulen 80 metr chuqurlikda turibdi. Aynan ana shu chuqurlikda mutaxassislar kamera yordamida ko‘p miqdorda qum to‘planganini qayd etgan. Aynan shu qum pastga tushishga xalaqit bermoqda. Yuqoriroqda esa shirinliklar paketi va soch tolalari topilgan. DNK tahlili soch tolalarining yo‘qolgan bolaga tegishli ekanini ko‘rsatgan. Uning tirikligi haqida hech qanday dalil mavjud emas.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qutqaruvchilar 5 kundan buyon 100 metrli chuqurga tushib ketgan bolani chiqara olishmayapti