Venesuelada davlat to‘ntaruviga yangi urinish amalga oshirildi

  • 21 yanvar 2019, 21:00
  • 1 716
  • Dunyo
  • Venesuelada davlat to‘ntaruviga yangi urinish amalga oshirildi
    Venesuelada bir guruh harbiylar amaldagi hokimiyatga qarshi isyon amalga oshirishga urindi. Bu haqda mamlakat prezidentini qo‘llab-quvvatlovchi milliy ta’sis yig‘ini rahbari Diosdado Kabelo ma’lum qildi.

    Kabelo tvitterda “zo‘ravonlik amalga oshirib, aholida xavotir uyg‘otmoqchi bo‘lgan vatan xoinlari” qo‘lga olinganini ma’lum qilgan.
    “Bizning qurolli kuchlar, vatan soqchilari qurol o‘g‘irlagan vatan xoinlari va bosqinchilarning mayda guruhini yana hibsga oldi”, deyilgan xabarda.

    Bu orada OAVning ma’lum qilishicha, isyonchilar poytaxt Karakas g‘arbidagi milliy gvardiya shtabini va shahar tumanlarining birini egallab olib, prezidentning iste’fosini talab qilishmoqda.
    Karakas ko‘chalarida ham hokimiyatning siyosatidan norozi bo‘lganlarning ommaviy noroziliklari o‘tmoqda, politsiya namoyishchilarni ko‘zni yoshlatuvchi gaz bilan haydamoqda. Namoyishchilar isyonchi harbiylarni qo‘llab-quvvatlashmoqda.

    Mamlakatning muxolif parlamenti rahbari Xuan Guaido voqealarga izoh berib, Karakasdagi isyon qurolli kuchlarda hukm surayotgan umumiy kayfiyatni ko‘rsatishini aytgan.

    “Milliy gvardiya qo‘mondonligida yuz berayotganlar respublika qurolli kuchlarida hukm surayotgan umumiy kayfiyatni namoyish qiladi”, deb aytgan Guaido.
    Uning ta’kidlashicha, milliy assambleya konstitutsiya tiklanishiga ko‘mak ko‘rsatayotgan harbiylarga barcha zaruriy kafolatlarni berishga intilmoqda.

    » » Venesuelada davlat to‘ntaruviga yangi urinish amalga oshirildi