Venesuelada muxolifat rahbari o‘zini prezident deb e’lon qildi

  • 24 yanvar 2019, 07:47
  • 1 391
  • Dunyo
  • Venesuelada muxolifat rahbari o‘zini prezident deb e’lon qildi
    Venesuelada muxolif parlament - Milliy assambleya rahbari Xuan Guaydo o‘zini mamlakat prezidenti sifatida e’lon qildi va davlat rahbari sifatida qasamyod qabul qildi. Bu haqda Associated Press agentligi xabar tarqatgan.
    AFP agentligi aniqlik kiritishicha, parlament Guaydoni Venesuela prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi sifatida e’lon qilgan.

    Guaydo Karakasda to‘plangan o‘n minglab namoyishchilar qarshisida o‘zini «uzurpatsiyaning yakunlanishiga erishish, o‘tish hukumatini shakllantirish va haqqoniy saylovlar o‘tkazish»ni maqsad qilgan «o‘tish davri prezidenti» deb atagan.

    AQSh prezidenti Donald Tramp ham uni qonuniy prezident sifatida tan oldi. U mamlakatning amaldagi rahbari Nikolas Maduroning prezidentligini noqonuniy deb atagan.

    AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens o‘z tvitterida venesuelaliklarga videomurojaat qilgan. U Maduroni diktator deb atagan va unda mamlakatni boshqarish uchun hech qanday qonuniy vakolatlar yo‘qligini aytib, rasmiy Vashington mamlakatning muxolif kayfiyatdagi parlamenti hamda uning yetakchisini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

    Guaydoning vakolatlarini Amerika davlatlari tashkiloti bosh kotibi Luis Almargo ham e’tirof etgan.
    Mamlakatda namoyishlarning yangi to‘lqini dushanba kuni, Mudofaa vazirligi mamlakatda harbiy to‘ntarish amalga oshirishga urinish sodir bo‘lganini e’lon qilishi ortidan boshlanib ketdi.

    Seshanba kuni Xuan Guaydo ham Venesuelada Nikolas Maduro prezidentligiga qarshi ommaviy namoyishlar o‘tkazishga chaqirgandi. Shu kuni yuz minglab venesuelaliklar ko‘chalarga chiqishdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, namoyishlar vaqtida kamida 4 kishi halok bo‘lgan.

    Ijtimoiy tarmoqda namoyishchilar Bolivar shtatidagi San-Feliks shahrida sobiq diktator Ugo Chavesning haykaliga o‘t qo‘ygani tasvirlangan suratlari va videoyozuvlar tarqaldi.

    Ommaviy namoyishlar butun mamlakat bo‘ylab tarqalmoqda.

    Yanvar oyi boshida Nikolas Maduro ikkinchi marta Venesuela prezidentligiga kirishgandi. Mamlakat uning prezidentligi davrida chuqur iqtisodiy inqirozga tushib qolgan. 2018 yilda bir marta va 2019 yil boshida bir marta harbiylar davlat to‘ntarishi amalga oshirishga urinishdi. 2018 yilning avgustida esa Maduroga suiqasd uyushtirildi.

    G‘arb davlatlari va Janubiy Amerikaning aksar mamlakatlari Venesueladagi prezidentlik saylovi yakunlarini tan olmagan. Bir qator davlatlar rasmiy Karakas bilan diplomatik aloqalarni uzgan.

    Xuan Guaydo Maduroni uzurpator deb atagan va uning o‘rniga vaqtincha prezident bo‘lishga tayyorligini bildirgandi (konstitutsiyaga ko‘ra prezident o‘z vakolatini bajara olmay qolganida shunday chora ko‘zda tutilgan).

    » » Venesuelada muxolifat rahbari o‘zini prezident deb e’lon qildi