Olimlar sun’iy qish yaratib Yerni sovitmoqchi

  • 25 yanvar 2019, 12:00
  • 3 610
  • Dunyo
  • Olimlar sun’iy qish yaratib Yerni sovitmoqchi
    Dunyo olimlari sayyora haroratini pasaytirishga jiddiy kirishgan, deya yozadi «Argumentы i faktы» gazetasi. Nashrda berilgan maqolada global isishning oqibatlari va uni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar xususida so‘z boradi.

    Hech kimga sir emaski, Yer sayyorasi global isish iskanjasida. XX asrning avvalidagi holatga qaraganda hozirda havo harorati o‘rtacha 0.74 darajaga ortgan. Turli taxminlarga ko‘ra, XXI asrning oxirlariga kelib, agar yengil choralar ko‘rilsa (sanoat chiqindilarini kamaytirish, o‘rmonlar hajmini oshirish) havo harorati yana 2 darajaga, agar holat shu tarzda davom etaversa, 4 darajaga ko‘tariladi. Buning oqibatida esa bir qancha global muammolar kelib chiqishi, xususan muzliklar erib, okeanlarning sathi ko‘tarilishi hajmi sohil bo‘yidagi shaharlar suv ostida qolishi, o‘lim ko‘rsatkichlari ortib, tabiiy ofatlar soni ko‘payishi mumkin.

    Tadqiqotchilarning fikricha, ko‘pchilik o‘ylaganidek bug‘-gazlari chiqindilarini qisqartirish singari yengil-yelpi choralar orqali katta natijaga erishib bo‘lmaydi. Xavfning oldini oluvchi chora sayyorani sun’iy yo‘l bilan sovitish hisoblanmoqda. Buning uchun hozirga qadar bir qancha loyihalar taqdim etilmoqda.

    Eng ko‘p ishonch bildirilayotgan loyiha Garvard universiteti tadqiqotchilariga tegishli. Ular so‘nggi ikki yilda sayyorani sovitishga va ozon tuynuklarini yamashga qurbi yetadigan aerozol yaratishdi. Ichida kalsiy karbonadi (bo‘r) saqlovchi aerozol ballonlari havo sharlari yordamida stratosferaga uchiriladi. 20 km balandlikda kimyoviy birikma sochilib ketadi, zond esa yerga qaytish chog‘ida hosil bo‘lgan bulutlar orasidan o‘tadi va natijaning qanday bo‘lganligini qayd etadi. Kalsiy karbonati quyosh yorug‘ligini qaytaradi, ozon qatlamini shikastlamaydi, aksincha, undagi tuynuklarni tortib berkitish xususiyatiga ega. Biroq 3 mln dollarga baholanayotgan bu tajriba boshqa mutaxassislarning e’tiroziga sabab bo‘lmoqda — ular mazkur unsur dunyo okeanlari haroratni oshirishi va hosildorlikka jiddiy zarar yetkazishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.

    Iqlim haroratiga eng katta ta’sirni ko‘rsatuvchi omil dunyo okeani bo‘lganligi bois aksariyat loyihalar aynan unga qaratilgan. Dengiz suvlarni temir ionlari bilan to‘yintirish g‘oyasi shulardan biri. Bu plangtondagi fotosintez jarayonini me’yoriga keltiradi, shundan keyin u atmosferadagi karbon dioksidi (uglekislыy) gazni muntazam ravishda yutib yuboradi. Bu esa issiqxona effektini kamaytiradi.

    Vashington universiteti olimlari dengiz suvidan sun’iy bulut hosil qilishni rejalashtirishgan. Ular maxsus uskuna yordamida soniyasiga bir necha trillion tezlikda uchadigan zarrachalarni atmosferaning yuqori qatlamlariga purkashni maqsad qilishgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, sun’iy hosil qilingan bulutlar quyosh nurlarini qaytaradi, bu esa o‘rtacha issiqlikning pasayishiga sabab bo‘ladi.

    Yana bir loyiha Arktika muzlarining erish tezligini kamaytirishga qaratilgan. Arktikaning muz «qalpog‘i»​ o‘ziga xos ulkan ko‘zgu bo‘lib, u okeanlarning qizib ketmasligi uchun quyosh nurlarni qaytarib turadi.

    Shimoliy muz okeani ustida chuchuk suv purkashni nazarda tutuvchi loyiha ham mavjud. Buning mohiyati shundaki, chuchuk suv sho‘r suvga qaraganda yuqoriroq haroratda muzlab qoladi. Ana shunday usul bilan ulkan sun’iy muz qatlamini yaratishga umid qilishmoqda.

    Olimlar muammoga koinotdan ham ta’sir ko‘rsatishga urinib ko‘rishmoqchi. Amerikalik astronom Rojer Enjelning g‘oyasiga ko‘ra, koinotda 16 trln kremniy doiralaridan iborat juda katta soyabon ochish kerak. Bu soyabon sayyoramizga kelayotgan quyosh nurlarining bir qismini boshqa tomonga yo‘naltirib yuborishga xizmat qilishi lozim.

    Enjelning yana bir taklifi Yer orbitasini sun’iy yo‘ldoshlarning katta guruhi bilan qamrab olishni ko‘zda tutadi. Ya’ni sun’iy yo‘ldoshlar zich joylashib, Yer yuzida 300 million gektarlik soya hosil qiladi va bu o‘rtacha haroratning pasayishiga xizmat qiladi.

    Loyihalar orasida aqlga sig‘maydigan «telbanamo»​lari ham bor. Shulardan biri yerning odamlar yashamaydigan hududlarida katta quvvatga ega termoyadro bombasini portlatishni nazarda tutadi. Bu portlashlar atmosferaga ulkan miqdordagi chang-to‘zonni chiqaradi va bu iqlimning sovishiga olib keladi, deydi loyiha mualliflari.

    Yuqorida bildirilgan takliflarning barchasi har tomonlama o‘rganib chiqilib, qancha xarajatga tushishi ham hisoblangandan keyin muqobil variant tanlanadi.

    » » Olimlar sun’iy qish yaratib Yerni sovitmoqchi