Venesuela inqirozi: Xuan Guaydo kim va nima qilmoqchi? (foto)

  • 26 yanvar 2019, 00:03
  • 2 553
  • Dunyo
  • Venesuela inqirozi: Xuan Guaydo kim va nima qilmoqchi? (foto)
    Venesuela o‘rta asrlar darajasida qashshoqlashib ketgan, mamlakat iqtisodi xarobaga aylangan, aholi uchun oziq-ovqat mahsulotlari yetishmay qolgan. Millionlab kishilar vatanni tashlab, xorijga ketishgan. Lotin Amerikasi tarixida bu qadar chuqur inqiroz hech bir mamlakatda kuzatilmagandi. Lekin bu inqirozni na urush va na tabiat hodisalari keltirgan.

    Bu inqiroz Ugo Chaves hamda uning izdoshi Nikolas Maduroning siyosati oqibatlaridir. Ular sotsialistik inqilob shiorlari ostida badavlat kishilarni va yer osti boyliklarini talon-taroj qilishdi. 2013 yili Chaves ajali yetib vafot etdi, ammo uning partiyadoshi Maduro ishni davom ettirdi, 2019 yil boshida u barcha noroziliklarga qaramasdan ikkinchi muddatga, yana 6 yilga prezidentlikka saylanganini e’lon qildi.

    Ikki prezident ham pul zarb qilish hajmini oshirishdi, ularning davrida xususiy mulklarni tortib olish odatiy holatga aylandi, davlat narxlarni istagancha belgiladi, yuqori doiradagilar xorijga milliardlab dollarni olib chiqib ketishdi. Ular barcha neft ortidan keladigan daromadlarni to‘lig‘icha o‘zlashtirishdi. Ular neft sanoatini xarob qilishdi, mamlakatni bo‘shatib qo‘yishdi, inflyatsiyaning yillik ko‘rsatkichini 2 million barobarga chiqarishdi, mahalliy valyuta butunlay qadrsizlandi.

    Ular o‘zga fikrlilarga va erkin matbuotga qarshi kurash olib borishdi, har qanday namoyishlar shafqatsizlik bilan bostirildi. Maduro muxolifatni deyarli butkul chekladi, 2017 yilda o‘zi uchun alohida parlament tuzib oldi. 2018 yil mayida o‘tkazilgan saylovlarda g‘alaba qozondi, muxolifat uning natijalarini boykot qildi, G‘arb va Lotin Amerikaning asosiy davlatlari bu jarayonni «sahna tomoshasi» deb atashdi.

    Ayni vaqtda 56 yoshda bo‘lgan Maduroning inauguratsiya marosimi xorij davlatlari tomonidan inkor etildi. Faqat Xitoy, Turkiya, Eron va Rossiya kabi o‘nga yaqin davlatning vakillarigina marosimda hozir bo‘lishdi. O‘tgan yilda Kreml Karakasga iqtisodiy maslahatchilarni yuborgandi, keyinroq Tu-160 rusumli strategik bombardimonchi samolyotlar yo‘llandi.

    O‘zi qashshoq bo‘lsa-da, avtoritar va armiyasi kuchli bo‘lgan Venesuela - qo‘shni davlatlar uchun haqiqiy bosh og‘rig‘i. Maduro ikkinchi muddatida ham tashqi siyosati orqali yangi muammolarni tug‘dirishi tayin. Ichkaridagi inqiroz tufayli yana millionlab venesuelaliklar qo‘shni davlatlarga yo‘l olishga majbur.

    Venesuelalik muhojirlar har tomonga ketishadi, AQShda, Kanadada, Meksikada, Karib havzasidagi orol-davlatlarda, Nikaragua, Panama va Kosta-Rika kabi o‘zi ham qashshoq davlatlarda, Kolumbiyada, Ekvadorda, Braziliyada, Peruda, Trinidad va Tobagoda venesuelalik qochqinlar va muhojirlar qo‘nim topishgan.

    Peruga ketayotgan venesuelaliklar Ekvador tog‘larida
    Foto: AFP

    Mintaqadagi vaziyat taranglashmoqda: Lotin Amerikasi mamlakatlari shu vaqtga qadar qashshoq venesuelaliklar uchun eshiklarni ochib qo‘yishgan, ammo ularning rahmdilligi qimmatga tushmoqda: iqtisodiy tomondan ham, siyosiy tomondan ham. Chunki, bu davlatlarning o‘z aholisi xorijliklar oqimi va ularni omon saqlash uchun ketadigan xarajatlardan bezor bo‘lgan.

    Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtga kelib Venesuelani tark etganlar soni 3 million kishini tashkil etadi. Ammo BMTdagilarning ishontirishicha, haqiqiy raqamlar bundan ham ko‘p. Qochqinlar oqimi ortib bormoqda, har kuni o‘rtacha 5 ming kishi mamlakatdan chiqib ketmoqda, ular asosan piyoda holda Kolumbiya, Ekvador yoki Peruga yo‘l olishmoqda.

    Venesuela aholisining aksar qismi ispan tilida so‘zlashuvchilardir, bu yerga o‘tgan asrning 50-yillarida Franko diktaturasidan qochganlar kelib joylashishardi, endi ular Maduro diktaturasidan qochib, Ispaniyaga qaytishga to‘g‘ri kelmoqda.

    «Men Venesuelada baxtiyor hayot kechirardim. Hech qachon Madridga qaytish to‘g‘risida o‘ylamasdim. Ammo endi Karakas Franko davridagi Galisiyaga o‘xshab qoldi. Men kichkinaligimda Madridda kartochka bo‘yicha ovqat berishardi. Do‘konlar eshigi oldida ulkan navbatlar yuzaga kelardi, endi navbatimiz yetganda eshik yopilardi, hech narsa qolmagan bo‘lardi», deya eslaydi o‘tmishda Janubiy Amerikaga kelib qolgan ispaniyalik Kandido Songas. Endi u va nabiralari Ispaniyaga qaytishiga to‘g‘ri keldi.

    Lekin o‘tgan yilda Ispaniya hukumatidan boshpana so‘ragan 12 875 nafar venesuelalikdan 15 nafariga boshpana berilgan.

    «Bu odamlar kataklizmdan yoki urushdan qochishmayapti. Ular ochlikdan qochishmoqda. Ular borayotgan davlatlarning o‘zi ham qashshoq davlatlardir», deydi Karakasdagi Simon Bolivar nomidagi universitet vakili Klaudiya Vargas.

    Atlantika okeanining g‘arbiq qismidagi migratsion inqiroz 2015 yili O‘rta Yer dengizidagi inqirozdan kam emas. O‘shanda Yevropa bir milliondan ortiq qochqinni qabul qilgan bo‘lsa, keyingi ikki-uch yil ichida Venesuela dunyodagi qochqinlar armiyasini urush ichidagi Afg‘oniston va Sudandan ko‘ra ko‘proq boyitdi. Mamlakat aholisining o‘ndan biri chetga ketdi.

    Venesuela hukumati esa bu raqamlarni tan olmaydi. O‘tgan yili Maduro haqiqiy emigratsiya BMT ma’lumotlaridagidan 4 barobar kamligini aytgandi. Vitse-prezident Delsi Rodriges esa «bu raqamlar Venesuelaga bostirib kirish niyatidagi dushman davlatlar tomonidan to‘qib chiqarilgani»ni qo‘shimcha qilgan.

    «Venesuela dushmanlar o‘rtasida». Rodriges va Maduro BMTni boykot qilishmoqda
    Foto: AFP

    Venesuela iqtisodi qatorasiga oltinchi yil qulashni boshdan kechirmoqda. Ahvol avvalgi holatiga qaytishiga umid yo‘q. Mamlakatning tashqi qarzi 100 milliard dollarga yetgan, valyutaning yagona manbai bo‘lmish neft qazib olish hamji esa yildan yilga pasaymoqda.

    O‘tgan yilda Venesuelada inflyatsiya 1 million foizni tashkil etib, 1920-yillardagi Veymar respublikasi hamda 2000-yillardagi Zimbabvening natijalari yangilandi.

    Giperinflyatsiya tibbiy xizmat, energiya ta’minoti, ichimlik suvi ta’minoti, transport sohalarida ham vaziyatni keskin yomonlashtirdi, oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligi yuzaga keldi.

    Xalqaro valyuta fondi baholariga ko‘ra, Venesueladagi iqtisodiy inqiroz yaqin yillarda qo‘shni Kolumbiya iqtisodida ham aks etib, bu davlatda arzon ish kuchi ortishi hisobiga iqtisod ko‘tarilishi kuzatiladi.

    Maduro esa vaziyatni o‘nglash uchun qoloq amaliyotlarni qo‘lladi - bolivarni kriptovalyutgaga bog‘lashga harakat qildi, yangi pul chiqardi va eskisini almashtirdi, denominatsiya qildi - 100 000 bolivar - 1 bolivarga aylandi.

    Barcha choralar befoyda bo‘ldi, iqtisod halokatga yuz tutdi.

    Karakasdagi bozorda hojatxona qog‘ozini 2,6 million bolivarga xarid qilish mumkin
    Foto: CARLOS GARCIA RAWLINS/REUTERS

    Venesuela - jahondagi neftga eng boy davlat. Bu mamlakat zaxiralari 300 mlrd barreldan oshadi - bu Saudiya Arabistoni zaminidagi «qora oltin»dan ko‘p (266 mlrd), bu Iroq yoki Eronning zaxiralaridan ikki barobar ortiq.

    Neft Chavesning sotsialistik revolyutsiyasida va butun dunyodagi imperialistlarga qarshi yurishida asosiy iqtisodiy manba bo‘lgandi. Maduro uning ishini davom ettirdi. Ammo bu yo‘lda ular xorijiy neft kompaniyalarini tortib olishdi, davlat kompaniyalari esa noprofessionallik va korrupsiya botqog‘iga botdi.

    Chaves o‘tgan asrda hukumat tepasiga kelganida, mamlakatda kuniga 3,5 mln barrel neft qazib olinardi. 2017 yilga kelib qazib olish hajmi 2 mln barrelgacha tushib ketdi, 2018 yil kuzida esa bu miqdor 1,5 mln yevrogacha pasaydi, Reyter ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yil boshida Venesuelada kuniga 1,2 mln barrel neft qazib olinmoqda.

    Mamlakatdagi neft kompaniyalarining barchasini harbiylar boshqaradi. Qazib olish hajmini faqat xorij neft kompaniyalari tiklay olishi mumkin, ammo Maduro ularni mamlakatga kiritishga ko‘nmay kelmoqda.

    Ikki prezidentlik

    Ikki kun oldin Xuan Guaydo kimligini ko‘pchilik bilmasdi. 35 yoshli siyosatchi o‘zini Venesuelaning vaqtinchalik prezidenti deb e’lon qildi va Oq uyning hamda Lotin Amerikasidagi ko‘plab davlatlarning qo‘llab-quvvatloviga erishdi.

    U tasodifan Venesuela parlamentiga - Milliy assambleyaga rahbar bo‘lib qoldi. 5 yanvar kuni hukumat u a’zosi bo‘lgan «Xalq irodasi» (Voluntad Popular) partiyasidagi yetakchilarni qo‘lga olgandi, rahbarlik navbati ozodlikdagi yosh siyosatchiga kelgandi.

    Bir hafta o‘tib Guaydoni ham Maduro rejimini tanqid qilgani uchun Venesuela maxsus xizmatlari qo‘lga olishadi, ammo u qo‘yib yuboriladi.

    21 yanvar kuni Venesuela Mudofaa vazirligi poytaxt Karakasda davlat to‘ntarishiga urinish ro‘y bergani haqida ma’lum qildi. Buning ortidan shaharda mamlakat prezidenti Nikolas Maduro siyosatiga qarshi ko‘p ming kishilik namoyishlar boshlandi va tez orada butun mamlakatda namoyishlarning ulkan to‘lqini hosil bo‘ldi. 23 yanvar kuni AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens Qo‘shma shtatlar Maduro rejimini noqonuniy deb bilishi, Venesueladagi namoyishlarni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

    23 yanvar kuni, Nikolas Maduroga qarshi namoyishlar avjiga chiqqan pallada, Karakasdagi miting vaqtida Guaydo o‘zini Venesuelaning muvaqqat prezidenti deb e’lon qildi.

    «Venesuela! Qodir Xudo oldida turib, uzurpatsiyani to‘xtatish, o‘tish davri hukumatini tuzish va erkin saylovlarni tashkil etish uchun prezident sifatida milliy ijro hokimiyati vakolatini rasman qabul qilishga qasamyod qilaman», dedi u.

    Uni yuz minglab kishilar qo‘llab-quvvatlashdi, Maduro rejimiga qarshi namoyishlarning yangi to‘lqini avj oldi.

    AQSh prezidenti Donald Tramp darhol uni yangi prezident sifatida tan oldi. Trampning Maduroni noqonuniy prezident deb atab, parlamentni — Venesuelada xalq tomonidan qonuniy saylangan yagona qonuniy hokimiyat bo‘g‘ini sifatida e’tirof etdi.

    Hafta boshidan buyon davom etayotgan namoyishlar vaqtida politsiya bilan to‘qnashuvlar tufayli o‘nlab kishilar halok bo‘ldi va yuzdan ortiq kishi qo‘lga olindi. Bu 2017 yilgi namoyishlardan keyingi eng yirik norozilik aksiyalari bo‘lmoqda. Ikki yil muqaddam iqtisodiy inqiroz keltirib chiqargan ochlikdan keyin bo‘lib o‘tgan tartibsizliklar vaqtida 120 nafardan ortiq namoyishchi o‘ldirilgandi.

    Yosh siyosatchi

    Guayd Karib dengizi qirg‘oqlari yaqinida, Vargas shtati markazi La-Guayra shahrida dunyoga kelgan. U Andres Belo nomidagi Katolik universitetda tahsil olgan, davlat boshqaruvi sohasida magistrlik darajasini olgan.
    Bo‘lajak siyosatchining otasi uchuvchi bo‘lgan, onasi esa o‘qituvchi edi.

    Guaydo o‘smirligida Venesuelada sodir bo‘lgan og‘ir tabiiy ofatni boshdan kechiradi, 1999 yilning dekabrida ro‘y bergan suv toshqinlari va ko‘chkilar tufayli 30 mingga yaqin kishi halok bo‘lgan. O‘shanda uning oilasi uysiz qolgandi.

    «Guaydo Venesueladagi o‘rta tabaqa vakili edi. U badavlat bo‘lmagan ishchi oilasida, poytaxt Karakasda emas, provinsiyada o‘sgan, katta qiyinchiliklar bilan universitetga kirgan, uning ota-onasi o‘qish pulini zo‘rg‘a to‘lashardi», deydi uning sobiq kursdoshi.

    «U ochiq, xushmuomala yigit edi, u hukumat institutlari qonunlar doirasida ishlashi kerak, deb ishonardi», deya qo‘shimcha qilgan o‘z shaxsini oshkor qilmagan kursdosh.

    Universitetda muhandislikka o‘qigan Guaydo talabalik yillarida siyosiy faol edi, u Ugo Chaves rejimiga qarshi aksiyalarda ishtirok etadi, muxolifatchilar uchun tashkil etilgan seminarlarga qatnaydi, saylovlar vaqtida harakatlanish qoidalarini o‘rganadi.

    «Bizda «O‘z ovozingni himoya qil» nomli guruh bo‘lgandi. Biz seminarlar o‘tkazardik», deya xotirlaydi Guaydoning sobiq kursdoshi.
    «Xuan barchasini rejalashtirgan, unga shunday improvizatsiyalar yoqardi», deydi u.

    Guaydo 2007 yili Andres Belo nomidagi Katolik universitetda sanoat muhandisi diplomini oladi, keyin esa AQShdagi Jorj Vashington nomidagi universitet magistraturasida boshqaruv sohasida o‘qiydi.

    2009 yili Guaydo o‘zining siyosiy ustozi Leopoldo Lopes hamda boshqa maslakdoshlari bilan birgalikda «Xalq irodasi» partiyasiga asos soladi. Lopesni keyinchalik hibsga olishadi va terrorizmda ayblab, 13 yilga qamashadi. Keyinroq uning hibs muddati kamaytirilib, uy qamoqxonasiga o‘tkaziladi.

    Oddiy deputatlikdan yetakchilikka yo‘l

    Yosh muhandis katta siyosatga 2011 yili kirib keladi. O‘shanda uni «Xalq irodasi» partiyasidan Milliy assambleyaga deputat sifatida saylashgandi.

    Uning parlament rahbariga aylanishi mutlaqo tasodifan ro‘y berdi. 2015 yil dekabrida muxolifatchilar parlament saylovlarida g‘alaba qozonishadi va har yili fraksiyalardan birining yetakchisini parlament rahbari sifatida saylashga kelishadi.

    2019 yil «Xalq irodasi» partiyasining navbati edi. Partiyaning asosiy yetakchilari esa, yuqorida aytilganidek turli muammolarga duch kelishgandi.

    Partiya rahbari Leopoldo Lopes uy qamoqxonasida qolgan, yana bir yirik siyosatchi Karlos Vekkio AQShga qochib ketishga majbur bo‘lgan, uning o‘rinbosari Freddi Gevara 2017 yilgi namoyishlardan keyin Chili elchixonasidan boshpana topgan.
    Yakunda Guaydo spikerga aylandi.

    U «venesuelalik Obama» bo‘la oladimi?

    Ayrimlar Guaydoni Amerikaning sobiq prezidenti Barak Obamaga qiyoslashmoqda. Venesuelalik siyosatchi Obamaning saylovoldi kampaniyasida shioridan foydalanishni boshlagan: «Ha, buning iloji bor!» (Sí, se puede).

    Guaydo mamlakatning haqiqiy prezidentiga aylana oladimi, yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Venesuelaning amaldagi prezidenti Nikolas Maduro Guaydoning vakolatlarini tan olmadi va telemurojaati vaqtida bu siyosatchini davlat to‘ntarishi amalga oshirishga urinishda aybladi.

    Guaydo mamlakat parlamentini - Milliy Assambleyani boshqarmoqda.
    Ammo Maduro o‘tgan yili Ta’sis Majlisi tuzgan va amalda parlamentning barcha vakolatlarini yangi muassasaga o‘tkazgandi.

    Guaydoning o‘zi o‘z harakatlarini Venesuela Konstitutsiyasi bilan asoslamoqda, u mamlakatni demokratiya tomon tinch yo‘l bilan yetaklab borishni maqsad qilgan.

    Ayni vaqtda jahon mamlakatlari Venesuela masalasida ikkiga bo‘lingan: Venesueladagi sotsialistik rejimni qo‘llab-quvvatlovchilar va yangi prezidentni tan olganlar.

    Ko‘chalarga chiqqan yuz minglab venesuelaliklar va AQShdan tashqari, Shimoliy va Janubiy Amerika mamlakatlarini birlashtiruvchi Amerika davlatlari tashkiloti (ADT), Yevropa Ittifoqi, Yevrokengash, Kanada, Braziliya, Kolumbiya, Ekvador, Peru, Paragvay, Chili, Argentina, Kosta-Rika, Gvatemala, Honduras, Gruziya, Fransiya, Ukraina, Albaniya va Buyuk Britaniya hukumatlari ham Guaydoni Venesuela davlat rahbari sifatida tan oldi.

    O‘z navbatida, Rossiya, Xitoy, Kuba, Eron, Boliviya, Urugvay, Meksika, Salvador, Nikaragua, Suriya va Turkiya kabi davlatlar Maduro tarafida.

    Shuningdek, armiya Maduro tarafida, u xavfsizlik kuchlari, sudlar, xazina va davlat neft kompaniyalarini nazoratida tutib turibdi. Agar Guaydo harbiylarni o‘ziga og‘dira olmasa yoki AQSh uni qo‘llash uchun Venesuelaga qo‘shin kiritmasa, namoyishlar bilan muvaffaqiyatga erishishi dargumon.

    » » Venesuela inqirozi: Xuan Guaydo kim va nima qilmoqchi? (foto)