22:36 / 27.01.2019
5 217

Venesuela voqealari. Rossiya va Xitoyning manfaati nimada?

Venesuela voqealari. Rossiya va Xitoyning manfaati nimada?
Venesuelada Nikolas Maduroni hokimiyatdan ketkazish uchun jiddiy urinish davom etmoqda. Bu davlatda ro‘y berayotgan jarayon ayni vaqtga kelib jahon hamjamiyatini ikkiga bo‘lib yubordi, bir tomon Maduroni ketkazib, mamlakatda demokratiya o‘rnatishni maqsad qilgan bo‘lsa, ikkinchi tomon bu urinishni G‘arb tomonidan tayyorlangan navbatdagi rangli inqilob sifatida baholamoqda.

Nimalar bo‘lib o‘tdi?
23 yanvar kuni Karakasda davom etayotgan mitinglar vaqtida Milliy assambleya spikeri, 35 yoshli muxolif siyosatchi Xuan Guaydo o‘zini o‘tish davri prezidenti sifatida e’lon qildi. Bir necha daqiqa o‘tib uni AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatning yangi prezidenti sifatida tan oldi. AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Maduroni hokimiyatni Guaydoga topshirishga chaqirdi.

Guaydoni birin-ketin Kanada, Braziliya, Paragvay, Peru, Kolumbiya, Chili, Ekvador, Kosta-Rika, Honduras, Gvatemala, Argentina, Gruziya, Albaniya, Ukraina, Daniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Ispaniya va Isroil kabi davlatlar yangi prezident sifatida tan oldi. Yevropa diplomatiyasi rahbari Federika Mogerini ham Yevroittifoq Guaydo hukumatini tan olishga tayyorligini bildirdi. YeI sakkiz kun muddat ichida Venesuelada muddatidan oldingi saylovlar o‘tkazish borasida ultimatum qo‘ydi (Yevropa kengashi rahbari Donald Tusk ham o‘z tvitterida «demokratik kuchlar»ni – ya’ni, Guaydoni qo‘llab-quvvatladi).

Rossiya, Xitoy, Turkiya, Meksika, Kuba, Boliviya, Eron, Nikaragua, Salvador, Urugvay, Suriya, Gretsiya va Belarus kabi davlatlar Maduroni yoqlab chiqishdi.

Maduro ro‘y bergan hodisalarda AQSh hukumatini aybladi va bu davlat bilan diplomatik munosabatlar uzilganini e’lon qilib, amerikalik diplomatlarga Venesuelani tark etish uchun 72 soat muddat berdi. Bu vaqtda esa Guaydo xorij davlatlarini Maduroning talablariga e’tibor qilmaslikka chaqirdi. AQSh Davlat departamenti bu talabni noqonuniy deb topdi. Venesuela Mudofaa vaziri Vladimir Padrino Lopes Maduroni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi va namoyishchilarni davlat to‘ntarishiga urinishda aybladi.

Mamlakatda bir haftadan buyon ommaviy namoyishlar davom etmoqda, mitingchilar armiya va politsiya vakillari bilan to‘qnashmoqda, o‘tgan vaqt ichida o‘nlab kishilar halok bo‘ldi, yuzlab kishilar qo‘lga olindi.

Bo‘linish
Armiya hozircha Maduro tomonda, lekin o‘tgan yillar davomida harbiylar bir necha marta unga qarshi isyon ko‘tarib, davlat to‘ntarishi amalga oshirishga uringandi (harbiylar o‘tgan yili ikki marta uning hayotiga suiqasd qilishgan, joriy yilning 21 yanvarida esa navbatdagi davlat to‘ntarishiga urinish bo‘lib o‘tgandi). Aholi Maduroni qo‘llab-quvvatlamasligi aniq (o‘tgan yil mayidagi saylovlarda u 68 foiz ovoz olib, g‘alaba qozongani e’lon qilingan bo‘lsa-da, bu raqam ishonarsiz) – mamlakatda yuzaga kelgan iqtisodiy va gumanitar halokat bir necha yildan buyon aholining noroziliklariga sabab bo‘lib kelmoqda. Giperinflyatsiya (o‘tgan yilda 2 million foiz), ishlab chiqarish to‘xtab qolgani, ishsizlik, oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar tanqisligi – bular barchasi vaziyatni og‘irlashtirishda davom etmoqda.

Datanálisis tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, Maduroni aholining atigi ⁠19 foizi qo‘llab-quvvatlaydi. 42 foiz respondent uning ag‘darilishini istaydi, so‘rovnomada qatnashganlarning uchdan bir qismi esa bu ish tashqi kuchlar bostirib kirishi orqali amalga oshishiga ham qarshi emas.

Venesueladan emigratsiya ko‘rsatkichlari 2014 yilda, BMT ma’lumotiga ko‘ra, 3 mln kishidan ortiqni tashkil qilgan (aholining 10 foizi). Venesuelaliklarning qochqinlarga aylanishi qo‘shni davlatlar uchun jiddiy boshog‘riqqa aylangan, shu tufayli Lotin Amerikasi davlatlarining aksar qismi Maduro rejimiga qarshi kayfiyatda. Venesuelada anchadan buyon mamlakat hududiga AQSh qo‘shinlari kiritilishi haqida mish-mishlar yuradi, Kolumbiya va Braziliya 2018 yilda harbiylarini Venesuela chegaralariga keltirib qo‘ygan.

AQSh, Yevropa Ittifoqi va Lotin Amerikasining bir qator davlatlari, masalan, Braziliya va Kolumbiya Maduroga qarshi sanksiyalar qo‘llagan. 2018 yil boshida Lotin Amerikasining 10dan ortiq davlati hamda Kanada Maduroni o‘z ixtiyori bilan hokimiyatni Milliy assambleyaga topshirishga chaqirgan (Venesuela parlamenti 2015 yildan buyon muxolifat qo‘liga o‘tgan, ammo Maduro 2017 yilda o‘ziga yangi parlament – Konstitutsiyaviy assambleya tuzib olgan).

Venesuela o‘z qarz majburiyatlari yuzasidan defolt e’lon qilgan va Amerikaning neft qazib olish ishlari bilan shug‘ullanuvchi Citgo kompaniyasining faqat PDVSA shirkatidagi 2,5 mlrd dollarlik yevroobligatsiyalarini qaytaradi. Citgo aksiyalarining 49,9 foizlik ulushi Rosneft tomonidan 2016 yili berilgan 1,5 mlrd dollar miqdoridagi kredit bilan kafolatlangan.

Maduroga keyingi vaqtlarda Xitoy, Rossiya va Turkiya tomonidan iqtisodiy yordamlar ko‘rsatilgan. Maduro o‘tgan yil oxirida Pekin va Moskvaga tashriflarni amalga oshirgandi. Vladimir Putin bilan uchrashuv yakunida u Rossiya Venesuelaning neft sanoatiga 5 mlrd dollardan ortiq mablag‘ni investitsiya qilishi haqida gapirgandi. Shuningdek, Rossiya tomonidan boshqa sektorga, masalan oltinni qazib olish ishlariga hamda 600 ming tonnadan ortiq bug‘doy yetishtirish uchun jami 1 mlrd dollardan ortiq investitsiya qilishi aytilgandi. O‘z navbatida, Putin Venesuelaga tashqi ta’sir o‘tkazilishini qattiq qoralab o‘tgandi. O‘tgan yilning noyabrida Karakasda Rossiya hukumati delegatsiya bo‘lgan va Venesuela iqtisodini qutqarish rejasi ishlab chiqilgandi, dekabrda esa Rossiya Venesuelaga namoyishkorona tarzda Tu-160 strategik bombardimonchi samolyotlarni yo‘llagandi, Maduro mamlakat hududida rossiyaliklarning harbiy bazasi ochilishiga ishora qilgandi.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, 2006 yildan buyon Rossiya hukumati va Rosneft Karakasga kamida 17 mlrd dollar miqdorida kredit ajratgan. Xitoy esa undan ham ko‘proq – 2018 yildan buyon 70 mlrd dollardan ortiqroq. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Maduroni telefon qo‘ng‘irog‘i orqali qo‘llab-quvvatladi. Xitoy va Rossiya tezda reaksiya bildirmadi. Rossiya davlat nashrlari bu masalada ehtiyotkorlik bilan xabarlar berishdi, TIV rasmiysi Mariya Zaxarova va boshqa bir necha rossiyalik senatorlar Venesueladagi namoyishlarni tanqid qilib chiqishdi. 24 yanvar kuni Rossiya davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin – Nikolas Maduroni hokimiyatdan chetlatish - qonunsizlik bo‘lishi haqida gapirdi.

Investorlar Venesueladagi voqealarni ko‘tarinkilik bilan qarshilashdi: 2038 va 2027 yillarda qaytarilishi ko‘rsatilgan Venesuela yevrobondlari narxi 11 foizga o‘sdi. Neft bozorida esa narxning keskin tushishi kuzatildi: Brent kotirovkalari 2 dollarga quladi. Shunday bo‘lishi tabiiy edi, muxolifat g‘alaba qozonadigan taqdirda – neft qazib olish hajmi tiklanishi tezlashadi (BMT ma’lumotiga ko‘ra, dunyodagi eng katta neft zaxiralariga ega bo‘lgan Venesuelada 2017 yilda kuniga 1,91 million barrel neft qazib olingan, 2018 yil dekabrida esa bu miqdor kuniga 1,41 million barrelgacha pasaygan.

Voqealar rivoji
Namoyishchilar o‘z yetakchisiga ega. Bu namoyishlar Kiyevdagi Maydan voqealari yoki o‘tgan yilning bahorida Yerevandagi namoyishlar kabi muvaffaqiyatli yakunlanishi ehtimoli yuqori. Chunki, namoyishlar davom etsa venesuelalik harbiylar o‘z vatandoshlari (namoyishchilar orasida albatta har bir venesuelalik askarning yaqinlari topiladi) tomon o‘q uzishdan bosh tortishi mumkin. Guaydo esa tinmay ularni xalq tomoniga o‘tishga chorlamoqda. Armiya hali o‘z javobini aytgani yo‘q: harbiylar namoyishchilar tomoniga o‘tgani ham yo‘q, namoyishlar bostirilmayapti ham.

Venesuelaning ittifoqchilari bo‘lmish Rossiya va Xitoy esa Maduro rejimini qo‘llamoqda. 26 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan BMTning favqulodda yig‘ilishi vaqtida bu ikki davlat AQSh tomonidan taklif qilingan, Nikolas Maduroni hokimiyatdan chetlatish ko‘zda tutilgan rezolyutsiyaga veto qo‘ydi. Rossiya va Xitoy tomoni buni boshqa davlatning ichki ishiga aralashish sifatida baholamoqda.

Agar G‘arb davlatlari Venesuelada hokimiyatni o‘zgartirish ahdida qat’iy tursa, Rossiya nima qila oladi? AQSh bilan savdo urushi olib borayotgan Xitoyning qarori qanday bo‘ladi?

Agar muxolifat g‘alaba qozonsa, Rossiya va Xitoy qiyin ahvolda qoladi. Lekin Xitoy tomoni muxolifatchilarga shart qo‘yib, o‘zi bergan kreditlar qaytarilishiga kafolat olib, yon berishi ham mumkin. Rossiya esa AQShning «burni ostidagi» ittifoqchini yo‘qotish, bu orqali ham siyosiy ham iqtisodiy hamkoridan ayrilishni aslo istamaydi, Rossiya Janubiy Amerikaga «vagnerchilar»ni yo‘llab, bu mamlakatda fuqarolar urushi boshlanib ketishi ham mumkin (OAV ma’lumotiga ko‘ra, «Vagner» guruhining 400 nafar harbiysi Maduroni himoya qilish uchun Karakasga yetib borgan, RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa bu ma’lumotni rad etdi va «qo‘rqib ketishganidan ularning ko‘ziga shunday ko‘ringani» haqida aytib, kinoya qildi.

AQSh bu vaziyatda, muxolifat g‘alaba qozongan taqdirda, «bir o‘q bilan ikki quyonni urishi» mumkin. Bir tomondan Venesuela neftlarini qo‘lga kiritishi, ikkinchi tomondan Maduroni ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlayotgan Rossiyani yangi sanksiyalar botqog‘iga botirishi mumkin.

Venesuela - jahondagi neftga eng boy davlat. Bu mamlakat zaxiralari 300 mlrd barreldan oshadi - bu Saudiya Arabistoni zaminidagi «qora oltin»dan ko‘p (266 mlrd), bu Iroq yoki Eronning zaxiralaridan ikki barobar ortiq.

Shundan kelib chiqqan holda, Venesuela jahon neft bozorida asosiy regulyatorlardan biridir. Ayni vaqtda dunyoda eng ko‘p neft zaxiralariga ega bo‘lgan 10 davlatdan 2tasi - AQSh (39 mlrd barrel, 10-o‘rin) hamda Rossiya (80 mlrd barrel, 8-o‘rin) shu o‘nlikdagi davlatlarni ta’sir doiralari orqali «bo‘lib olgan». Saudiya Arabistoni (266, 4 mlrd barrel, 2-o‘rin), Kanada (169,7 mlrd barrel, 3-o‘rin), Iroq (142,5 mlrd barrel, 5-o‘rin), Kuvayt (101,5 mlrd barrel, 6-o‘rin) va BAA (97 mlrd barrel, 7-o‘rin) AQSh bilan «do‘st». Venesuela (300,8 mlrd barrel, 1-o‘rin) va Eron (158,4 mlrd barrel) Rossiya bilan hamkor, fuqarolik urushi holatidagi Liviyada (48 mlrd barrel, 9-o‘rin) ham Rossiyaning ta’siri kattaroq.

Shu tufayli, agar Venesuelada hukumat o‘zgarsa, bu Rossiyaning siyosiy mavqesiga ham, iqtisodiy holatiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Venesuela voqealari. Rossiya va Xitoyning manfaati nimada?